JIED Qashqadaryodagi koloniyada mahkum qalbaki pul yasaganini rad etdi
Jamiyat
−
20 Oktabr 2022
6210Avvalroq, Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi jazoni ijro etish manzil-koloniyasida saqlanayotgan mahkum qariyb yarim milliard so‘m qalbaki pulni bosib chiqargani haqida xabar berilgan edi. Xabarda mahkum qalbaki pullarni manzil koloniyada printer yordamida chiqargani haqida so‘z borgan.
Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti rasmiy bayonot bilan chiqib, ushbu jinoyatni mahkum G‘aybullayev koloniyada sodir etmaganini ma’lum qildi.
“Olib borilgan surishtiruv davomida yuqoridagi holatga 34-son manzil-koloniyasida jazo muddatini o‘tab kelayotgan mahkum Sh.G‘aybullayev ham ushbu guruh a’zolariga koloniyada turib telefon orqali aloqada bo‘lib, yetakchilik qilganligi aniqlangan”, deyiladi departament munosabatida.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qashqadaryo viloyat Qarshi shahar bo‘limining 12 oktyabr kuni chiqargan xatiga asosan, mahkum Sh.G‘aybullayev Jinoyat kodeksning 176-moddasi 2-qismi “v” bandi, 176-moddasi 3-qismi “a” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanuvchi tariqasida jinoiy ishda ishtirok etishga jalb etilgan.
Hozirda mahkum G‘aybullayevga nisbatan Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi qo‘llanilgan.
Ammo department bayonotida qalbaki pullar aynan qayerda tayyorlangani ma’lum qilmagan. Department Matbuot xizmati vakili bu masalaga tergov davomida aniqlik kiritilishini bildirdi.
LiveBarchasi