JBT bosh kotibiga O‘zbekistonda faxriy unvon berildi
Jamiyat
−
25 noyabr 2021
3396Bugun, 25 noyabr kuni Davlat bojxona qo‘mitasida Markaziy bojxona laboratoriyasiga Jahon bojxona tashkilotining mintaqaviy maqomi berilishiga va DBQ Bojxona institutida “Bojxona ishi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishini PICARD professional standartlarga muvofiq akkreditatsiyadan o‘tkazilganligi bo‘yicha sertifikatni tantanali taqdim etish marosimiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida, Jahon bojxona tashkilotining bosh kotibi Kunio Mikuriyaga “DBQ Bojxona instituti Faxriy professori” unvoni berish to‘g‘risidagi qaror o‘qib eshittirildi va unga tegishli diplom hamda mantiya topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida, 2019 yilda Kunio Mikuriyaning O‘zbekistonga bo‘lgan tashrifidan so‘ng, Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ga binoan O‘zbekistonda bir qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan:
• 2020 yilda O‘zbekistonning tashqi savdo sohasida xalqaro darajada e’tirof etilgan hujjatlar – Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha Kioto Konvensiyasi va Vaqtincha olib kirish bo‘yicha Istanbul Konvensiyasiga qo‘shilgani mamlakatdagi tadbirkorlik va investitsiya muhitining jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi;
• 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Jahon bojxona tashkiloti va Shveysariya Iqtisodiy hamkorlik Kengashi (SECO) o‘rtasida amalga oshiriladigan “Savdoni soddalashtirish global dasturi”ga qo‘shildi;
• “Yagona darcha” bojxona milliy tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Jahon bojxona tashkilotiga a’zo davlatlarning “Yagona darcha” tizimini qo‘llash bo‘yicha standartlari, amaliyoti o‘rganib chiqildi va amaliyotga tadbiq etildi;
• O‘zbekiston bojxona xodimlari uchun Jahon bojxona tashkilotining “Elektron bojxona Akademiyasi” hamda CLiKC (Bojxona ta’limoti va o‘quv tizimi) elektron ta’lim portalidan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, tadbirda institut ta’lim dasturining xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilishi xorijiy davlatlarning bojxona sohasidagi akademik doiralari bilan ilmiy hamkorligini kuchaytirishi, professor-o‘qituvchilar va talabalarning akademik mobilligini rivojlantirishi, xalqaro ta’lim bozoridagi o‘rnini oshirishi, jumladan Markaziy Osiyoda bojxona ishi bo‘yicha xalqaro ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi “xab”ga aylanish imkonini berishi ta’kidlandi.
LiveBarchasi