Jiddada muhim yig‘ilish boshlandi. Bayden Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaga 1 milliard ajratmoqchi
Olam
−
16 iyul 2022
5065Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bugun, 16 iyul kuni Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashining Xavfsizlik va taraqqiyot sammiti ochildi. Unda Misr, Iordaniya, Iroq rahbarlari va AQSH Prezidenti Jo Bayden ham ishtirok etmoqda.
“Al Arabiya” telekanali Amerika vakillariga tayanib xabar berishicha, Vashingtonning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun 1 milliard dollar ajratish haqidagi qarori muhokama mavzularidan biri bo‘ladi. Bayden buni rasmiylashtirishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, u Jiddada mushtarak mudofaa qobiliyati mavzusini ko‘tarish niyatida. Avvalroq AQSH ma’muriyati Saudiya Arabistoniga hujum qurollarini sotishga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish imkoniyatini muhokama qilayotgani xabar qilingandi. Qo‘shma Shtatlarda hujum qurollarini yetkazib berish bo‘yicha muhokamalar hali norasmiy va dastlabki bosqichda.
Sammitning asosiy mavzularidan biri energiya xavfsizligi bo‘ladi. Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud sammit ochilishida aytganidek, “jahon iqtisodiyoti energiya narxlarining barqarorligi bilan bog‘liq”. Ar-Riyodning ishlab chiqarish quvvatini kuniga 13 million barrelga oshirish qarorini eslatib, “Biz toza energiyaga sarmoya kiritishda davom etishimiz kerak”, deydi shahzoda.
Aprel oyida, boshqa OPEK+ davlatlaridan farqli o‘laroq, Saudiya Arabistoni ishlab chiqarishni biroz oshirdi – sutkalik 10,4 million barrelgacha.
Sammit arafasida Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi vakillari Jiddada “siyosiy, xavfsizlik va iqtisodiy masalalar bo‘yicha muhim hujjatlar” imzolanishi mumkinligi haqida xabar berishdi.
LiveBarchasi