Janubiy Koreya O‘zbekiston bilan muhojirlik aloqalarini yakunlashi mumkin

Jamiyat

Janubiy Koreya O‘zbekiston bilan migratsiya aloqalarini to‘xtatishi mumkin. Bu haqda 17 yanvar kuni Migratsiyasi agentligi rahbariyati ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.

“Hozirgi kunda Koreyada nolegal yurgan O‘zbekiston fuqarolari 9,6 foizga yetgan. Agar bu 10 foizga chiqadigan bo‘lsa, o‘sha davlat biz bilan migratsion aloqalarni to‘xtashi ham mumkin. Shu bois biz qattiqroq choralar ko‘rishga majbur bo‘lyapmiz”, dedi agentlik Axborot xizmati rahbari Jamoliddi Qalandarov.

Migratsiya agentligi boshqarma boshlig‘i Islomjon Hamroyevning qo‘shimcha qilishicha, Janubiy Koreya qonunchiligida noqonuniy migrantlar bilan bog‘liq normalar aniq belgilab qo‘yilgan.

“Koreya Respublikasi qonunchiligi bo‘yicha har bitta davlatdan kelgan noqonuniy mehnat migrantlari soni 10 foizdan oshib ketsa, kvota masalasida kamaytirish, qisqartirish, vizani bekor qilish masalalari kun tartibiga qo‘yiladi. Shuning uchun fuqarolarimiz nolegal maqomga o‘tib ketayotganining oldini olish maqsadida Migratsiya agentligi tomonidan uch tomonlama shartnoma tuzilgan. Bu shartnomada aynan, mehnat migranti Koreyaga borgandan keyin ish joyini bevosita agentlik bilan kelishmasdan o‘zgartirmasligi yoki nolegal maqomga chiqib ketmasligi bo‘yicha majburiyat oladi. Fuqaroning xatti-harakatlari huquqiy munosabat bo‘yicha shartnoma taraflarning ixtiyoriga asosan amalga oshiriladi. Demak, bunday holatda ketayotgan migrantga majburan imzo qo‘ydirilmaydi. Shartnomani imzolashdan oldin tushuntirish ishlari olib borilib, hozirgi kunda hattoki maxsus kurs qo‘yildi. Agentlik tomonidan ketayotgan fuqarolarga nolegal maqomda bo‘lishning oqibatlari, salbiy holatlari, javobgarlik, o‘sha davlatning qonunchiligini buzganlik uchun deportatsiya masalasi, jarima qo‘llash masalasini tushuntirish bo‘yicha maxsus kurs qo‘yildi. Har bitta ketayotgan fuqaroga hozirgi kunda mahalla idoralari bilan kelishgan holda targ‘ibot-tashviqot ishlari, hatto amaliy holatda sudlarning qarorini ko‘rsatgan holda yo‘lga qo‘yildi”, deya tushuntirdi u.

Janubiy Koreya korxonalari nega o‘zbeklarni tanlamayapti?

Xo‘sh, Janubiy Koreyaning o‘zbekistonlik migrantlardan ko‘ngli sovishiga nima sabab bo‘lmoqda? Migratsion yo‘nalishda O‘zbekiston fuqarolari uchun eng yaxshi manzillardan biri bo‘lgan mazkur mamlakatda migrantlar qanday xatolarga yo‘l qo‘yyapti?

“Har bir Koreya ish beruvchisi xorijiy fuqaroni tanlagandan keyin uning hujjatlarini rasmiylashtirish, Koreya Adliya vazirligidan vizasini rasmiylashtirish, har bir ishga boruvchiga hujjatlarni tayyorlash, ularni yotoqlar bilan ta’minlash kabilar uchun xarajat qiladi. Bizning O‘zbekiston fuqarolarida keyingi vaqtda kuzatilayotgan tendensiya – juda ko‘p holatlarda Koreyaga borgandan keyin 1-3 oy ichida ish joyini tashlab, qaysidir yaqinining, tanishining taklifiga ko‘ra undan ozgina qimmatroq joyga ketib qolyapti. Demak, ish beruvchi o‘z xarajatiga kuyib qolyapti. Shu nuqtai nazardan ham ish beruvchi davlat ko‘proq Senegal fuqarosini tanlaydi. Masalan Vetnam fuqarosini tanlaydi. Chunki ular olib borilgan ish joyini kamida 1-3 yilgacha tashlab ketish holatlari kam kuzatiladi”, dedi  agentlik bo‘lim boshlig‘i A’zam Ahmatov.

Agentlik rahbariyatining aytishicha, nolegallik holatlari 2022 yilgacha 3-4 mingdan ortiq bo‘lgan. Hozirda bu raqamlar 2-3 mingni tashkil qilmoqda. Ammo baribir Janubiy Koreya migrantlarga bo‘lgan ehtiyojini kamaytirmoqda. So‘nggi yillarda Janubiy Koreyaga ketish istagida bo‘lgan nafaqat O‘zbekiston, balki, boshqa mamlakat fuqarolarining ham arizalari qabul qilinmayapti.

“Koreya 2007 yildan boshlab “bandlikka ko‘maklashish tizimi” tarzida 16 ta davlat bilan ishlab keladi. Ya’ni har yili Koreya o‘zini mehnat resursidagi yetishmovchiligidan kelib chiqib, o‘zlariga nechta ishchi kerakligi bo‘yicha ma’lumot beradi. Aynan E-9 vizasi bo‘yicha boradi, degan gap yo‘q bu yerda. E-9 yoki E-7 maxsus malaka, E-8 mavsumiy ishlarga bu hammasini o‘z ichiga oladi. Oxirgi paytda nafaqat O‘zbekistondan balki, boshqa mamlakatlardan ham migrantlar qabul qilishni kamaytirmoqda. Oddiy Nepalni misol qilsak, 2023 yilda 19 738 nafar fuqaro jo‘natgan. Lekin 2024 yilga kelib ular 7081 nafar fuqaroni jo‘natdi. Migratsiya agentligi tomonidan O‘zbekistonda ham xuddi shunaqa – o‘tgan yili 4878 nafar fuqaro jo‘natilgan bo‘lsa, bu yil 3080 nafar fuqaro yuborildi. Undan tashqari, Koreyaning iqtisodiyotida ham o‘zgarishlar bo‘lgani sababli ba’zi kompaniyalar o‘zlarini bankrot deb e’lon qilmoqda”, dedi agentlik vakili.

Qolaversa, ayrim fuqarolarda, “bo‘ldi, men imtihondan o‘tdim, demak, men ketaman” degan fikr borligi, hozirda 10 mingtadan ortiq imtihondan o‘tgan fuqarolar borligi, qachonki Koreya ish beruvchisi uni tanlasagina, ketishi mumkinligi aytildi.

“Bitta fuqaroga noqonuniy yurgani uchun chora ko‘rilishi bu – minglab odamlarga ta’sir qiladi. Orqada 10 mingdan ortiq odam test sinovlaridan o‘tib, tanlanishini kutib turibdi. Shu bois chet elga  bori ishlayotgan har bir fuqaromiz qonun-qoidalarga amal qilishi kerak. Hamkasblarimizdan iltimos qilardim, ularni migrant sifatida emas, o‘zimizda chiqqan kichik investor sifatida baholashimiz kerak”, dedi Axborot xizmati rahbari.

O‘zbekistonliklar nega Koreyaga noqonuniy boradi?

Janubiy Koreyaga ketish uchun to‘lovlar miqdorining qimmatligi  fuqarolarning noqonuniy yo‘llar orqali bu mamlakatga ketishiga sabab bo‘lmoqda.  Masalan, Koreya  Respublikasida ishlash uchun talab qilinadigan E-9 ishchi vizasi uchun 1200 dollar talab qilinadi. Buning orasida esa Migratsiya agentligi xizmatlari uchun to‘lovlar ham bor. Nima uchun fuqarolarini ish bilan ta’minlay olmagan davlatning migratsiya agentligi chetda ishlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga ko‘rsatgan xizmati uchun  pul talab qiladi? Bu ko‘pchilikni qiynayotgan savoldir.

“Migratsiya agentligi davlat tashkiloti bo‘lgani bilan – bu xo‘jalik boshqaruvidagi tashkilot hisoblanadi. Bu o‘zining xodimlariga haq to‘lash, boshqa xizmatlarni ko‘rsatish, shart-sharoit yaratish nuqtai nazaridan ham ko‘rsatgan xizmatlari uchun haq undirishga haqqi bor. Hozirgi ko‘p holatda Rossiya Federatsiyasiga boradigan fuqarolarimizning ish haqlaridan kelib chiqqan holatda yoki ularga ko‘niktirish tadbirlarining qisqaligi nuqtai nazaridan to‘lovlarni mutlaqo bekor qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Oxirgi qaror bilan bekor ham bo‘ldi. Guruhlarda Koreya Respublikasi uchun 15 kungacha tayyorlov kurslari bor. Bular uchun pul kerak albatta”, dedi agentlik bo‘lim boshlig‘i A’zam Ahmatov.

Bundan tashqari, tizimda korrupsion holatlar ham talaygina. Ayni shu sabab ham Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ko‘p bor tanqid qilingan va muhokamalarga sabab bo‘lgan. Agentlik rahbariyati esa tizimdagi korrupsiyani yo‘qlatolmagani uchun ham tez-tez o‘zgarib turadi. Xo‘sh, Yangidan tashkil qilingan Vazirlar ahkamasi huzuridagi migratsiya agentligi O‘zbekistonning migratsion imijiga salbiy ta’sir qilayotgan bu muammolarni hal qila oladimi?

“Koreyaga yuborishda korrupsion holatlar oldin bo‘lganligini hamma bilgan. Bu bor holat. Agentlik hozir o‘zgardi. Ikkinchidan, bir narsani tushunish kerakki, bizda asosiy maqsad – xalqqa yaqinlashish, ularning ishonchini qozonish. U shunchaki aytdi-qo‘ydi, e qo‘y, puling bo‘lmasa ishing bitmaydi degan fikrdan voz kechish. Asosiy masala shu”, dedi Migratsiya agentligi direktor o‘rinbosari Matlab Quronov.

Agentlikning yangi rahbariyati Janubiy Koreyaga noqonuniy ketishni to‘xtatish borasiga bir qancha ishlarni amalga oshirayotganini aytmoqda.  Bunda ular imtihon jarayonlarida  inson omilini kamaytirish choralarini ko‘rilayotgani, noqonuniy muhojirlarni qonuniylashtirish borasida ishlar ketayotganini aytdi.

Shu sababli ham Vazirlar mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi rahbariyati Janubiy Koreyaga ketish istagidagi fuqarolarni, Koreyada ishlayotgan fuqarolarni mavjud qonun-qoidalarga amal qilishni so‘rab, ogohlantirmoqda.

“Fuqarolarimiz Janubiy Koreyadan deport bo‘lsa, uning farzandlari ham kelajakda bu mamlakatga bora olmaydi. Uning oila a’zolari, yaqin qarindoshlarining ham vizalariga rad javobi kelaveradi. Shuning uchun, fuqarolarimiz qonunlarga amal qilishi lozim. Til o‘rgansa, imkoniyatlar ham ortadi”, dedi agentlik direktor o‘rinbosari Azimjon Husanov.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing