Janubiy Koreyadagi kuchli yomg‘irda 17 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
21 iyul 2025 2469 1 daqiqa
Joriy yilning 16 iyul kunidan beri Janubiy Koreyada yog‘ayotgan kuchli yomg‘irlar va yuzaga kelgan ko‘chkilar oqibatida kamida 17 kishi halok bo‘ldi, yana 11 kishi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda mamlakat hukumati ma’lumotiga tayanib, “Yonhap” agentligi xabar berdi.
Tabiiy ofat 2000 dan ortiq bino va qishloq xo‘jaligi yerlariga zarar yetkazgan. Eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud – janubdagi Sanchxon okrugi bo‘lib, u yerda 10 kishi halok bo‘lgan va 4 kishi bedarak yo‘qolgan. Qutqaruv ishlari davom etmoqda va jabrlanganlar soni ortishi mumkin.
Ob-havo 16 iyul kunidan beri yomon. Xususan, Sanchxonda 20 iyul kuni kechqurunga kelib yog‘ingarchilik miqdori 793,5 millimetrga (79,35 santimetr) yetgan. Rasmiylar mamlakat bo‘ylab deyarli 2000 ta favqulodda holat qayd etilgani, yo‘llarning suv ostida qolishi jamoat infratuzilmasining buzilishiga olib kelganini aytgan. Bundan tashqari, 2200 dan ortiq xususiy mulklarga zarar yetgan.
Ob-havo yomonlashgani tufayli 13 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilinib, mamlakatning 15 ta viloyat va shaharlaridagi xavfsiz hududlarga joylashtirilgan. 62 ta reys bekor qilingan.
Yomg‘irlar ayrim hududlarda 20 iyul kunigacha davom etishi kutilgan edi, biroq hukumat eng yuqori darajadagi xavf darajasini bekor qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyada 120 yil ichidagi eng ko‘p yomg‘ir yog‘ishi oqibatida 2 kishi halok bo‘lgani, 1000 ga yaqin odam evakuatsiya qilingani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi