Johil (1-qism). Tilanchi va mardikor Gitler hokimiyat tepasiga qanday keldi? 

Bu qiziq

image


“Hayot – bu o‘limga navbat turishdir, lekin ba’zilar navbatsiz ketadi”.

Uchinchi reyx Fyureri Adolf Gitler

Bola xuddi oq qog‘ozga o‘xshaydi. Unga nimaning tasvirini tushirsak, o‘sha aks etadi. Dunyodagi eng yovuz inson ham bolaligida qora illatlardan yiroqda, baxtli hayotni orzu qilgan. Biroq vaqt o‘tishi bilan atrofdagi muhitning ta’siri doirasida bolaning qalbida nafrat, g‘azab, bir so‘z bilan aytganda, yovuzlik paydo bo‘ladi. Adolf Gitler ham bolalik yillarida mashhur rassom bo‘lishni va oddiy insonlar kabi hayot kechirishni orzu qildi. Biroq “taqdirdan qochib qutulib bo‘lmaydi” deganlaridek, Gitler tarixda mashhur rassom bo‘lib emas, balki yovuz johil sifatida nom qoldirdi.

Bugungi maqolamizda, bojxona xizmatchisi oilasida dunyoga kelgan, hayotning qattiq zarbalari oqibatida shafqatsiz insonga aylangan, Birinchi jahon urushida qatnashib, Germaniyaning mag‘lubiyati uchun kelajakda o‘ch olishni o‘z oldiga maqsad qilgan, Uchinchi reyx Fyurer (dohiy) Adolf Gitlerning sirli hayoti haqida ma’lumot beramiz.

Baxtsiz bolalik

1889 yil 20 aprel bahorning iliq kunlarining biri. Avstriya va Germaniya chegarasi yaqinidagi Braunauam Inn shahrida yashovchi bojxonachi oilasida baxt chirog‘i porladi. Nihoyat Alois Iogann Shiklgruber va Klara Gitler oilasida to‘rtinchi farzand dunyoga keldi. Bu bolaning tug‘ilishini Klara Gitler juda intiqib kutgan edi. Sababi 29 yoshli Klara ikki yil ichida uchta farzandidan judo bo‘lgandi. Ona o‘z o‘g‘liga Adolf deb ism qo‘ydi. Chaqaloq onasiga juda o‘xshardi. Adolf Gitlerning onasi jiddiy, oppoq qiyofali, ko‘zlari katta-katta, e’tibor bilan boquvchi, mehnatkash ayol edi. 

Adolf o‘zining sabr toqatli onasini yaxshi ko‘rar, u ham o‘z navbatida uchinchi o‘g‘lini o‘zining sevimli farzandi deb hisoblardi. Klara o‘z o‘g‘liga bor mehrini berishga qaramay, Adolf jizzaki bola bo‘lib ulg‘aydi. Bunga uning otasi Aloisning zolimligi sabab bo‘ldi. Alois Gitler uch marotaba uylangan bo‘lib, ichkilikka mukkasidan ketgan edi. U mast holda uyga kelib, xotini va bolalarini do‘pposlab, ularni haqorat qilardi. Gitler o‘z xotira daftarlarida otasining mast bo‘lganida shafqatsiz, pulni sovuruvchi odam bo‘lgani haqida bir necha bor yozgan. Ehtimol Fyurerning boshqalarga bo‘lgan jo‘shqin nafrati o‘z otasiga bo‘lgan nafratidan kelib chiqqandir.

1895 yilda yosh Gitler Lins yaqinidagi Fishlxam shaharchasidagi maktabga o‘qishga boradi. O‘ta dindor bo‘lgan Gitlerning onasi o‘g‘lini ruhoniy bo‘lishini istardi. Shu maqsadda Klara 1897 yilda yosh Gitlerni Lambaxdagi benediktlar monastiriga jo‘natdi. Bir kuni rohib monastir bog‘idagi daryoda cho‘kayotgan bir bolakayni qutqarib qoldi. Bu bolakay Adolf Gitler bo‘lib, bu qilmishi uchun uni monastirdan haydashdi.

Ochlikdagi besh yil

1898 yilda Gitlerning otasi Lins yaqinidagi Leonding qishlog‘idan uy sotib oldi. Tez orada oila yangi uyga ko‘chib o‘tadi. Yosh Gitler o‘qishini Shteyre maktabida davom ettirdi. U o‘sha maktabda tarix muallimi Leopold Petchdan nemis xalqining tarixini o‘rganadi. Aynan Leopolt Petch yosh Adolfning ongiga millatchilik g‘oyalarini singdirdi. Biroq bo‘lajak Fyurer 16 yoshida maktabni tashlab ketadi.

1907 yilning yanvar oyida Adolf Gitlerning onasi ko‘krak saratoni bo‘yicha murakkab operatsiyani boshidan o‘tkazadi. Onasining sog‘lig‘i yaxshilangach, Adolf o‘sha yilning kuzida Vena shahriga yo‘l oldi. Biroq uni Venada omadsizlik kutib oldi. Gitler Vena badiiy san’at akademiyasiga kirish uchun imtihondan o‘ta olmadi. Bu ham yetmaganidek, 1908 yilda onasi vafot etdi. Fyurer uchun bu qattiq zarba bo‘ldi. Shundan so‘ng, u Vena shahrida 5 yil davomida tilanchilik va chizgan suratlarini sotish bilan kun ko‘rdi.

Fyurer o‘zining xotira daftarlarida Venada o‘tkazgan besh yili haqida shunday yozadi:

“Venadagi g‘ariblik va kulfatdagi g‘am chekishni hech qachon unutib bo‘lmaydi. Bu besh yil ichida men avvaliga mardikor bo‘lib, keyin esa rasm chizib yashash uchun pul topdim. Ochlik har doim mening hamrohim edi. U meni bir nafasga ham tark etmasdi”.

Birinchi jahon urushidagi ishtirok

1913 yilning may oyida Adolf Gitler Venani tark etib, Myunxenga keladi. Birinchi jahon urushi ostonasida u harbiy xizmatga borish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Ammo Fyurer juda nimjon bo‘lgani uchun shifokorlar uni harbiy xizmatga noloyiq deb topadi. 

1914 yil 28 iyul kuni Birinchi jahon urushi boshlandi. Vatanparvar Gitler urushda qatnashish uchun, avgust oyida Bavariya hukumatiga uni armiyaga olishlarini so‘rab murojaat qildi. Adolfni asosan ko‘ngilli talabalardan tashkil topgan 16-Bavariya piyoda polkiga qabul qilishdi. Bir necha haftalik harbiy mashg‘ulotlardan so‘ng, u ham frontga ketdi. Avvaliga u sanitar bo‘ldi, keyin esa butun urush davomida aloqachi vazifasini bajardi. Bo‘lajak Germaniya rahbari to‘rt yil davomida urushning eng qaynoq nuqtalarida bo‘lib, jami 47 ta jangda qatnashadi va ikki marta yarador bo‘ladi.

Urush vaqtida Fyurer juda ko‘p marotaba o‘lim bilan yuzma-yuz kelgan. Qizig‘i 1916 yil 7 yanvar kuni Gitler oyog‘idan yaralanadi va harbiy gospitalga jo‘natiladi. Bir kuni kechasi Adolf zarurat yuzasidan tashqariga chiqadi. Shu vaqtda u yotgan palatkaga bomba kelib tushadi. Bundan tashqari, 1918 yil urush tugashiga to‘rt hafta qolganida Gitler gaz tufayli zaharlanib, to‘rt oy lazaret (harbiy shifoxona)da yotadi.

Urush davomida Adolf Gitler dushman ofitserini va 15 ta askarini asirga olgani uchun 1-darajali “Temir xoch” ordeni bilan mukofotlanadi. Bo‘lajak Fyurer oddiy askar unvonidan Yefreytor (Germaniya armiyasidagi harbiy unvon bo‘lib, og‘ir vaqtlarda vaqtincha otryad boshlig‘i sifatida harakat qilishi mumkin) darajasiga ko‘tariladi.

Siyosiy faoliyatning ibtidosi

Germaniya Birinchi jahon urushida sharmandali mag‘lubiyatga uchradi. Yefreytor bu mag‘lubiyatning asosiy sababi deb Germaniyada inqilobni yuzaga keltirgan, Veymar va uning tarafdorlarini hisoblar hamda ulardan nafratlanardi. 1918 yilning oxirida Gitler Myunxenga qaytib keldi. Tushkunlikda yurgan Adolf Gitler yaqin safdoshining maslahatiga ko‘ra, nemis ishchilar partiyasiga a’zo bo‘ladi. Bu partiya vakillari har kuni Myunxendagi Byurgerbroykeller pivo barida yig‘ilgan. Har kungi yig‘ilishda Fyurer nutq so‘zlab, o‘ziga tarafdor yig‘a boshladi. Oradan ikki yil o‘tib, uning tarafdorlari Adolf Gitlerni partiya rahbari lavozimiga ko‘tarishdi. Fyurer partiyaning nomini “Germaniya Milliy-Sotsialistik ishchi partiyasi” (NSDAP) deb o‘zgartirdi. 

Bo‘lajak Germaniya rahbari yangi partiyaning dasturini ishlab chiqdi. Gitler quyidagi ishlarni amalga oshirishni ko‘zlagan edi:

Birinchi – kuchli nemis imperiyasini qurish;

Ikkinchi – Birinchi jahon urushidagi mag‘lubiyat uchun Antanta davlatlaridan o‘ch olish;

Uchinchi – nemis millatining toza irqliligini saqlash va uni eng oliy irq sifatida ko‘tarish;

To‘rtinchi – yahudiylarga qarshi kurash olib borish.

Dastur shunday tuzilgan ediki, hokimiyatdan norozi bo‘lgan har bir kishini o‘ziga jalb qilardi. O‘sha vaqtda mamlakatda ahvol anchagina og‘ir edi. Chunki Germaniya Antanta davlatlariga katta miqdorda reparatsiya (tovon puli) to‘lashi kerak bo‘lgan. Shu vaziyatda Adolf Gitler o‘zining jozibador nutqi, otashin so‘zlari bilan minglab insonlarni o‘ziga jalb eta oldi. U natsistlar partiyasiga rasmiy belgi sifatida Svastikani (uchlari qayrilgan xoch) va “Xayl Gitler” salomlashishni belgiladi. Bundan tashqari, partiyaning yig‘ilishlarini qo‘riqlash uchun Gitler o‘zining yaqin do‘sti kapitan Ernst Ryom rahbarligi ostida hujumkor “Jigarrang ko‘ylaklilar” otryadi (SA)ni tashkil qildi. Keyinchalik, CC “Qora ko‘ylaklilar” otryadi tuzilib, bu guruh Adolf Gitlerning shaxsiy qo‘riqchilari bo‘ldi. Bu gvardiya qat’iy intizomga asoslangan bo‘lib, uning a’zolari so‘nggi tomchi qoni qolguncha o‘z Fyureri uchun jang qilishga qasamyod qilgan.

Pivo isyoni

1923 yilning yanvar oyida Fransiya Germaniyaning Rur viloyatini bosib oldi. Bu ham yetmaganidek, 1923 yil 26 sentyabr kuni yangi kansler Gustav Shtrezeman Fransiyaning barcha shartlarini so‘zsiz qabul qildi. Buning natijasida mamlakatda iqtisodiy va siyosiy inqiroz boshlandi. Germaniyadagi o‘ng qanot vakillari va kommunistlar hukumatga qarshi chiqdi. Shu vaqtda Adolf Gitler poytaxt Berlinga yurish qilishning ayni vaqti kelganligini tushunib yetdi. O‘z rejasini amalga oshirish uchun urush qahramoni general Erix Lyudendorf bilan kelishib, mamlakatda inqilob e’lon qildi. Biroq inqilob hukumat tomonidan shafqatsizlik bilan bostirilib, uning yetakchilari qo‘lga olindi.

1924 yil 24 fevral kuni Gitler davlatga xiyonat qilishda ayblandi. Sud zalida unga so‘z berilganida, Fyurer o‘zining notiqlik qobilyatini ishga solib, shunday dedi:

“Mening fikrm shunday: men fransuz qilichidan o‘lgandan ko‘ra, bolshevistik Germaniyada dorga osilishni ma’qul ko‘raman. Hatto, bizni ming marta aybdor deb tan olsangiz ham tarixning abadiy sudi bizni oqlaydi va sizning sudingizni qarorini masxara qilib, uloqtirib yuboradi”.

Adolf Gitlerga besh yil qamoq jazosi berildi. Uning sud zalida o‘zini tutishi ko‘pchilikda kuchli taassurot qoldirdi. Shundan so‘ng, odamlar Gitlerni qahramon sifatida yaxshi ko‘ra boshladi. Gitler qamoqxonada to‘qqiz oy bo‘ldi. Aynan qamoqda Fyurer o‘zining “Mein kampf” kitobini Rudolf Gessga aytib turib, yozdirdi. Bu kitobda Gitler Germaniyada amalga oshirmoqchi bo‘lgan dastur loyihasini bayon qilgan.

Kitobning asosiy g‘oyasi ijtimoiy darvinizm edi. Unda yozilishicha, shaxslar ham, millatlar ham davom etayotgan yashash uchun kurashning sub’ektlaridir. Germaniya faqat dushmanlariga qarshi shafqatsiz kurash olib borsagina, yana buyuk davlat bo‘la oladi.

“Mein kampf” zerikarli kitob bo‘lishiga qaramay, tez orada juda mashhur bo‘lib ketdi. 1939 yili bu kitob o‘n bitta tilga tarjima qilindi va 5,2 million adadda chop etildi.

O‘z lideridan ajralgan natsistlar partiyasi vaqtincha tushkunlikka tushib qoldi. 1924 yilning dekabr oyida hukumat xalq orasida obro‘si oshib ketgan Adolf Gitlerni afv etishga majbur bo‘ldi. 

QALAMPIR.UZ Adolf Gitlerning sirli hayotini yoritishda davom etadi. Keyingi maqolamizda, Gitlerning siyosiy maydonga kirib kelishi, u yuritgan siyosat haqida ma’lumot beramiz.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1706

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing