JSST maymun chechagi nomini o‘zgartirmoqchi

Olam

image

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maymun chechagi virusi nomini o‘zgartirmoqchi. Buning uchun  dunyo mutaxassislari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bu haqda JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyesus aytib o‘tdi. 

“Biz imkon qadar tezroq yangi nomni e’lon qilamiz. Maymun chechagining tez tarqalayotgani g‘ayrioddiy va bu holat ko‘pchilikni xavotirga solmoqda”, deydi u.

Gebreyesusga ko‘ra, ortopoksviruslar (maymun chechagi mansub bo‘lgan oila) bo‘yicha mutaxassislarga to‘g‘riroq nom topish uchun murojaat qilinmoqda. 

Shuningdek, JSST rahbari cho‘chqa va parranda grippi kabi nomli viruslar ham tashkilot tavsiyalariga to‘g‘ri kelmasligini aytib o‘tgan. 

JSST infeksiyalar terminologiyasida hayvonlarning nomlari, geografik mintaqalar, odamlar, madaniy manbalar va boshqa tushunchalardan foydalanishni maslahat bermaydi. Biroq tashkilot hamon "maymun chechagi" nomidan foydalanadi, chunki ushbu virus birinchi marta 1958 yilda Daniya laboratoriyasida maymunlarda aniqlangan. Maymun chechagi bilan kasallangan birinchi odam esa oradan 12 yil o‘tib, 1970 yilda Kongoda qayd etilgan.

Virus bilan kasallanish holati ko‘pincha Afrikada aniqlangan. Qit’adan tashqarida birinchi holatlar 2003 yilda AQSHda, oxirgisi esa Nigeriyada 2017 yilda aniqlangan. 

Shundan so‘ng, faqatgina joriy yilning may oyi boshida Buyuk Britaniya Milliy sog‘liqni saqlash xizmati Nigeriyadan qaytgan odamda maymun chechagi aniqlangani haqida xabar bergan edi, 20 mayga qadar 80 kishida infeksiya aniqlangan, yana 50 ta holat tekshiruv holatida bo‘lgan. Keyinchalik boshqa davlatlar, jumladan, Avstraliya, Belgiya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Shvetsiya, AQSH, BAA va boshqalarda ushbu virusni yuqtirish holatlari qayd etila boshladi.

Iyun oyi boshida Afrikadan tashqarida kasallanganlar soni 1000 ta holatdan oshdi, JSST "vaziyat izdan chiqmaguncha" kutmaslik uchun himoya choralari bo‘yicha favqulodda qo‘mitani chaqirishga qaror qildi.

Shuningdek, iyun oyi boshida 30 nafar afrikalik olimlar virus terminologiyasini zudlik bilan o‘zgartirishni talab qilgan. Chunki ommaviy axborot vositalarida virus tarqalishini tasvirlash uchun afrikaliklarning suratlaridan foydalanish keng tarqaldi. 

Ma’lumot o‘rnida, maymun chechagi kam uchraydigan virusli kasallik bo‘lib, asosan yovvoyi hayvonlardan odamlarga yuqadi. Kasallikning belgilari isitma, bosh og‘rig‘i, mushak og‘rig‘i, bel og‘rig‘i, limfa tugunlari shishishi, titroq va charchoqni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, yuz va tananing boshqa qismlarida teri toshmasi ham paydo bo‘lishi mumkin. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, maymun chechagi epidemiyasi uchun o‘lim darajasi odatda 1 foizdan 10 foizgacha, o‘limning aksariyati yosh guruhlarda sodir bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

52

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing