Jarimani 15 kun ichida to‘laganlar jazoning chorak qismidan ozod etiladi
Jamiyat
−
04 dekabr 2020
9713Agar fuqaro ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga binoan belgilangan jarimani qaror chiqqandan so‘ng 15 kun ichida ixtiyoriy to‘lasa, faqatgina 75 foizini to‘laydi. Bu haqda Oliy sud sudyasi Abdurasul Eranov AOKAda o‘tgan qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish bo‘yicha matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Sudlarda ijro masalasida ham qonun talablariga rioya qilinadigan bo‘lsa, odamlarga yengillik berish nazarda tutilyapti. Xususan, ma’muriy jarimalar ustida ishlanmoqda. Agar jarima qaror chiqanidan so‘ng 15 kun ichida, ixtiyoriy ravishda to‘lanadigan bo‘lsa, fuqaro jarimaning faqatgina 75 foizini to‘lasa, yetadi. Qolgan qismidan ozod etiladi”, deydi Eranov.
Oliy sud sudyasi so‘zida davom etarkan, bir qator soddalashtirilgan tartiblar, fuqarolarga yengillik beradigan holatlar bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilayotganini ta’kidladi.
“Shunga o‘xshagan bir qator soddalashtirilgan tartiblar, fuqarolarga yengillik beradigan holatlar bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Bu ishlarnig hammasi kelgusida qonunlarning hayotga tadbiq etilishi, sud hokimiyatining samaradorligini oshirish hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish masalasida ahamiyatini orttiradi”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev 70 foiz jarimani vaqtida to‘lagan haydovchilarni jarimaning 30 foizidan ozod qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan qonun loyihasi yuzasidan ma’lumot bergandi.
“Huquqbuzar jarima solish haqida qaror topshirilgan kundan boshlab o‘n besh kun ichida jarima miqdorining 70 foizini ixtiyoriy to‘lagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinishi bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi modda kiritilmoqda”, degandi Kusherboyev.
LiveBarchasi