Johil (2-qism). Fashizmning kuchga to‘lishi yoxud iblis saltanati
Bu qiziq
−
23 dekabr 2021
33270“Agar siz yolg‘onni yetarlicha uzoq, baland ovozda va tez-tez gapirsangiz, odamlar sizga ishonishni boshlaydi”.
Uchinchi reyx Fyureri Adolf Gitler
“Maqsad vositani oqlaydi”. Bu ibora mashhur faylasuf Nikkolo Makiavellining qalamiga mansub. U yozgan “Hukmdor” asari ko‘plab siyosatchilarga yo‘lchi yulduz bo‘lib xizmat qilgan. Bu siyosatchilar qatorida Adolf Gitler ham bor. Fyurer maqsadiga yetishish uchun turli vositalardan foydalandi. Uning otashin nutqlariga ishongan nemis xalki Gitlerni qo‘llab-quvvatladi. Alal-oqibat johil iqtidorga keldi. Bu voqea tarixda burilish nuqtasi bo‘ldi.
Kuni kecha e’lon qilingan “Johil. Tilanchi va mardikor Gitler hokimiyat tepasiga qanday keldi?” nomli maqolamizda Adolf Gitlerning baxtsiz bolalik yillari, Fyurerning Birinchi jahon urushida ishtiroki haqida ma’lumot bergan edik. Galdagi tarixiy faktlarga asoslangan maqolamizda Adolf Gitlerning qanday qilib kansler bo‘lgani va Germaniyada totalitar diktaturaning o‘rnatilishi haqida so‘z yuritamiz.
Johilning qamoqdan chiqishi
1920 yil 20 dekabr kuni hukumat xalq orasida obro‘si oshib ketgan Adolf Gitlerni afv etishga majbur bo‘ldi. Ozodlikka chiqqan Fyurer g‘ayrat bilan xalq orasida tashviqot ishlarini boshlab yubordi. Ernst Ryom unga katta yordam ko‘rsatdi. Tez orada hujum otryadlari qayta tiklandi. “Germaniya Milliy-Sotsialistik ishchi partiyasi” (NSDAP)ning qayta oyoqqa turushida, Shimoliy va Shimoliy-G‘arbiy Germaniyadagi o‘ng qanot ekstremistik harakat rahbarlari aka-uka Gregor va Otto Shtrasser katta rol o‘ynadi. Ular o‘z tarafdorlarini NSDAP safiga qo‘shdi. Shu orqali viloyat darajasidagi partiya umummilliy siyosiy kuchga aylandi.
1926 yilda Gitler yoshlari “gitleryugend” tashkiloti tuzildi. Bu vaqtda Fyurer partiya uchun umumgerman darajasida yordam izlardi. U Germaniyadagi bir necha mashhur generallarning ishonchini qozondi. Shuningdek, Fyurer taniqli tadbirkor Frits Tissen yordamida Germaniyadagi sanoat magnatlari bilan aloqa o‘rnatdi. Shundan so‘ng Gitlerning “Mein kampf ” kitobi keng ko‘lamda nashr etildi. Bu kitob tez orada natsistlarning bibliyasiga aylandi.
Germaniyada Respublikaning inqirozi
Gitler jamiyatning barcha qatlam vakillarining mehrini qozonishga intildi. Lekin Fyurer o‘zining balandparvoz nutqlarini ko‘proq qishloq aholisi qarshisida so‘zladi. Gitler oddiy xalq oldida rahbar va burjuaziya vakillarini masxara qilar edi.
1928 yilgi Reyxstag (Germaniya parlamenti)ga saylovda Gitler boshliq natsistlar partiyasi 12 ta o‘ringa ega bo‘ldi. 1929 yilda Germaniyada iqtisodiy inqiroz boshlandi. Ayni shu vaqtda Fyurer millatchilik kayfiyatidagi Alfred Rozenberg bilan ittifoq tuzdi.
1928-1932 yillar Germaniya tarixidagi eng murakkab davrlardan biri edi. Chunki Germaniya “Versal shartnomasi”ga ko‘ra, g‘olib mamlakatlarga katta miqdorda tovon puli to‘layotgandi. Bundan tashqari, nemis xalqi o‘z mamlakatidagi ko‘mir konlaridan ko‘mir o‘g‘irlab hayot kechirar edi. Sababi o‘sha vaqtda barcha ko‘mir konlari Fransiyaning nazorati ostida bo‘lgan. Aholi orasida norozilik kayfiyati kuchaydi. Bu holat Adolf Gitler uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ldi. To‘rt yil davomida ishlab chiqarish tinimsiz pasayib bordi. Iqtisodiy inqiroz natijasida sanoat ishlab chiqarishi 40 foizga, real ish haqi esa 50 foizga kamaydi. Mamlakatda ishsizlar soni 9 milliondan oshdi. Bu Veymar Respublikasi uchun haqiqiy falokat edi. Shu vaqtda Gitler otashin nutqlari bilan nemis xalqning mehrini qozondi. Uni Gustav Krupp, Robert Bosh, Frits Tissen, Alfred Gugenberg kabi magnatlar qo‘llab-quvvatladi.
1930 yilgi Reyxstag saylovida NSDAP olti milliondan ziyod ovoz to‘plab, parlamentda 107 ta deputatlik o‘rniga ega bo‘ldi. Bu bilan natsistlar partiyasi mamlakatda kattaligi jihatidan ikkinchi siyosiy harakatga aylandi.
1932 yilgi prezidentlik saylovi
Gitler nemis xalqini Veymar Respublikasi bema’niligiga ishontirdi. U Birinchi jahon urushidan keyingi xo‘rlanishni jamiyatga doimo eslatib turdi. Fyurer parlament boshqaruvi va kapitalistik tuzumni yo‘q qilishni targ‘ib qildi. Shuningdek, Gitler nemis millatining o‘ziga xosligini ta’kidlab, Germaniyani birlashtirish, ya’ni Versal shartnomasi bo‘yicha yo‘qotilgan hudud va mustamlakalarni qaytarish zarurligi haqida bot-bot takrorladi.
1932 yilning fevral oyida Fyurer prezidentlik saylovida qatnashishga qaror qildi. Shu yerda o‘quvchida “Gitler Avstriyada tug‘ilgan, qanday qilib prezidentlik saylovida o‘z nomzodini qo‘yishi mumkin?”, degan savol paydo bo‘lishi tabiiy. 1925 yilda Fyurer Avstriya fuqaroligidan voz kechgan bo‘lib, 1932 yilda Germaniya fuqaroligini qabul qilgan.
Adolf Gitler prezidentlik saylovida g‘alaba qozonish uchun mamlakat bo‘ylab katta tashviqot kampaniyasini uyushtirdi. Uning raqiblari Paul fon Gindenburg va Ernst Telman edi. 1932 yil 23 mart kuni bo‘lib o‘tgan saylovning birinchi turida Gindenburg 49,6% ovoz, Gitler esa 30,1% ovoz yig‘di. Ikkinchi turda Gindenburg 54% ovoz to‘plab, Germaniya Prezidenti bo‘ldi.
Fashizmning kuchga to‘lishi
1932 yil 4 iyun kuni Reyxstag Prezident Gindenburg tomonidan tarqatib yuborildi. 6 noyabr kuni parlamentga qayta saylov bo‘lib o‘tdi. Unda NSDAP 33,1 foiz ovoz to‘plab, Reyxstagda196 ta o‘ringa ega bo‘ldi. 1932 yil 3 dekabr kuni Kurt fon Shleyxer kansler etib tayinlandi. Yangi tuzilgan hukumat yirik sarmoyadorlar manfaatiga xizmat qila boshladi. Hukumat ishsizlik uchun to‘lanadigan nafaqani, ijtimoiy sug‘urta to‘lovlarini, davlat xizmatchilarining ish haqini kamaytirdi. Mamlakatda davom etayotgan ham iqtisodiy, ham siyosiy inqiroz o‘z navbatida fashizmning kuchayishiga va uning hokimiyat tepasiga kelishi uchun zamin hozirladi.
Xalq orasida fashistlar partiyasining ta’siri tobora kuchayib bordi. Chunki inqiroz vaqtida Respublikaning obro‘si tushib ketgan edi. Nemis xalqining ongiga “boshqaruvning Respublika shakli barcha kulfatlarning manbasi” degan tushuncha o‘rnashib oldi. Bundan foydalangan Adolf Gitler xalq orasida tashviqot ishlarini kuchaytirdi. U o‘z targ‘ibotlarida ijtimoiy adolat, jamiyat hayotining barcha sohalarida qattiq tartib o‘rnatish haqida ehtiros bilan gapira boshladi. Fyurer mamlakatda ishsizlikni tugatish, o‘rtahol qatlamni sog‘lom o‘rta tabaqaga aylantirishni, sudxo‘rlikka chek qo‘yishni, yersiz yoki kam yerli dehqonlarga esa Sharqdagi unumdor yerlarni berishni va’da qildi.
Fashistlarning “Yo‘qolsin Versal shartnomasi”, “Yo‘qolsin chayqovchilar!”, “Yo‘qolsin chirik hukumat”, degan gaplari jamiyat ongida fashistlarga nisbatan xayrxohlik tuyg‘usini uyg‘otdi.
Iblisning hokimiyat tepasiga chiqishi
1933 yil 4 yanvar kuni Adolf Gitler bankir Shrederning uyida Fon Papen va bir necha yirik magnatlar bilan maxfiy tarzda uchrashdi. Bu Uchinchi reyx diktaturasini yaratish yo‘lidagi ilk qadam bo‘ldi. Fon Papen Gitler bilan siyosiy ittifoq tuzdi. Kelishuvga ko‘ra, yirik magnatlar Gitlerga har tomonlama yordam berib, uni kansler darajasiga ko‘tarishadi. U esa bunga javoban, Papen va uning safdoshlariga bo‘lajak tuziladigan yangi hukumatning yog‘lik lavozimlarini berishi kerak edi.
1933 yil 30 yanvar kuni Prezident Gindenburg Adolf Gitlerni kansler etib tayinladi. Bu bolaligida yetarlicha mehr ko‘rmagan, bir zamonlar Venada o‘qishga kira olmay, ko‘chalarda tilanchilik qilib, daydib yurgan Adolf Gitlerning hayotidagi eng yorqin lahzalar edi. Biroq bu voqea Germaniyada demokratiyaning intihosi, totalitar diktaturaning ibtidosi bo‘ldi.
Fyurer hokimiyat tepasiga kelgach, birinchi navbatda siyosiy demokratiyani yo‘q qilishga kirishdi. Gitler 1933 yil 23 fevral kuni siyosiy partiyalarning faoliyatiga barham berish uchun Reyxstag binosiga o‘t qo‘yib, bu ishni kommunistlarga ag‘dardi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, natsistlar Gitlerning eng ishongan odamlaridan biri hisoblangan Gerinning shtab-kvartirasidan boshlanadigan yer osti yo‘li orqali Reyxstag binosiga kirishgan. So‘ng binodagi gilam va pardalarga yengil yonuvchan suyuqlik quyib, aqlan zaif gollandiyalik sobiq kommunistni olib kelib, binoga o‘t qo‘yishdi.
Shundan so‘ng mamlakatda fashistlar partiyasidan boshqa barcha siyosiy partiyalar faoliyati taqiqlandi. Fyurer sotsial-demokratlarni Birinchi jahon urushida Germaniya taqdiri hal bo‘layotgan kezlarda noyabr inqilobini keltirib chiqarganlikda, kommunistlarni esa Sovet josuslari sifatida aybladi.
1933 yil 2 mart kuni Fyurer kommunistlarni yomonlab, omma oldida shunday dedi:
“Marksizm Rossiyada g‘alaba qozondi. U Rossiyada qashshoqlikni yo‘q qildimi? Butun dunyoning don omboriga aylanishi mumkin bo‘lgan mamlakatda millionlab odamlar ochlikdan o‘lmoqda. Ular esa buni birodarlik deyishadi. Biz bu birodarlikni bilamiz. Yuz minglab, hatto, millionlab insonlar ana shu birodarlik nomidan va katta baxt natijasida halok bo‘lmoqda. Hatto, ular kapitalizmdan o‘tib ketamiz deydi. Men Germaniyada ushbu tizimni o‘rnatmoqchi bo‘lganlarni kamida bir hafta Sibirga borib daraxt kesishlarini tavsiya qilaman”.
Gitler Prezident Gindenburgga bosim o‘tkazib, parlamentga qayta saylov o‘tkazish to‘g‘risida rozilik oldi. 1933 yil 5 mart kuni o‘tkazilgan saylovda natsistlar Reyxstagda o‘z vakillarini 196 tadan, 288 tagacha ko‘paytirib oldi. Gitler Prezident Gindenburgga “Xalq va davlatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi dekretni imzolatishga erishdi. Bu dekret Fyurerga favqulodda vakolatlar berdi. Endi Reyxstag boshlig‘i o‘z dekretlari bilan mamlakatni boshqarishi mumkin edi.
Tez orada Germaniyada so‘z erkinligi cheklandi. Gitlerning boshqaruv shakliga qarshilik bildirganlar qamoqqa olindi. O‘zgacha fikrlovchilar kanslagerga tashlandi. Fyurer o‘ziga itoatkor hukumatni yaratdi. Ta’lim va dinni fashizmga bo‘ysundirdi.
“Uzun pichoqlar kechasi” qirg‘ini
1934 yil 4 avgust kuni Prezident Gindenburg vafot etdi. Shundan so‘ng Fyurer kanslerlik va Prezidentlik lavozimini birlashtirib, Germaniyaning mutlaq hokimi bo‘ldi. Biroq unga qarshi chiquvchilar hali ham bor edi.
Gitler mutlaq hokimiyatga erishish uchun birgina to‘siq qolgandi. Bu o‘z partiyasining ichidagi “Jigarrang ko‘ylaklilar” otryadi (SA) boshlig‘i Ernest Ryom edi. Fyurer o‘z partiyasi ichidagi muxolifatni yo‘q qilish uchun vahshiyona reja tuzdi. Bu reja 1934 yil 30 iyun kuni amalga oshirilgan bo‘lib, tarixda bu voqea “Uzun pichoqlar kechasi” deb atalgan. O‘sha tunda (SA) ning 150 ta vakili qo‘lga olindi. Ularning askari o‘sha zahoti o‘ldiriladi. O‘ldirilganlar orasida sobiq kansler Kurt fon Shleyxer, Gustav fon Karni va kapitan Ernest Ryom bo‘lgan.
Fyurer o‘z xotira daftarlariga “Uzun pichoqlar kechasi” haqida shunday yozadi:
“Men o‘zimni o‘sha lahzalarda german millatining eng oliy hakimidek his qildim”.
Bu g‘ayriqonuniy qirg‘indan so‘ng Adolf Gitler Uchinchi reyxning so‘zsiz diktatoriga aylandi. Shundan keyin Germaniyada qonunning ustuvorligi tugadi. Armiyaning barcha ofitserlari shaxsan Gitlerga istisnosiz sodiqlikka qasam ichdi. 1935 yilda davlat maxfiy politsiyasi “Gestapo” tashkil etildi. U mamlakat ichkarisidagi dushmanlarni topish va qo‘lga olish bilan shug‘ullangan. Fyurerning eng ishongan odamlari Gering, Gebbels, Gimmler alohida lavozimlarga tayinlandi. Gitler Gimmlerga ichki dushmanlar bilan kurashish uchun konsentratsion lagerlar yaratishni buyurdi. 1935 yili fuqarolik va irq haqida Nyurnberg qonunlari qabul qilindi. Unga ko‘ra, yahudiylarni fuqarolikdan mahrum etildi va nemis bilan yahudiylar turmush qurishi taqiqlandi. Bir so‘z bilan aytganda Germaniya yaxlit qamoqxonaga aylandi.
QALAMPIR.UZ Adolf Gitlerning hayot yo‘lini yoritishda davom etadi. Kelgusi maqolamizda, Fyurer olib borgan tashqi va ichki siyosat, unga qilingan suiqasdlar hamda Gitlerning o‘limi haqida ma’lumot beramiz.
LiveBarchasi