Jizzaxda Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari bo‘lib o‘tdi

Madaniyat-san’at

image

Joriy yilning 5-8 iyul kunlari Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi “O‘riklisoy” oromgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan har yili tashkil etiladigan Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari bo‘lib o‘tdi. 

To‘rt kun davom etgan seminarda nazm, nasr, dramaturgiya, badiiy publitsistika, badiiy tarjima, bolalar adabiyoti kabi yo‘nalishlarida faoliyat olib borgan tajribali ustozlar Respublikaning turli viloyatlaridan kelgan jami 66 nafar yosh ijodkorlarga mahorat darslarini o‘tdi.

Xususan, badiiy publitsistika yo‘nalishida O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Jahon adabiyoti” jurnalining muharriri Ahmadjon Meliboyev yoshlarga haqiqiy jurnalist nimalarga e’tibor berishi kerakligini aytib o‘tib, o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

“Jurnalistika — bu aniq raqamlar, aniq tahlil. Masalan, bu yerda bir bino bor, deb tasavvur qilaylik. O‘sha bino birdan qulab tushdi. Endi shu voqelikni yoritish kerak. Ijtimoiy tarmoqlar falon joyda bir bino quladi, jarohat olganlar va halok bo‘lganlar bor, deb xabar beradi. Bu hodisani televideniye ko‘rsatsa, binoning qulayotgan vaqtini ko‘rsata olmaydi. Televideniye voqea sodir bo‘lganidan so‘ng keladi. Agar jurnalist bu holatni yoritmoqchi bo‘lsa, bino nima sababdan qulab tushganini aniqlashi, yoritishi va tahlil qilishi kerak. Jurnalist aniq faktni yozishi lozim.

Mana bu olma daraxtining uchidagi mevalarga e’tibor bering. Bu yerda katta falsafa bor. Jamiyatdagi qarama qarshiliklarni shu holatga o‘xshatish mumkin. Daraxtning tagiga suv quysangiz hosil kattalashaveradi, lekin vaqt o‘tib meva shoxni sindirib yuborishi mumkin. Demak, odam o‘z oldiga maqsad qo‘ysa bir me’yorda ketishi lozim. Birdan odam bilimdon bo‘lib qolmaydi, asta-sekinlik bilan o‘sib boradi. Jurnalistning uchta ko‘zi, uchta qulog‘i bo‘lishi kerak”, deya ta’kidladi tajribali jurnalist Ahmadjon Meliboyev.

Bu yilgi seminarda hamkor tashkilotlar tomonidan yuborilgan 9 nafar iste’dodli yosh ijodkor — an’anaviy qo‘shiq ijrochilari, bastakorlar, kinematografiya sohasi yosh ijodkorlari, rassomlar (kitobat san’ati yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar) ham ishtirok etdi. 

Seminar yakunida yosh ijodkorlarga esdalik sovg‘alari va bir million so‘m miqdorida pul mukofotlari topshirildi.

Sardor Ali Nurmat


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

34

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing