JCH dardida o‘rtangan o‘zbek. Mundial orzuligicha qoladimi?

Sport

To‘rt yillikning eng yirik sport turnirlaridan biri futbol bo‘yicha Jahon chempionati (JCH) bahslari start olmoqda. Qatardagi Jahon chempionati tarixdagi eng qimmat futbol musobaqasiga aylandi. Shuningdek, bu galgi JCH oldingilaridan juda ko‘p jihatlari bilan farq qiladi. Garchi, O‘zbekiston terma jamoasi mundialni o‘tkazib yuborsa-da, musobaqani tomosha qilish uchun juda ko‘p asoslar bor. Qatar mundiali Messi va Ronaldu uchun faoliyatidagi oxirgisi bo‘ladi. Shuningdek, chempionatda har qachongindan kuchli termalar yig‘ilgan. 

O‘zbekistonda yirik turnir translyatsiyasini Milliy teleradiokompaniya (MTRK) tarkibiga kiruvchi telekanallar amalga oshiradi. “Sport” telekanali sharhlovchisi Orif Tolipov tarixiy mundial muxlislarga ko‘p jihatdan “dahshatli” to‘qnashuvlarni va’da qilayotganini yashirib o‘tirmadi. QALAMPIR.UZ iste’dodli sharhlovchi bilan Qatar mezbonlik qiladigan Jahon chempionati haqida suhbat qurdi.

Ushbu videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Quyida ushbu intervyunining matnini o‘qish imkoni mavjud. 

Shahzod Shukurov, muxbir: — “Sport” telekanalida Jahon chempionati uchun qanday dasturlar tayyorlanmoqda va telekanalning mundialga oid ko‘rsatuvlarida bevosita sizning ishtirokingiz qanaqa bo‘ladi?

Orif Tolipov, futbol sharhlovchisi: — MTRK Jahon chempionatining 64 ta o‘yinini jonli efirda namoyish qilishdan tashqari, JCH vaqtida studiya ko‘rsatuvlari, kundalik dasturlar, “highlights”lar va informatik, bundan tashqari tahliliy ko‘rsatuvlarni efirga berishni reja qilgan. Ko‘rsatuvlar klassik ko‘rinishda, lekin albatta, yangiliklar ham bo‘ladi. Format turli xil ko‘rinishda bo‘lishi rejalashtirilgan va men ko‘rsatuvlarda ham, sharhlarda ham ishtirok etishim ko‘zda tutilgan.

Sh.Sh.: — Futbol sharhlovchiligida cho‘qqi nima? Birorta o‘yinni sharhlashmi yoki...

O.T.: — Agar o‘yin e’tibori bilan qaraydigan bo‘lsak, bu milliy terma jamoa ishtirokidagi bahs bo‘lishi mumkin. Terma jamoa o‘yinlarini sharhlashgacha yetib borish yuqori nuqta hisoblanadi, lekin aslida futbol atrofidagi muxlislar e’tiborida bo‘lish, ularning mehrini qozonish muhim. Sharhlovchi terma jamoa darajasidagi o‘yinlarga muxlislarning mehri bilan yetib boradi. 

Sh.Sh.: — O‘zbek futbolining bugungi holatiga qarab, qachon O‘zbekiston aholisi ham mundialda o‘z vataniga muxlislik qiladi deb o‘ylaysiz?

O.T.: — Bu savolga hammaning o‘z javobi bor. Masalan, mening javobim ham kimningdir javobidan keskin farq qilmasligi mumkin. 48 ta jamoa ishtirok etadigan kelasi mundialda ishtirok etishimiz mumkin. To‘g‘ri, shundayam pessimistik fikrda bo‘layotganlar bor. Osiyoga sakkiz plyus kvota berilsa, O‘zbekiston shularning ichida bo‘lishiga yuz foiz ishonchim yo‘q, lekin har holda, to‘rt plyus kvotadan ko‘ra imkoniyatimiz katta bo‘lishi aniq. Shu vaqtgacha biz mundialga juda yaqin kelganmiz, ammo oxirgi saralashda hal qiluvchi bosqichga ham o‘ta olmadik, demak qandaydir muammo bor. 

Hamma o‘zbek futbolining holatini yaxshi biladi, biroq maqsad o‘laroq JCHga chiqshni emas, JCHda doimiy ishtirok etadigan mamlakat darajasini maqsad qilish kerak. Masala Jahon chempionatiga chiqishda emas, mundialga chiqish kerak, lekin doimiy ishtirok etadigan darajadagi jamoa bo‘lishimiz zarur. AFC (Osiyo futbol konfederatsiyasi)dan har doim mundialga chiqadigan, futboli kuchli, iqtidorli futbolchilari ko‘p, tizimi yo‘lga qo‘yilgan futbolni maqsad qilish kerak, shunda natija bo‘laveradi.

Sh.Sh.: — Qatardagi mundial bahslari avvalgi Jahon chempionatlaridan qaysi jihatlari bilan ko‘proq farq qiladi?

O.T.:  — “Qatardagi Jahon chempionati avvalgilaridan keskin farq qiladi va u tarixiy bo‘ladi”. Bu meni emas FIFA prezidenti Jannni Infantinoning so‘zlari. JCH qur’a tashlash marosimida Infantino mundialni ana shu gaplar bilan anons qildi. Bu gaplarni hamma katta musobaqalarning “shablon” gaplari deyish mumkin, lekin hozirning o‘zida bu mundial tarixga kirishi aniq, chunki bu mundial noyabr-dekabr oylarida bo‘lib o‘tayotgan birinchi yirik turnir hisoblanadi. Avvalgi JCHlari yozda o‘tgan va tabiiyki, ikki mavsum o‘rtasida hammaning e’tibori musobaqaga qaratilgan. Yevropada juda ko‘p mamlakatlarda mavsum mayning oxirida yakuniga yetsa, to iyun va iyul oylarida bo‘ladigan Jahon chempionatigacha kamida ikki hafta yoki bir oyga yaqin vaqt bo‘lardi, ya’ni futbolchilar biroz dam olib, keyin yana terma jamoada mashg‘ulot o‘tkazib, qizishib olib, keyin yana katta turnirga yetib borishlardi. Hozir esa unday emas. Ko‘pgina klub murabbiylari nolishni boshlab yuborishdi. Ular aytishyaptiki, futbolchilar terma jamoa o‘yinlariga o‘zlarini asrashyapti. 

Bu mundialning oldingi JCHlardan yana bir farqli jihati shundaki, bu galgi chempionatda kuchli jamoalar ko‘p. Yevropa har doimgidek kuchli, buni hamma biladi, lekin Afrika terma jamoalarini oladigan bo‘lsak, misol uchun Senegal, hatto, Sadio Manesiz bo‘lsa-da, yoki Marokashda ham yulduzli futbolchilar anchagina yig‘ilib qolgan. Xuddi shu fikrlarim Osiyoga ham tegishli. Demoqchimanki, ikkilamchi, soyada yurgan terma jamoalar ancha kuchayib qolgan.

Sh.Sh.: — Italiya o‘z tarixida birinchi bor ikkita ketma-ket Jahon chempionatida qatnashmaydigan bo‘ldi. 2018 yilgi Rossiyada o‘tgan mundialda ham “adzurra” ishtirok etmagan. Italiyasiz mundial qanday o‘tadi deb o‘ylaysiz va Italiya futboli muxlislari endi qaysi termaga muxlislik qiladi?

O.T.: — Italiya futboli muxlislari qaysi terma jamoaga muxlislik qilishini taxmin qilish juda qiyin. Gap mamlakat terma jamoasi haqida ketmoqda. Agarda klublar miqiyosida olganimizda, misol uchun "Manchester Siti", birorta turnirda o‘ynamasa, muxlis “shaharliklar” uslubiga o‘xshab to‘p tepadigan jamoaga e’tibor qaratishi mumkin. Lekin terma jamoa haqida gap ketarkan, menimcha, Italiya futboli muxlislari balki Argentinaga muxlislik qilishar. Chunki ikki mamlakat o‘rtasida tarixiy yaqinlik bor.  Italiyasiz Jahon chempionati esa 2018 yildagi kabi o‘tadi. 

Italiya futbolida qanday muammo bor shuni o‘ylash kerak. “Adzurra” orada Yevropa chempionatini yutyapti, oltin avlod shakllangan va mag‘lubiyatsiz seriyasi bor, ammo jamoa Shimoliy Makedoniyani yuta olmayapti. Ikkita JCHni o‘tkazib yuborish – bu katta. Italiyani JCHga chiqa olmagani mazkur termanining Yevropadan mundialda qatnashayotgan boshqa jamoalardan kuchsizligini anglatmaydi. Albatta, Italiya mundialda o‘ynasa yaxshi bo‘lardi,  lekin dunyo Italiyasiz o‘tadigan Jahon chempionatiga o‘rganib qolyapti.

Sh.Sh.: — Ko‘pgina vunderkindlar Jahon chempionatida kashf etilishi kutilmoqda. Sizningcha, qaysi futbolchilar Qatar mundiali kashfiyotiga aylanadi?

O.T.: — Bellingemni aytishyapti, lekin taxmin qilish qiyin. Yevropa klublarida o‘ynab yurgan ko‘plab yosh yulduzlar o‘z terma jamoasida ochilishi kutilyapti. Ba’zi terma jamoalarda yosh futbolchilarning ulushi ko‘proq. Masalan Germaniyada va Niderlandiyada ana shunday holatni ko‘rish mumkin. Kecha Portugaliya termasi ishtirokidagi o‘yinni sharhladim, Antonio Silva degan markaziy himoyachisini o‘ynatdi. Bilasiz, Portugaliya markaziy himoyasida Ruben Diash, Danilo Pereyra, Pepe bor, lekin murabbiy 2001 yilda tug‘ilgan futbolchini maydonga tushirdi va u zo‘r o‘ynadi. Antonio Silvada o‘ta tajribali himoyachilarning ruhini ko‘rish mumkin. Biz kashfiyotlarni faqat hujumda o‘ynaydigan, gol uradigan futbolchilardan izlashimiz to‘g‘ri emas.
 
Sh.Sh.: — Bu yilgi Jahon chempionati Messi va Ronaldu uchun juda katta ehtimol bilan oxirgisi bo‘ladi. Umuman, Portugaliya va Argentina termalarining tarkibi va jamoalarning umumiy holatidan kelib chiqsak, sizningcha, qaysi jamoa uzoqroqqa bora oladi?

O.T.: — Messi va Ronaldusiz ham ikkala terma jamoaning tarkibi juda kuchli. To‘g‘ri, Messi va Ronaldu o‘yin taqdirini aksar hollarda belgilab beradi, lekin ularsiz ham terma jamoalar yulduzli. Fikrimcha, Portugaliya terma jamoasida  yarim himoya kuchliroq. "Yevropa braziliyasi" markazida o‘ynaydiganlar nafaqat Argentinadan kuchliroq, balki mundialdagi eng kuchli yarim himoya Portugaliyada bo‘lishi mumkin. Argentinaning himoyasini kuchli deyish mumkin.  Lotin Amerikasi jamoasining oldingi chizig‘i ham nomdor futbolchilardan tarkib topgan: Messi, Martinez va Dibala. Ular mundialdagi eng kuchli triolardan biri. Qaysi biri uzoqroqqa boradi degan savolga javob berish, Messi kuchlimi yoki Ronaldu degan savolga javob berish bilan bir xil. Muxlislar qaysidir terma jamoani tanlashi mumkin, lekin men u yo bu terma jamoani ajratib ko‘rsata olmayman.

Sh.Sh.: — Angliya terma jamoasiga simpatiyangiz borligini bilamiz. Savol quyidagicha: APLdek kuchli chempionatning eng saralarini jamlagan terma jamoa nima uchun so‘nggi mundiallarda ijobiy natija qayd eta olamayapti?

O.T.: — Angliya terma jamoasi chempionati kuchli bo‘lmagan davrlarda ham favorit bo‘lgan. Chempionatni kuchliligi esa ko‘p jihatdan faqat angliyalik futbolchilarga bog‘liq bo‘lmaydi. “Amerika orzusi” degan tushuncha bor-ku, APL bu futbolchilar uchun “Angliya orzusi” degan futboldagi tushunchaga o‘xshaydi. Angliya chempionati juda ham rang-barang. APLda Koreya, Eron, Kosta-Rika mamlakatlari futbolchilari ham o‘ynaydi. Aytmoqchimanki, men milliy terma jamoa bilan chempionat darajasini bir-biriga solishtirmagan bo‘lardim. Eng ko‘p Jahon chempionligini qo‘lga kiritgan terma jamoa Braziliya bo‘lsa, Braziliya chempionati haqida nima deya olamiz? Chempionat iqtidorli futbolchilarni yetishtirib beradi va ular keyinchalik Yevropaga keladi. Xullas, Angliyaning tarkibi doim yulduzli bo‘lgan. Terma jamoaning murabbiy bilan bog‘liq muammosi bor edi, ammo murabbiy natija ko‘rsatishni boshladi. O‘tgan safar Angliya Jahon chempionatida yarim finalgacha bordi, oxirgi Yevropa chempionatida jamoa finalga chiqa oldi. Mantiqiy davomiylik bo‘yicha Angliya bu safar Jahon chempioni bo‘lishi kerak, lekin bu qiyin. Angliyaning tarkibi yulduzli, ammo yuqorida aytganimdek boshqa terma jamoalarning tarkibi ham shunday. Shuning uchun Angliyaning imkoniyatlari qolgan favoritlar bilan bir xil. 

Sh.Sh.: — Siz tomosha qilgan mundiallar ichida eng esda qolarlisi qaysi biri bo‘lgan?

O.T.: — Eng esda qolarlisi 2002 yildagi mundial bo‘lgan, chunki o‘sha chempionat meni futbolga olib kirgan. 2002 yildagi Jahon chempionati boshqalaridan baribir o‘z elementlari bilan farqlanib turadi. Masalan Ronaldo, Kan va Kloze kabi futbolchilar bilan, yoki Turkiya va Koreyaning yarim finalga borishi bilan ajralib turadi. Xullas, hammaning o‘z xotiralari bor. Men uchun esa Yaponiya va Janubiy Koreyadagi mundial eng esda qolarlisi bo‘lgan.

Sh.Sh.: — Bu yilgi Jahon birinchiligida “kutilmaganda” degan so‘z ko‘proq qaysi terma jamoaga nisbatan ishlatiladi, deb o‘ylaysiz?

O.T.: — Menimcha, bu so‘zni ko‘p ishlatamiz. Kutilmaganda degan so‘zni kutilmaganda ishlatishimiz mumkin. Deylik, birorta katta terma jamoa guruhda qolib ketdi. Bu ham kutilmaganda bo‘lishi mumkin yoki klublarda o‘yini chiqmayotgan futbolchi mundialda zo‘r o‘ynab ketishi mumkin. Masalan, Miroslav Kloze turli klublarda o‘rta darajada to‘p tepgan, lekin u Germaniya bilan Jahon chempionatiga kelganda umuman boshqa futbolchiga aylanadi. Kutilmaganda degan so‘zni biz qachon ishlatishimizni bilmaymiz. 
Siz o‘ylayotgan narsadan kelib chiqib gapiradigan bo‘lsak, men Serbiya terma jamoasini aytgan bo‘lardim. Serbiyani tarkibiga qarasak, darvozasida Italiya chempionatining eng yaxshi posbonlaridan biri Vanya Milinkovich-Savich turibdi. Jamoaning himoyasidan tortib hujumigacha zo‘r futbolchilar bor: Tadich, Vlahovich, Kostich. Bu super tarkib. Jamoa ilk turda Braziliya bilan o‘ynaydi. Zo‘r o‘yin bo‘lishi shubhasiz.

Sh.Sh.: — So‘nggi uchta mundial g‘oliblari Ispaniya, Germaniya va Fransiya terma jamoalarining mundialdagi imkoniyatlarini qay darajada baholaysiz? 

O.T.: — Germaniya UEFA millatlar ligasidagi oxirgi o‘yinlarida juda qiynaldi. Flikda yaxshi terma jamoa bor. Bu Braziliyani 7:1 ga urib tashlagan Germaniya. Futbolchilar almashaveradi, lekin mentalitet o‘zgarmaydi. Menimcha, Germaniya bosh sovrinni qo‘lga kiritishn uchun asosiy 4 ta jamoadan biri. 

Ispaniya haqida gapiradigan bo‘lsak, hozir ko‘pchilik Luis Enrikening tanlovlaridan hayratda.  Enrikening o‘z uslubi bor va u o‘z maktabiga taalluqli futbolchilarni tanlayapti, lekin Ispaniyada hujumlarni yakunlashda muammo bor. Aynan shu jihat jamoaga xalaqit berishi mumkin. Musobaqa hali boshlanmasdan turib aytishim mumkinki, chempionatda ishtirok etadigan eng jozibali o‘yin ko‘rsatadigan jamoa – bu Ispaniya. Fransiyaning o‘yini esa baribir Mbappe atrofida quriladi. Mbappega ko‘p narsa bog‘liq, ammo endi terma jamoaga Karim Benzema ham qo‘shildi. Bu jamoaga qanday ta’sir ko‘rsatadi, hozircha noma’lum. Benzema 17 oktyabr kuni "Oltin to‘p"ni olgan bo‘lsa, o‘shandan keyin “Real”ning juda ko‘p o‘yinalarini o‘tkazib yubordi. U Jahon chempionatiga o‘zini asradi. Fransiya mundial g‘olibligi uchun asosiy da’vogar, xuddi Germaniya kabi. 

Sh.Sh.: — Oxirgi marta mundialda Janubiy Amerika terma jamoasi g‘olib bo‘lganiga 20 yildan oshdi. Nima deb o‘ylaysiz, balki bu safar oltin kubok Lotin Amerikasiga yo‘l olar?

O.T.: — Janubiy Amerika terma jamoalarini ham favoritlar qatorida, deb ayta olaman. Lotin Amerika jamoalarining ham imkoniyatlari xuddi Germaniya, Fransiya kabi yuqori. Braziliyada tarkib daxshatli ko‘rinish olgan. Urugvay terma jamoasi ham syurpriz qilishi mumkin. Fede Valverdesi bor Urugvayga raqib bo‘lish oson bo‘lmaydi. Janubiy Amerika terma jamolarining ham imkoniyatini ancha yuqori, deya olaman. Yevropa jamoalariga shular qarshilik ko‘rsatmasa, kim qarshilik qiladi?

Sh.Sh.: — Sizningcha, Osiyo vakillari mundialda uzog‘i qaysi manzilgacha boradi?

O.T.: — Qatar bu mundialga juda ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan. 2000 yillarda Qatarda ispaniyalik futbol mutaxassislarining metodlari asosida futbol maktablari ochildi. Misol uchun, Gvardiola Qatarda o‘ynagan. Xavigacha bo‘lgan davrda ham ispanlar Qatarda faoliyat yuritishgan. Qatar allaqachon Osiyo kubogida g‘olib bo‘ldi va ulardan men shunchaki mezbonlikni emas, yaxshi natija ham kutyapman. Koreya va Yaponiya terma jamoalarining ham imkoniyati juda yaxshi. Osiyo jamoalari bizga boshqacha rangni beradi.

Sh.Sh.: — Orif Tolipovga qaysi termaning o‘yinini sharhlash ko‘proq yoqadi?

O.T.: — Ispaniyaning o‘yinini sharhlash juda yoqadi. Shiddatli va rang-barang o‘yin ko‘rsatadigan terma jamolarning o‘yinlarini sharhlash ma’qul. 

Blits savollar

— Zidan yoki Ronaldino?
— Zidan.

— Argentina yoki Portugaliya?
— Argentina.

— Ispaniya yoki Fransiya?
— Fransiya.

— Yevropa Chempionlar ligasi yoki Jahon chempionati?
— Jahon chempionati.

— Holand yoki Mbappe?
— Mbappe.


Sh.Sh.: — Mundialni o‘tkazib yuboradigan futbolchilardan ramziy terma jamoa tuzib bering?

O.T.: — Bu savolga qisqa qilib Italiya terma jamoasi deb javob beraman va Italiyaning tarkibiga Xolandni ham qo‘shib qo‘yaman.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

72

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing