O‘zbekistonda ayrim qamoq shartlari o‘zgarmoqda
Jamiyat
−
02 mart 2023
11648Endi manzil-koloniyada jazoni o‘tash davrida jinoyat sodir etib, sud tomonidan ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan mahkumlar manzil-koloniyaga o‘tkazilmaydi. Bu masala Oliy Majlis Senatining o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida muhokama qilindi.
Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunni ko‘rib chiqarkan bugungi kunda manzil-koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning jazoni o‘tash joylarini o‘zboshimchalik bilan tark etish holatlari sodir etilayotgani, biroq bunday mahkumlarga nisbatan qat’iy jazo choralari belgilanmaganligi, manzil-koloniyasiga o‘tkazilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan mahkumlar tomonidan jazoni o‘tash davrida bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni qayta sodir etish holatlari kuzatilayotgani muhokama qilindi.
“Jinoyat-ijroiya kodeksi yangi 1121-modda bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi mahkumlarga nisbatan manzil-koloniyadan umumiy tartibli koloniyaga, umumiy, qattiq yoki maxsus tartibli koloniyalardan turmaga o‘tkazish, manzil-koloniyadan umumiy yoki qattiq tartibli koloniyaga, qattiq tartibli koloniyadan maxsus tartibli koloniyaga, koloniyalardan turmaga qaytarish to‘g‘risida sudga taqdimnoma kiritilishi belgilanmoqda.
Manzil-koloniyada jazoni o‘tash davrida saqlash rejimini ashaddiy buzganlik uchun umumiy tartibli koloniyaga o‘tkazilgan hamda umumiy yoki qattiq tartibli koloniyaga qaytarilgan mahkumlar, bu haqda sud ajrimi chiqqan kundan boshlab kamida ikki yil mobaynida, shuningdek, manzil-koloniyada jazoni o‘tash davrida jinoyat sodir etib, sud tomonidan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga hukm qilingan mahkumlar manzil-koloniyaga o‘tkazilmasligi belgilanmoqda”, deydi Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda manzil-koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan 15 nafar mahkum tomonidan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar sodir etilgan bo‘lsa, 2022 yilda 77 nafar mahkum shunday turdagi jinoyatni sodir etgan.
“Endilikda mahkumlarni manzil-koloniyaga o‘tkazish muddatlari uzaytiriladi. Hozirgi kunda mahkumlar og‘ir jinoyatlar uchun – jazoning kamida uchdan bir qismini, o‘ta og‘ir jinoyat uchun kamida yarmini o‘taganidan so‘ng manzil-koloniyaga o‘tkaziladi.
Kiritilayotgan o‘zgarishlarda esa, mahkumlarni jazoni o‘tash muddatidan ilgari shartli ozod qilish – og‘ir jinoyatlar uchun jazoning kamida uchdan ikki qismini o‘taganidan so‘ng, o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun esa kamida to‘rtdan uch qismini o‘taganidan so‘ng qo‘llanilishi belgilanmoqda”, deya qo‘shimcha qildi Senator Narimon Umarov.
Shuningdek, Qonun bilan kiritilayotgan o‘zgartirishlarga asosan jazoni ijro etish muassasasi hududini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketgan mahkumlarni saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi deb topish uchun asos bo‘ladigan 24 soatlik muddat 12 soatgacha qisqartirilib, jazoni o‘tash tartibini buzganlik uchun navbatdagi uchrashuvdan mahrum etish tarzidagi jazo chorasi belgilanmoqda.
LiveBarchasi