Jonson lokdaunda ziyofat uyushtirgani uchun jarima to‘ladi
Olam
−
13 aprel 2022
6201Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson 2020 yilning may oyida karantin qoidalarini buzgani uchun jarimaga tortildi. U lokdaun vaqtida tug‘ilgan kuni sharafiga bo‘lib o‘tgan tadbirda ishtirok etgan. Bu haqda RBK xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bosh vazir Londonda joylashgan Dauning ko‘chasidagi Bosh vazir qarorgohining bog‘ida o‘tkazilgan ziyofatda qatnashganini tasdiqlagan. Ziyofat Boris Jonsonning tug‘ilgan kuni sharafiga bo‘lib o‘tgan. Natijada Jonson bilan bir qatorda 50 dan ortiq kishi ham jarimaga tortilgan. Jarima miqdori qancha bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan.
Shuningdek, Bosh vazir mazkur qoidabuzarlik uchun uzr so‘ragan va xalq mazkur holatdan norozi bo‘lganini tushunishini bildirgan.
“Fuqarolarni himoya qilish uchun men tomonimdan boshqariladigan hukumatning o‘rnatgan qoidalariga o‘zim rioya qilmaganligim uchun ko‘pchilikning norozilik tuyg‘ularini tushunib turibman. Men jarimani to‘ladim va kechirim so‘rayman”, deydi Jonson.
Jonson o‘sha kun haqida gapirar ekan, “bu qoidalarni buzishi hayoliga ham kelmaganini” ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Dauning ko‘chasidagi “qisqa yig‘ilish” o‘n daqiqadan ko‘proqqa cho‘zilmagan. Shu bilan birga, politsiya ushbu tadbir koronavirusga qarshi qoidalarni buzganini aniqlagan va Jonson “tergov natijalarini to‘liq hurmat qilishini” aytgan.
Ma’lumot uchun, yanvar oyida London politsiyasi COVID’ga qarshi kurash qoidalarini buzgan kamida 12 yig‘ilish bo‘yicha tergov boshladi va bugun ular taniqli siyosatchilarga nisbatan 50 ta jarima solgani ma’lum bo‘ldi. Jonsondan tashqari, Moliya vaziri Rishi Sunak va va Bosh vazirning rafiqasi ham jarimaga tortilgan.
O‘tgan yili — ayni karantin vaqtida Dauning ko‘chasidagi bazm mojarosi butun mamlakat bo‘ylab avj oldi. Bosh vazirga tanqidlar bo‘roni yog‘ildi. Hatto Jonson lavozimini yo‘qotishi ham mumkin edi. Vaziyat 2021 yil 16 aprelda – Buyuk Britaniyada milliy motam e’lon qilingan shahzoda Filippning dafn marosimi arafasida yana ikkita ziyofat bo‘lib o‘tgani ma’lum bo‘lgach, yanada keskinlashdi. Keyin qirolicha Yelizaveta II cherkovdagi xotira marosimida yolg‘iz o‘tirishga majbur bo‘ldi. Vazirlar Mahkamasi qirol oilasidan kechirim so‘radi.
Britaniya jamoatchiligi, muxolifat partiyalar ushbu qoidabuzarlik ortidan kansler va Bosh vazirni o‘z lavozimini tark etishga chaqirdi, biroq ular buni rad etdi. “Jarima tufayli iste’foga chiqasizmi?”, degan savolga Bosh vazir o‘z vakolatini bajarishda davom etishni xohlashini aytdi.
“Men o‘z vakolatimni bajarishda va mamlakatdagi muammolarni hal qilishda davom etishni xohlayman”, deydi Jonson.
LiveBarchasi