Jizzaxda jinoyatda ayblangan maktab “buxgalteri” o‘zini osib qo‘ygani ma’lum bo‘ldi
3-sahifa
−
04 fevral 2022
15087Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax shahridagi maktablardan birining bosh hisobchisi o‘z uyida osilgan holda topilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Jizzax viloyati prokuraturasi munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Jizzax shahar xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 22-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining (IDUM) 2010-2019 yillardagi moliyaviy xo‘jalik faoliyati yuzasidan hujjatli taftish o‘tkazilgan. Taftish natijasiga ko‘ra, IDUM mansabdor shaxslari tomonidan qariyb 160 million so‘mlik byudjet mablag‘lari o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingani holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilgan.
Xabarda qayd etilgan, 22-sonli IDUM bosh hisobchisi O.T. 2019 yil 21 noyabrda o‘z hovlisining yordamchi xonasida osilgan holda topilgan. Holat yuzasidan Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan.
Unga ko‘ra, hisobchining o‘limida biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli, 2019 yil 20 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsesual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.
Jinoyat ishining O.T.ga nisbatan qismi uning vafot etganligi sababli 2020 yil 30 iyunda O‘zbekiston Respublikasi JPKning 84-moddasi 1-qismi 3-bandiga asosan harakatdan tugatilgan.
Jinoyat ishining 22-sonli IDUM direktori D.S.ni ayblashga doir qismi, uning birinchi marta uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganligi, aybiga to‘liq iqrorligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplaganligi sababli, 2020 yil 30 iyunda O‘zbekiston Respublikasi JPKning 84-moddasi 5-qismi 2-bandiga asosan uning ayblilik masalasini hal qilmasdan turib tugatilgan.
Tergov harakatlari natijasiga ko‘ra, 22-sonli IDUM direktorining xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari U.Yo‘ldoshev O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 2-qismi “a,b,v,g” bandlari va 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan ayblanib, jinoyat ishi sudga yuborilgan va unga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining 2020 yil 24 sentyabrdagi hukmi bilan qonuniy jazo chorasi tayinlangan.
LiveBarchasi