Janubiy Koreya qiruvchi samolyotlarini harakatga keltirdi
Olam
−
14 Oktabr 2022
8557Kecha, 13 oktyabr kechki payt Shimoliy Koreya jangovar samolyotlari ikki davlatni ajratuvchi chegara bo‘ylab parvoz uyushtirganidan so‘ng, Janubiy Koreya qurolli kuchlari qiruvchi samolyotlarini demilitarizatsiya zonasiga jo‘natdi. Bu haqda “Washington Post” nashri mahaliy koreys nashrlariga asoslasnib xabar bermoqda.
Janubiy Koreya harbiy shtab boshliqlari qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya samolyotlari ikki koreys mamlakati o‘rtasidagi dengiz chegara chizig‘idan atigi yetti mil shimol uzoqlikda harakatlangan. Pxenyanning jangovar samolyotlari, shuningdek, quruqlik chegarasidan o‘n mil shimoliy masofada ham qayd etilgan.
Mazkur voqealar 14 oktyabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan va unda Pxenyanning 10 ga yaqin jangovar samolyotlari ishtirok etgan. Shimoliy Koreya o‘tgan haftada ham janubga jangovar samolyotlarni jo‘natgan edi, ammo “nihoyatda g‘ayrioddiy” deb baholangan mazkur so‘nggi parvozlar Seul havo hududiga yanada yaqinlashdi. Janubiy Koreya harbiylari elita havo kuchlari ishtirokida, jumladan, F-35A qiruvchi samolyotlari bilan favqulodda parvoz tashkillashtirilganini, biroq to‘qnashuvlar sodir bo‘lmaganini ma’lum qilgan.
O‘z navbatida, Seul Pxenyan tomonidan 2018 yilda ikki koreys davlati o‘rtasida tinchlikni ta’minlash sa’y-harakatlari doirasida tashkil etilgan betaraf dengiz zonasiga artilleriya snaryadlaridan o‘q uzilganini ma’lum qilgan. Shimoliy Koreya armiyasi bosh harbiy shtabi esa janub tomonidan harakatni keskinlik yuzaga keltirish uchun urinish deya baholagan:
“[Shimoliy] Koreya xalq armiyasi front chizig‘idagi harbiy keskinlikni qo‘zg‘atayotgan Janubiy Koreya harbiylariga qat’iy ogohlantirish berdi”, deyiladi Shimoliy Koreya armiyasi bosh shtabi vakilining davlatga qarashli Markaziy axborot agentligiga bergan hisobotida.
Shimol rasmiylarining ta’kidlashicha, “tezkor qarshi choralar” Janubiy Koreyaning chegaraga yaqin zonada10 soat davom etgan artilleriya otishmalariga javob tarzida amalga oshirilgan. Janubiy Koreya Mudofaa vazirligi esa Shimoliy Koreya bilan chegaradan janubda joylashgan harbiy uchastkada artilleriya mashqlari o‘tkazilganini, ammo mashg‘ulotlar 2018 yilgi harbiy kelishuv qoidalarini buzmaganini aytib o‘tgan. Janub rasmiylari, shuningdek, shimolliklarning manyovrlarini “eskirgan” va “noilojlik chorasi” ekanini aytgan.
Qayd etish kerakki, Pxenyan va unga raqib Vashington o‘rtasidagi yadroviy muzokaralar to‘xtab qolgan ayni bir paytda keskinlik kuchaymoqda. Shimoliy Koreya joriy yilda 40 dan ortiq raketa parvozlarini amalga oshirdi va so‘nggi jarayonlarni shaxsan Kim Chen Inning o‘zi nazorat qildi. Shimoliy Koreya rahbari mahalliy OAVga o‘z nutqida mamlakat yadroviy kuchlari “haqiqiy urush”ga to‘liq tayyor ekanini ochiq aytgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 14 oktyabr kuni Janubiy Koreya hukumati so‘nggi besh yil ichida birinchi marta Shimoliy Koreyaga qarshi bir tomonlama sanksiyalar kiritdi. Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, chora-tadbirlar Shimoliy Koreyadagi 15 nafar shaxsi va yadroviy va raketalarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanadigan 16 tashkilotga qaratilgan.
LiveBarchasi