JSST 12 davlatdagi bolalarda noma’lum gepatit aniqlanganini e’lon qildi

Salomatlik

image

Dunyoning 12 ta mamlakatidagi bolalarda kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan 170 ga yaqin o‘tkir gepatit holatlari qayd etildi, ulardan biri vafot etgan. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lum qildi.

“2022 yil 21 aprel holatiga ko‘ra, JSSTning Yevropa mintaqasidagi 11 va Amerika mintaqasining bir davlatida kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan kamida 169 ta o‘tkir gepatit holati qayd etilgan”, deyiladi tashkilot bayonotida.

Bolalarda o‘tkir gepatitning 114 holati Buyuk Britaniyada, Ispaniyada 13, Isroilda 12, AQSHda to‘qqizta va Daniyada oltitasi qayd etilgan. Irlandiyada beshdan kam, Italiya va Gollandiyada to‘rttadan, Norvegiya va Fransiyada ikkitadan, Ruminiya va Belgiyada bittadan holatlar aniqlangan.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, bemorlarning yoshi bir oydan 16 yoshgacha bo‘lgan. Bemorlarning taxminan 10 foizi jigar transplantatsiyasini talab qiladi. Kamida bitta o‘lim haqida ma’lumot bor.

JSST ushbu holatlarning hech birida A, B, C, E va D turdagi gepatit viruslari aniqlanmaganini bildirgan. Kamida 74 ta holatda adenovirus aniqlangan, molekulyar tekshiruv vaqtida esa 18 kishida F guruhi (41-toifa) adenovirusi aniqlangan. 

“Testdan o‘tganlar orasida 20 ta holatda SARS-CoV-2 aniqlangan. Bundan tashqari, 19 kishida SARS-CoV-2 va adenovirus koinfeksiyasi aniqlangan”, deyiladi tashkilot xabarida.

Tashkilot adenovirus va boshqa keng tarqalgan infeksiyalarning oldini olish bo‘yicha umumiy chora-tadbirlar qo‘llarni muntazam yuvish va nafas olish gigiyenasini o‘z ichiga olishini ta’kidlagan. JSSTga a’zo mamlakatlarga bolalarda o‘tkir gepatit holatlarini tekshirish va xabar berish tavsiya etilgan. Shu bilan birga, JSST Buyuk Britaniya yoki o‘tkir gepatit holatlari aniqlangan boshqa mamlakatlar bilan sayohat yoki savdoga cheklovlar qo‘yishni tavsiya qilmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

175

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing