JSST bolalarning yo‘tal siropidan o‘lganini tergov qilmoqda – “Reuters”

Salomatlik

image

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) yo‘tal siropidan kamida uchta davlatda – Gambiya, Indoneziya hamda O‘zbekistonda 300 nafar bola o‘lganini ochiladi. Tashkilot holat yuzasidan tergov o‘tkazmoqda. Bu haqda "Reuters" agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, yo‘tal siroplaridan dastlab 2022 yilning iyul oyida buyragi zararlangani ortidan Gambiyada bolalar vafot eta boshlagan. Keyinroq esa bunday holatlar Indoneziya va O‘zbekistonda kuzatilgan. Manba JSST bolalarning o‘limiga sabab bo‘lgan siroplar Hindiston va Indoneziyadagi jami olti shirkat qanday xom ashyoni qo‘llagani to‘g‘risidagi aniq ma’lumotlarni qidirmoqda. Lekin tashkilot ishlab chiqaruvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ochiqlamagan. Shunday bo‘lsa-da JSST yo‘talga qarshi siropda dietilenglikol yoki etilenglikol toksinlari ishlatilgan bo‘lishi mumkinligi va aynan o‘sha moddalar bolalar o‘limiga sabab bo‘lganini taxmin qilmoqda.

“JSST siroplarni Hindiston va Indoneziyada olti shirkat ishlab chiqarganini aniqlagan. Ishlab chiqaruvchilar tergov yuzasidan sharh berishdan bosh tortganlar yoki toksinlarni qo‘llaganini inkor etganlar. Reuters JSST tergov o‘tkazayotgan shirkatlar dori ishlab chiqarishda qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ygani to‘g‘risidagi dalil-isbotlarga ega emas”, deyiladi "Reuters" agentligining xabarida.

Shuningdek, Agentlik JSST 23 yanvar kuni bolalar o‘limiga sabab bo‘lgan siroplar Kamboja, Filippin, Shimoliy Timor va Senegalda ham sotilgan bo‘lishi ehtimolini e’tibordan soqit qilmaganini, endilikda tergov mazkur mamlakatlarda ham o‘tkazilishini ta’kidlagan.

“JSST barcha davlatlarni va jahon farmatsevtika sanoatini sifatsiz dorilarni aniqlab, yo‘q qilishga chaqirdi.
Farmatsevtika sanoati va assotsiatsiyalarining xalqaro federatsiyasi (IFPMA) 25 yanvar kuni “JSST tavsiyalari asosida milliy va xalqaro prinsiplar asosida choralar ko‘rila boshlangani”ni ma’lum qildi”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

Qolaversa, 25 yanvarda o‘tgan matbuot anjumanida JSSTning dori-darmon ta’minoti bo‘yicha boshqarmasi direktori vazifasini bajaruvchi Xanan Balxi mazkur siroplardan jahonda yana ko‘plab bolalar halok bo‘lishi mumkinligidan tashvish bildirgan.

“Biz bilmagan holda yana ko‘plab bolalar mazkur dorilarning salbiy ta’siri ostida bo‘lishi mumkin”, degan Balxi bolalar o‘limiga sabab bo‘lgan siroplarni ishlab chiqaruvchilar va tarqatuvchilar o‘z faoliyati haqida shaffof ma’lumotlarni berishi zarur ekanini ta’kidlab.

Ma’lumot uchun, JSST 2022 yilning oktyabrida va yanvar oyi boshlarida Hindistonning “Maiden Pharmaceuticals” va “Marion Biotech” shirkatlarida ishlab chiqarilgan yo‘talga qarshi siroplarni iste’mol qilmaslik to‘g‘risida jahon davlatlarini ogohlantirgan edi. JSST bu shirkatlarda ishlab chiqarilgan siroplar Gambiya va O‘zbekistonda bolalar o‘limiga sabab bo‘lganini bildirgan. Shundan so‘ng “Maiden Pharmaceuticals” va “Marion Biotech” shirkatlari faoliyati to‘xtatib qo‘yilgandi.  Biroq 2022 yilning dekabrida Hindiston hukumati “Maiden Pharmaceuticals”ishlab chiqargan dorilarda muammolar borligini rad etib, dori vositalarining hech qanday nojo‘ya ta’sirlari aniqlanmaganini e’lon qildi. Shu sababli hozirda “Maiden Pharmaceuticals” kompaniyasi o‘z faoliyatini qaytadan yo‘lga qo‘ymoqchi.

"Reuters" agentligining ta’kidlashicha, ushbu korxona dekabr oyida dori ishlab chiqarishda hech qanday qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmagani aytib, nashrga ma’lumot taqdim etgan. Lekin korxona ijrochi direktori Naresh Kumar Goyal 25 yanvarda JSSTning tergovi yuzasidan agentlikka sharh bera olmasligini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari "Reuters" agentligi “Marion Biotech” shirkati bilan ham muntazam ravishda bog‘lanishga urinayotganini aytmoqda. Lekin korxona nashr savollarini javobsiz qoldirgan. “Marion Biotech” avvalroq Hindistonning Uttar-Pradesh shtati hukumatiga jo‘natgan maktubida“Hindiston va shirkat obro‘sini to‘kish maqsadida bizni o‘limlarda ayblashmoqda”,deb yozgan.

JSST o‘tgan yilning oktyabrida ham Indoneziyaning “PT Yarindo Farmatama”, “PT Universal Pharmaceutical”, “PT Konimex”, “PT AFI Farma” shirkatlarida ishlab chiqarilgan yo‘talga qarshi siroplarni qo‘llamaslik haqida ogohlantirgan.
"Reuters" agentligining “PT Yarindo Farmatama”, “PT Konimex” va “PT AFI Farma” korxonalari bilan bog‘lanishga urinishlari samarasiz yakunlaib, ular savollarni javobsiz qoldirgan.

Biroq “PT Universal Pharmaceutical” yuristi bilan muloqot qilishga erishgan agentlik shirkat yo‘talga qarshi ishlab chiqargan barcha siroplarini dorixonalardan chaqirtirib olgani haqidagi ma’lumotga ega bo‘lgan.

“Ta’minotchilarni ta’qib qilish kerak, ular haqiqiy jinoyatchi. Aynan ular xom ashyo to‘g‘risidagi hujjatlarni soxtalashtirmoqda”, -deya intervyu bergan yurist Xutagalung.

Ammo korxona yuristi birorta ta’minotchini aytmagan va ularning aybdorligi yuzasidan hujjatlarni taqdim etmagan.
JSST bayonotida aytilishicha, yo‘talga qarshi siroplarda dietilenglikol va etilenglikol moddalari bo‘lgan. Bu moddalar sanoatda antifrizlar va suyuqlantiruvchilar sifatida ishlatiladi. JSST ta’kidicha, bu moddalar eng kam miqdorda iste’mol qilinganida ham odam o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin.

Hindiston korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” preparati sabab bugungi kunda O‘zbekistonda jami 20 nafar bola vafot etgan.
Ayni paytda holat bo‘yicha DXX Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax Medikal” MCHJ hamda “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” mutasaddilariga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.

Eslatib o‘tamiz, mazkur yo‘tal dorini ya’ni “Dok-1 Max” siropini O‘zbekistonga olib kirgan “QURAMAX MEDICAL” MCHJning litsenziyasi ham 13 yanvar kuni bekor qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing