Ikki o‘n besh – bir o‘ttiz! Jizzax hokimligi Hukumat qarorini tushunmay, xom-xatala raddiya berdi

Jamiyat

image

Yaqinda QALAMPIR.UZ saytida “Janob Soliyev va uning hokimiyatiga 27 avtomobil kamlik qilmayaptimi?” nomli maqola e’lon qilingan edi. Unda Jizzax viloyati hokimligi Vazirlar Mahkamasining qaroriga zid ravishda mehmonlar uchun 9 ta avtombilga egalik qilib o‘tirgani tanqid ostiga olingan.

Jizzax viloyat hokimligi maqolada keltirilgan dalillarga munosabat bildirib, avtomobillar belgilangan me’yordan oshib ketmaganini da’vo qildi. Rasmiy munosabatda yozilishicha, mehmonlarga atalgan mashinalar soni 9 ta emas, 4 ta. Bu haqda maqola chiqqanidan keyin hokimlik rasmiy saytiga joylangan (aslida, shunchaki almashtirib qo‘yilgan) 2021-2022 yilgi ma’lumotlarda ko‘rsatib o‘tilgan. 2021-2022 yilgi hisobotning oldingi (biz foydalangan) nusxasida 9 ta avtomobil mehmonlar uchun, 3 tasi navbatchilik uchun ajratilgani aniq qilib yozib qo‘yilgan (hujjat tahririyatda mavjud).

Hokimlik axborot xizmati maqolaga ham, Vazirlar Mahkamasining 258-son qaroridagi bandga ham tushunmagan shekil. Aks holda yangi hisobotda 4 ta mashina mehmonlar uchun va yana 5 ta avtomobil rasmiy delegatsiyalarni qabul qilish uchun ajratilganini yozmagan bo‘larmidi. Negaki, Hukumat qarorida delegatsiya uchun alohida, mehmonlar uchun alohida 5 tadan mashina ajratish emas, har ikkalasiga xizmat ko‘rsatish maqsadida faqat 5 tagacha avtotransport vositasi saqlash uchun limit belgilangan. Ikki o‘n besh – bir o‘ttiz!

Namuna sifatida aholi soni Jizzax viloyatiga qaraganda ikki barobar katta bo‘lgan Toshkent viloyat hokimligi tasarrufidagi mehmon va delegatsiyalarga mo‘ljallangan avtomobillar sonini ko‘rsatish mumkin. 

Shuningdek, rasmiy munosabatda 3 ta avtomashinaning yaroqlilik muddati tugagani aytilgan. Agar avtomobil Jizzax viloyati hokimligi aytayotgandek foydalanishga yaroqsiz bo‘lsa, nega haligacha davlat ro‘yxatidan chiqarilmagan? O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 31.08.2017 yildagi 683-son “Avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan avtotransport vositasi keyingi foydalanuvga yaroqsiz deb hisoblanganda hududiy Yo‘l harakati xavfsizligi davlat xizmati organining hisobidan chiqarilishi kerak. Keyingi foydalanuvga yaroqsiz deb hisoblangan avtomototransport vositasi hisobdan chiqarilganda avtomototransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnoma va ushbu avtomototransport vositasining ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari olib qo‘yilishi kerak edi. Biroq, hokimlikning asl hisobotida ham, almashgan hisobotida ham davlat raqamlari olinmaganining guvohi bo‘lish mumkin. 

Eski avtomobilni davlat balansiga qaytarmay, hokimlik balansida saqlashdan nima naf? Yoki Mercades’lar hali ham kimningdir kuniga yarayaptimikan?

Hulkar Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

281

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing