JSST Hindistonning yana bir dorisidan ogohlantirdi
Salomatlik
−
24 fevral 2023 22243 2 daqiqa
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Hindistonning “Galentic Pharma Pvt. Ltd.” kompaniyasi ishlab chiqargan oftalmologiyada qo‘llaniladigan “Tetratsiklin gidroxloridi USP 1%” surtma dori preparati turli mamlakatlarga har xil markirovka yorlig‘i ostida yetkazib berilgani, shuningdek, ba’zi partiyalarda bir qator sifat muammolari borligini ma’lum qildi. Mazkur dori preparatini ehtiyotkorlik yuzasidan qo‘llamaslikni tavsiya etdi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazining ma’lum qilishicha, “Tetratsiklin gidroxloridi USP 1%” dori preparati O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan.

Ushbu dori vositasi odatda qo‘z qizarganda, shishganda, qichishish kabi allergik belgilar kuzatilgan, bakterial kon’yunktivit (ko‘zning yoshlanishi, qizarishi va qichishi), bakterial keratit (ko‘z shox pardasining yallig‘lanishi va traxoma) holatlarida tavsiya qilinadi. U ayniqsa, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga profilaktika chorasi sifatida qo‘llaniladi.

JSSTga ko‘ra, mahsulotning beshta xalqaro xaridori o‘zida mavjud bo‘lgan zaxira namunalarini mustaqil ravishda vizual tekshirgan va ushbu ogohlantirishda ko‘rsatilgan dori vositasi sifatiga tegishli bir qator muammolarni aniqlagan. Masalan, rangi, o‘lchami va zarralari, qopqoqda va har bir naycha ichidagi malhamda shakli o‘zgargan, nayning ichki folga qatlamida qora va jigarrang dog‘lar mavjud bo‘lgan. Bu kabi muammolar turli partiya namunalarida har xil ko‘rinishda bo‘lgan.
Ishlab chiqaruvchi bir nechta partiyalarni ixtiyoriy ravishda qaytarib olishni boshlagan.
Hozirgi vaqtda “Tetratsiklin gidroxloridi USP 1%”ning zararlangan partiyalaridan biron bir nojo‘ya ta’sirlar haqida aniq dalillar yo‘q. Ko‘zlarning qizarishi va shishishi tetratsiklin ko‘z malhamidan umumiy foydalanishda tez-tez uchraydigan reaksiyalardir. Yuqorida aytib o‘tilgan sifat muammolari mahsulot yorlig‘ida ko‘rsatilmagan noxush hodisalarga olib kelishi mumkinligi haqida hozircha hech qanday ma’lumot yo‘q.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 55 mamlakat zararlangan partiyalarni qabul qilgan.
JSST ushbu mahsulotning zararlangan partiyalari ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar va mintaqalarning ta’minot zanjirlarida kuzatuv va nazoratni kuchaytirishni talab qiladi. Norasmiy/tartibga solinmagan bozor ustidan nazoratni kuchaytirish ham tavsiya etiladi.
Milliy tartibga solish/sog‘liqni saqlash organlariga mahsulotning zararlangan partiyalaridan birortasi mamlakatda aniqlangan taqdirda darhol JSSTni xabardor qilish tavsiya etiladi.
Live
Barchasi