Jizzaxda “issiq-sovuq”chi ushlandi. Uning ro‘yxatida hokimlik va deputatlikka da’vogarlar ham bo‘lgan

3-sahifa

image

Jizzax shahrining “Turon” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaroning norasmiy diniy faoliyat bilan shug‘ullanish hamda diniy ta’limotdan saboq berish bilan bog‘liq noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Jizzax viloyati IIB xabar berdi.

Aniqlanishicha, Jizzax shahrining Sayilgoh ko‘chasida yashovchi shaxs xonadonida go‘yoki, fuqarolarning ishlarini yaxshilash uchun sehr-jodu bilan shug‘ullanib kelgan. Shuningdek, ushbu shaxsning yashash joyi ko‘zdan kechirilganda, 12 kishi mijoz sifatida uning yoniga kelib, navbat kutayotgani ma’lum bo‘lgan.

Tekshiruv davomida fuqarolarning ism-sharifi yozilgan 5 ta daftar topilgan. Daftarlarda 100 dan ortiq kishilarning fotosurati hamda so‘ragan niyatlari qayd etib borilgan. Ushbu daftar ko‘zdan kechirilganda, “issiq-sovuq” qilish uchun olingan buyurtmalar orasida, xatto, hokimlik va deputatlikka davo qilmoqchi bo‘lgan shaxslarning ham borligi aniqlangan.

Bundan tashqari, fuqaroning xonadonidan diniy mazmundagi 5 ta kitob, 1 ta ot qamchisi, 9 dona osh pichog‘i, 1 dona polietilen paket ichidagi buyumlar va 110 ming so‘m pul rasmiylashtirib olingan.

Shuningdek, u tegishli ruxsati bo‘lmasa-da, turli yoshdagi fuqarolarga diniy saboq berib kelgani aniqlangan. Ularning orasida Forish tumanining Ilonchiq qishlog‘ida yashovchi maktab o‘quvchisi ham bo‘lgan.

Javobgar shaxsga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasi (Yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) 2-qismi hamda 241-moddasi (Diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqilishi uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudiga yuborilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, fuqaroga nisbatan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

471

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing