Jurnalist “davlatga xiyonat”da ayblanib, 22 yilga qamaldi

Olam

image

Bugun, 5 sentyabr kuni Moskva shahar sudi “Roskosmos” rahbari maslahatchisi, “Kommersant” va “Vedomosti” gazetalarining sobiq muxbiri Ivan Safronovni davlatga xiyonatda aybdor deb topdi. Bu haqda sud zalidan TASS muxbiri xabar berdi. 

“Safronov Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 275-moddasi (“Xiyonat”)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilsin”, deya sudya hukmni e’lon qilgan. 

Sud hukmiga muvofiq Safronov 22 yil ozodlikdan mahrum etildi. U muddatini qattiq rejimdagi koloniyada o‘taydi. TASS muxbirining sud zalidan xabar berishicha, bu hukm so‘nggi yillarda Rossiya sudlari amaliyotida ushbu modda bo‘yicha eng og‘ir jazoga aylandi. 

“Safronovga 22 yilga qattiq rejimli koloniyaga hukm qilindi, 500 ming rubl miqdorida jarima, jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin ikki yil ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi", deydi sudya. 

Safronov sudyaning savoliga javob berar ekan, hukm o‘zi uchun tushunarli ekanini aytgan.  

Sudlanuvchini qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan 50 ga yaqin kishi hukmni “Ozodlik!”, “To‘xtang!”degan nidolar bilan qarshi olgan. Safronov bunga javoban "Men sizlarni yaxshi ko‘raman!" deb baqirgan va sud zalidan konvoy yordamida olib chiqib ketilgan. 

Tomonlar bahsida davlat ayblovi ayblanuvchini 500 ming rubl miqdorida jarima bilan qattiq rejimdagi koloniyaga 24 yilga ozodlikdan mahrum etishni so‘ragan. U aybini tan olmagan. Himoya tomoni oqlov hukmini talab qilgan. 

Advokat Dmitriy Katchevning aytishicha, himoyachi hukm ustidan shikoyat qiladi.

“Himoya tomoni hukm ustidan shikoyat qilmoqda, biz Safronovning aybsizligini ta’kidlaymiz”, deydi advokat. 

Himoyachi Safronovga xizmat vazifasini bajargani uchun 22 yil qamoq jazosi berilganini “noxolis” deb atadi. 

“Rossiyadagi har bir jurnalist endi shu kasbda qolishi kerakmi yoki yo‘q, buni o‘ylashi kerak”,  - deydi huquqshunos.

Ivan Safronov haqida nima ma’lum?

Ivan Ivanovich Safronov 1990 yil 18 mayda Moskvada tug‘ilgan. U 2010 yilda Oliy Iqtisodiyot maktabining jurnalistika fakultetini tamomlagan. 2010-2019 yillarda "Kommersant" muxbiri va maxsus muxbiri, 2019-2020 yillarda "Vedomosti" gazetasining maxsus muxbiri bo‘lgan. U harbiy-sanoat kompleksi va kosmik sanoat, shuningdek, harbiy va harbiy-texnik hamkorlikka oid materiallarni nashr etgan. 2020 yilning may oyida Ivan Safronov “Roskosmos” davlat korporatsiyasi bosh direktori Dmitriy Rogozinning axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangan.

Ivan Safronovning hibsga olinishi

2020 yil 7 iyul kuni ertalab Ivan Safronov Federal xavfsizlik xizmati tomonidan Moskvada hibsga olingan. Departamentning rasmiy sharhida qayd etilishicha, Safronov NATO maxsus xizmatlaridan birining topshiriqlarini bajarib, Rossiya Federatsiyasining harbiy-texnikaviy hamkorlik, mudofaa va xavfsizligi to‘g‘risidagi davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plagan va uning vakiliga bergan.

Roskosmos rahbari Dmitriy Rogozin maslahatchi maxfiy ma’lumotlarga kirish imkoniga ega emasligini aytdi. Ivan Safronovga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 275-moddasi (“davlatga xiyonat”) bilan ish qo‘zg‘atilgan. 7 iyul kuni kechqurun Moskvaning Lefortovo sudi qarori bilan Ivan Safronov ikki oyga hibsga olindi. Keyinchalik uning qamoq muddati bir necha bor uzaytirildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

455

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing