Johil (3-qism). Bolalar terisidan sumka, odam yog‘idan sovun yoxud Gitlerning o‘lim lageri
Bu qiziq
−
27 dekabr 2021
42232“Agar urushda g‘alaba qilsam, men tarixdagi eng buyuklardan biriga aylanaman. Biroq muvaffaqiyatsizlikka uchraydigan bo‘lsam, meni o‘limga hukm qilishadi, rad etadilar va la’natlaydilar”.
Uchinchi reyx Fyureri Adolf Gitler
Demokratiya – erkinlikning bir ko‘rinishi. U odamga erkin so‘zlash, davlatdagi siyosiy jarayonlarga bemalol aralashish va farovon hayotni taqdim etishi mumkin. Lekin Germaniyada demokratiya insonlarga go‘zal hayotni emas, balki fashizmni, zulm va eng dahshatlisi Ikkinchi jahon urushini berdi.
Kuni kecha e’lon qilingan “Johil (2-qism). Fashizmning kuchga to‘lishi yoxud iblis saltanati” nomli maqolamizda Adolf Gitler qanday qilib hokimiyat tepasiga chiqqani haqida ma’lumot bergan edik. Navbatdagi tarixiy faktlarga asoslangan maqolamizda Fyurer olib borgan tashqi siyosat, Gitler yahudiylarni nima uchun qirgani va uning o‘limi haqidagi faktlar to‘g‘risida so‘z yuritamiz.
Tashqi siyosatning uch davri
Adolf Gitler olib borgan tashqi siyosatni uch davrga bo‘lish mumkin.
Birinchi davr – 1933-1936 yillarni o‘z ichiga oladi. Bu davrda Fyurer o‘zini “beozor” ko‘rsatib, AQSH va Buyuk Britaniya bilan yaxshi aloqalar o‘rnatdi. Buning natijasida Versal shartnomasi amalda inkor etildi. 1936 yilda o‘tkazilgan Berlin olimpiadasi bunga yaqqol misol. Ammo bu harakatlar tubida Germaniya Birinchi jahon urushidagi mag‘lubiyat uchun qasos olishga hozirlanayotgan edi. 1935 yildan boshlab Germaniyada umumiy harbiy majburiyat joriy etildi va Sar viloyati (1919 yil Versal shartnomasiga ko‘ra, Sar viloyati 15 yil muddatga Millatlar Ittifoqi boshqaruviga berilgan) qaytarib olindi. 1935 yil 30 iyun kuni Germaniya va Buyuk Britaniya o‘rtasida dengiz bitimi imzolandi. Unga ko‘ra, Germaniya Buyuk Britaniya dengiz flotining 3/1 qismiga teng miqdorda dengiz floti tuzish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Ikkinchi davr – 1936-1939 yillarni qamrab oladi. Bu davrda har tomonlama kuchga to‘lgan Gitler turli hududlarga da’vo qildi. Bu bilan Fyurer bo‘lajak urushga tranpilin yaratdi. Xususan, 1936 yilning noyabr oyida Germaniya va Yaponiya o‘rtasida “Antikomintern pakti” imzolandi. Bir yildan so‘ng bu paktga Italiya qo‘shildi. Shu tariqa Berlin–Rim–Tokio uchta agressiv davlat ittifoqi vujudga keldi. Gitler o‘z qurbonlarini g‘aflatda qoldirish uchun yolg‘ondan keng foydalandi. 1938 yil Avstriya Germaniya tarkibiga qo‘shib olindi. Kun sayin ishtahasi o‘sib borgan Gitler Chexoslovakiyaning Sudet viloyatini talab qildi. 1938 yil imzolangan “Myunxen” shartnomasiga ko‘ra, Sudet Germaniyaga berildi.
Uchinchi davr – 1939-1945 yillarni o‘z ichiga oladi. Ushbu davr Ikkinchi jahon urushining boshlanishi va Germaniyaning mag‘lubiyatini qamrab oladi.
Gitler nega yahudiylarni qirgan?
“Fyurer nima uchun yahudiylarni yomon ko‘rgan”, degan savolga tarixchilar turlicha javob berishadi. Xususan, bir guruh tarixchilar “Gitler nemis millatini eng oliy irq darajasiga ko‘tarmoqchi edi, shu sababdan yahudiylarni qirgan”, deya ta’kidlaydilar. Chunki yahudiylar o‘zlarini eng oliy (tanlangan) irq deb bilishgan.
“Gitler yoshlik vaqtida yahudiylar uning ustida tajriba sinovi o‘tkazgan, shu sababli Fyurer yahudiylarni yomon ko‘radi”, degan turli xil mish-mish gaplar ham uchraydi. Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, Gitler Vena badiiy san’at akademiyasiga kirish uchun imtihon topshirganida, yahudiy rassom uni imtihondan o‘tkazmagan.
Ikkinchi jahon urushining boshlanishi
1937 yil 5 noyabr kuni Adolf Gitler Polshaga hujum qilish va Ikkinchi jahon urushini boshlash rejasini tuzish uchun qo‘l ostidagi barcha generallarni to‘playdi. Uchrashuvda Fyurer Ikkinchi jahon urushini 1943-1945 yildan kechga qoldirmasdan boshlashini ta’kidlaydi. Lekin bunga feldmarshal Verner fon Blomberg va general-polkovnik Verner fon Frich qarshi chiqadi.
Gitler birinchi hujum nishoni sifatida Polshani tanladi. Sababi Polsha juda katta tabiiy boyliklarga ega edi. Ikkinchi jahon urushi arafasida Germaniya-SSSR o‘rtasida do‘stlik va hujum qilmaslik to‘g‘risida “Molotov-Ribbentrop” shartnomasi imzolandi. Shunday qilib, Gitler va Stalin Polshani bo‘lib olishga kelishib oldi.
Gitler urush arafasida chiqish qilib, shunday dedi:
“Men hozir 50 yoshdaman va men 55 yoki 60 yoshga kirganimda emas, hozir urush olib borishni ma’qul ko‘raman”.
Ana shundan so‘ng Fyurerning hayotini Ikkinchi jahon urushining shovqinli voqealari qamrab oldi. Gitler xalq oldida harbiy kitel kiydi va uni Germaniyaning to‘liq g‘alabasigacha yechmasligini e’lon qildi. Biroq bu urush unga omadsizlik keltirdi.
1939 yil 1 sentyabr kuni Germaniya Polshaga bostirib kirdi. Ikki hafta ichida Polsha tor-mor etildi. 1940 yil 14 iyun kuni nemislar Parijni egalladi. Kompen o‘rmonida Fransiya hukumati Gitler bilan tinchlik sulhi imzolashga majbur bo‘ldi. Bu Birinchi jahon urushi uchun revansh edi. Shundan so‘ng Gitler Berlinga qahramon sifatida kirib keldi.
1941 yil 22 iyul kuni nemis qo‘shinlari Sovet Ittifoqining chegarasini yorib o‘tdi. 9 dekabr kuni Moskva ostonasida Germaniya armiyasi tor-mor etildi. Shundan so‘ng Gitler bosh qo‘mondon feldmarshal Valter fon Brauxichni lavozimidan bo‘shatib, butun harbiy harakatlarni o‘z qo‘liga oldi.
Bosib olingan hududlarda okkupatsiya rejimi o‘rnatildi. Fashistlar o‘zlarining bu boshqaruvlarini “Yangi tartib” deb atadilar. Chexoslovakiya va Polsha hududlarida o‘lim lagerlari tashkil etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘lim lagerlarida 11 million insonning yostig‘i quritilgan. Asirlarning tilla tishlari sug‘urib olinib, davlat manfaati yo‘lida ishlatilgan. Asir ayollar sochlaridan kema machtasi uchun arqon to‘qilgan. Bolalar terisidan ayollar sumkalari, qo‘lqoplar tayyorlangan. Odam yog‘idan sovun ishlab chiqarilgan. Murdalarning jasadlari gazli pechlarda yondirilib, o‘g‘it sifatida ekin maydonlariga sepilgan. Ammo bu vahshiyliklar uzoq davom etmadi. 1942-1943 yillarda Gitler armiyasi katta yo‘qotishlarga uchrab, ortga chekina boshladi.
Johilning o‘limi
1944 yil 20 iyul kuni Fyurerga nisbatan suiqasd uyushtirildi. Biroq Gitler yengil jarohat olib, fitnachilarni ayovsiz jazoladi.
1945 yil Gitler o‘z qarorgohini to‘liq Berlinga ko‘chirdi. U 3 yanvar kuni radioda chiqish qilib, “G‘alaba oxir-oqibat biz tarafda bo‘ladi”, dedi. Ammo Germaniya urushni boy bergani kundek ravshan edi.
1945 yil 29 aprel kechasi Imperiya devonining binosida Gitler bilan Yeva Braunning nikoh marosimi bo‘lib o‘tdi. Fyurer o‘limi oldidan urushni yahudiylar manfaatiga xizmat qiladigan davlat boshliqlari keltirib chiqarganini vasiyat qiladi. Shundan so‘ng Adolf Gitler va Yeva Braun o‘z jonlariga qasd qilishadi. Ularning jasadi benzin sepib, yoqib yuboriladi. 30 aprel kuni soat 10:00 da radio orqali Fyurerning o‘limi e’lon qilinadi.
Hokimiyat tepasiga chiqish yo‘lida ham o‘zi hukmronlik qilgan vaqtda ham Gitler yolg‘on va terrordan keng foydalandi. Ammo bularning barchasi uni muqarrar halokatdan saqlab qola olmadi. Butun dunyo nazarida Adolf Gitler iblisning timsoli bo‘lib qoldi.
LiveBarchasi