Jigar transplantatsiyasi: 28 yoshli ayol turmush o‘rtog‘iga donorlik qildi

Jamiyat

image

Toshkentning Uchtepa tumanida yashovchi 32 yoshli O‘ktam Ahmedovga ayoli, 28 yoshli Farangiz Ahmedovaning jigaridan bir bo‘lagi ko‘chirib o‘tkazildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

Operatsiyaga boshchilik qilgan xirurg, professor Mirshavkat Akbarovning ta’kidlashicha, dastlabki tekshiruvlarda bemorning akasi donorlikka tayyorlanayotgan bo‘lgan. Lekin tekshiruvlar anatomik xususiyatlari tufayli uning jigaridan o‘ng bo‘lagini olish mumkin emasligini ko‘rsatgan. Keyin esa bemorning turmush o‘rtog‘i tekshirilib, jigarning o‘ng bo‘lagini olish uchun barcha ko‘rsatkichlar mos kelgan.

Qayd etilishicha, operatsiya texnik qiyinchiliklar bilan 14 soat davom etgan bo‘lishiga qaramasdan, barcha jarayonlar ijobiy yakunlangan. Hozirgi paytda bemorning ahvoli barqaror deb baholanmoqda, donor esa palataga o‘tkazilgan.

“Ko‘z oldingda turmush o‘rtog‘ingning kasallikdan so‘lib borayotganini, bundan farzandlaring ham ezilayotganini ko‘rish ayol kishi uchun juda og‘ir. Besh yildirki, turmush o‘rtog‘im jigar xastaligidan aziyat chekadi. Shu vaqtgacha juda ko‘plab shifoxonalarda davolanib, turli muolajalar oldi, lekin foydasi bo‘lmadi.

So‘ng shifokorlar turmush o‘rtog‘imning kasallikdan to‘liq sog‘ayib ketishi uchun jigar ko‘chirib o‘tkazish jarrohlik amaliyotini o‘tkazish zarurligini aytdishdi. Atrofdagi ko‘pchilik buning uchun Hindistonga borish kerakligini va amaliyot ancha qimmat ekanini aytdi. Bundan tushkunlikka tushgandik. Keyin esa mana shu shifoxonada bunday amaliyot o‘tkazish yo‘lga qo‘yilganidan, dastlab bunday operatsiyani boshdan o‘tkazgan bemorlarning ahvoli juda yaxshi ekanidan xabar topdik. 

Shifoxonaga order orqali kelganimiz uchun mablag‘ masalasida ham hech qanday muammo bo‘lmadi. Ushbu muassasada turmush o‘rtog‘imga jigarimning bir bo‘lagini ko‘chirib o‘tkazishdi. Operatsiyadan yaxshi chiqdik. Hozirda turmush o‘rtog‘imning ham, mening ham ahvolimiz yaxshi. O‘zim yuryapman, ovqatlanyapman”, deydi donor Farangiz Ahmedova.

Ayolning so‘zlarga ko‘ra, bir-ikki kunda O‘ktam Ahmedov palataga olinadi. Farangiz Ahmedova shifokorlarga minnatdorlik bildirgan. 

Ta’kidlanishicha, bu – O‘zbekistonda amalga oshirilgan o‘ninchi, o‘zbek shifokorlari tomonidan mustaqil ravishda o‘tkazilgan ikkinchi ortotopik jigar transplantatsiyasi amaliyotidir.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

269

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing