Kecha Prezident mukofotlagan jurnalist bugun vafot etdi

Madaniyat-san’at

image

O‘zbekiston milliy matbuoti faxriysi, taniqli jurnalist va adiba Farida Usmonova 100 yoshida vafot etdi. Bu haqda Jurnalistlar ijodiy uyushmasi xabar berdi.

Farida Usmonova 1921 yil 23 yanvarda Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. 1957 yilda Toshkent davlat pedagogika institutini tamomlagan. U mehnat faoliyatining asosiy qismini Toshkent viloyatining “Toshkent haqiqati” gazetasida o‘tgan edi. Uning o‘ndan ortiq badiiy-publitsistik kitoblari, dramatik asarlari o‘quvchilariga yetib borgan.  

Taniqli jurnalist Farida Usmonova uzoq yillar davomida o‘zbek matbuotida mehnat qilgan. Qalbi daryo insonlar haqida ko‘plab ocherklar yozgan. Uning “Bahor malikasi”, “Inson qadri”, “Mehri daryolar” singari risolalari e’lon qilingan. Adibaning “Dil faryodi” romani, “Qiz kelin” qissasi chop etilgan. “Sinov”, “Ona bag‘ri” dramalari sahnalashtirilgan.

Farida Usmonova 2021 yilning 23 yanvar kuni 100 yoshni qarshilagandi. U kecha, 25 iyun kuni Prezident farmoni bilan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Janoza bugun, 26 iyun kuni Qibray tumani Alisherobod mahallasida peshin namozidan so‘ng o‘qiladi. Marhuma Yalang‘och qabristoniga dafn etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

753

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing