Japarov o‘z daromadidan 2,5 baravar qimmatroq kiyinadi – “24.kg”

Bu qiziq

image

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning kiyim-kechaklari narxi uning rasmiy daromadidan bir necha barobar baland ekanligi ma’lum qilindi. Mazkur hisob-kitobni “24.kg” nashri olib borgan.

Nashrning yozishicha, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov 2021 yilda bir million som (taxminan 130 mln 780 ming so‘m)dan kamroq daromad olgan. Ushbu ma’lumot uning Qirg‘iziston Respublikasi Soliq xizmati 2022 yil dekabrida e’lon qilgan deklaratsiyasida keltirilgan.

“Davlat rahbarining daromadlari va mol-mulkiga oid ma’lumotlarga ko‘ra, uning 2021 yildagi daromadi 997 803 somni tashkil qilgan. Demak, Prezidentning oylik maoshi 83 ming 100 som (deyarli 11 mln so‘m)dan iborat”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Japarovning 0,6 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasi va garaji bor, xolos. Shuningdek, ko‘chmas mulk yoki transport vositasi haqida ma’lumot berilmaydi. Davlat rahbarining eng yaqin qarindoshlarining daromadlari va mol-mulki haqida ham ma’lumot yo‘q.

Nashrning ta’kidlashicha, davlat rahbari Qulanak GESi qurilishiga kapsula qo‘yish uchun kiyib kelgan bor-yo‘g‘i bitta kurtkaning narxi uning yillik daromadidan oshib ketadi. Bu 1 million 264 ming som (taxminan 166 million so‘m) yoki Sadir Japarovning 15 maoshiga teng.

2022 yil yanvar oyida Sadir Japarov va birinchi xonim Oygul Japarova Qorako‘ldagi tog‘-chang‘i kurortida dam oldi. U yerda ham ular qimmatbaho kurtkalarni kiygan: davlat rahbari egnida 1099 yevroga teng Lynn brendiga tegishli kurtka bor edi. Birinchi xonim esa Toni Sailer brendining 1600 dollarlik kurtkasida bo‘lgan.

Birgina o‘tgan yilning o‘zida Sadir Japarovning garderobida qariyb 2 million 500 ming som (taxminan 328 mln so‘m)lik liboslar ko‘zga tashlandi. Bu uning yillik daromadidan 2,5 barobar ko‘p.

“Prezidentning eng yaqin qarindoshlarining mol-mulki va daromadi ko‘rsatilmagani bois, davlat rahbari bunday pullarni qayerdan olayotgani noma’lumligicha qolmoqda”, deb yozadi nashr.

Eslatib o‘tamiz, 12 dekabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning Airbus H145 vertolyoti taqdimotida kiygan kiyimlari ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgani xabar qilingandi.

Sadir Japarov ushbu taqdimotda kiygan “Loro Piana” brendiga tegishli mo‘ynali kurtkasi 14 177 yevro (15 ming dollar) turadi. O‘zbek so‘miga hisoblaganda ushbu kiyim 169 million 216 ming so‘mni tashkil etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing