Jizzaxda deputatlardan viloyat hokimiga savol bermaslik talab qilindi
Jamiyat
−
20 dekabr 2021
8346Ijtimoiy tarmoqlarda Xalq deputatlari Jizzax viloyati kengashi sessiyasida deputatlardan rasmiy formada, telefonlarsiz kelishi hamda viloyat hokimi Ergash Soliyevga savol bermaslik talab qilingani aytilgan xabar tarqaldi.
Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning yozishicha, viloyat kengashi sessiyasida hokimga savol bermaslik va telefon bo‘yicha cheklovga oid talablar viloyat kengashi kotibiyati mudirining tashabbusi bilan qilingan.
“Kotibiyat mudiri bo‘lgan deputatning o‘zi deputatlarga cheklov o‘rnatmoqchi”, degan Rasul Kusherbayev.
Kecha, 19 dekabr kuni mazkur holat yuzasidan viloyat Kengashi kotibiyati rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining reglamentiga asosan, deputatlar deputatlik odobi va talablaridan kelib chiqqan holda o‘tkaziladigan sessiyalarga rasmiy kiyimda kelishi kerak.
Sessiya yig‘ilishi viloyat televideniyasi hamda ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritilishini inobatga olgan holda yig‘ilishga halaqit bermaslik uchun telefon ovossiz holatga keltirish tavsiya etilgan. Ayrim tumanlarning uzoqligi sabab reglamentga asosan, deputatlarning sessiya yig‘ilishiga kechikib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun eslatilgan.
Shuningdek, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari reglamentining 61-moddasiga asosan, viloyat hokimi har yili viloyat Kengashiga hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobot taqdim etishi ham aytib o‘tilgan.
Mazkur munosabat e’lon qilingandan so‘ng, Rasul Kushebayev “rasmiy kiyim” borasidagi talabga tushunmaganini ta’kidladi.
“Deputat maktab bolasi emas, u minglab odamlar tomonidan saylangan, mustaqil shaxs. Oq ko‘ylakda kel, telefonni o‘chirib kel, savolsiz kel, kabi gaplar maktab bolasiga aytiladi. O‘zi “Kengash raisi masalasi” hal bo‘lmaguncha mahalliy deputatlar ishida o‘nglanish bo‘lmasligi ko‘rinib turibdi”, deya izoh qoldirdi Kusheboyev o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
LiveBarchasi