Jamoatchilik ekspertizasi qonun loyihasining kamchiliklarini aniqladi
Jamiyat
−
17 noyabr 2019
3242O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilganda qator kamchilik va noaniqliklar belgilab olindi.
Xususan, loyiha O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan ko‘rib chiqilib, jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilib, quyidagicha xulosasi berildi:
Loyihaning 10-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, “Ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlash, shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi”, - deb belgilangan.
Ammo, bunda fuqarolar bilan bir qatorda boshqa shaxslar, jumladan yuridik shaxslar va tadbirkorlik sub’ektlarining sha’ni va qadr-qimmati, ishchanlik obro‘sini tahqirlash, ularning qonuniy faoliyatiga aralashishning taqiqlanishi nazarda tutilmagan.
Bu esa, amaliyotda noaniqliklarga olib kelishi mumkin.
Shu sababli, yuqoridagi normani quyidagi tahrirda bayon qilish tavsiya etiladi:
“Ommaviy axborot vositalari orqali jismoniy va yuridik shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlash, shaxsiy hayotiga hamda qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradigan faoliyatiga aralashish taqiqlanadi”.
Loyihaning 21-moddasi ikkinchi qism uchinchi xatboshiga ko‘ra, “agar ommaviy axborot vositasi olti oydan ortiq vaqt davomida nashr etilmagan bo‘lsa (efirga uzatilmagan bo‘lsa)”, ushbu holat ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomani haqiqiy emas deb topish uchun asos bo‘lishi belgilangan.
Biroq, loyihaning 22-moddasi oltinchi qismiga ko‘ra, yuqoridagi holat guvohnomani tugatish uchun asos bo‘lishi belgilangan.
Bu esa, amaliyotda noaniqliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shu bois, loyihaning 21-moddasi ikkinchi qismidan uchinchi xatboshini chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
Loyihaning 21-moddasi uchinchi qismiga ko‘ra, “Jismoiy shaxs vafot etgan yoki ommaviy axborot vositasining ta’sischisi bo‘lgan va ushbu Qonunning 24-moddasiga muvofiq huquq va majburiyatlari tahririyatga o‘tkazilmagan yuridik shaxs tugatilgan taqdirda, ommaviy axborot vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomaning amal qilishi to‘xtatiladi”, - deb belgilangan.
Bunda, mazkur norma guvohnomaning to‘xtatilishini nazarda tutsada, ammo guvohnomani haqiqiy emas deb topishni belgilovchi moddada (loyihaning 21-moddasida) keltirilgan. Vaholangki, guvohnomaning to‘xtatib turilishi bilan bog‘liq normalar loyihaning 22-modasida belgilangan.
Shuningdek, loyihaning 22-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, “Ommaviy axborot vositasining faoliyati faqat muassisning qarori bilan yoki ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning arizasi asosida sudning qaroriga ko‘ra to‘xtatib turilishi yoki tugatilishi mumkin”, - deb belgilangan bo‘lib, mazkur norma yuqoridagi holatga nisbatan ham qo‘llanilishi yoki qo‘llanilmasligi aniqlashtirilmagan.
Bundan tashqari, yuqoridagi normada jismoniy shaxs vafot etganda,
Biroq, loyihaning 24-moddasi to‘rtinchi qismida muassis (muassislar) jismoniy shaxs (jismoniy shaxslar) bo‘lsa, uning (ularning) huquqlari va majburiyatlari qonuniy vorislariga meros bo‘lib o‘tishi mumkinligi belgilangan.
Shu bois, yuqoridagi normani ushbu masalalarni inobatga olgan holda, qayta ko‘rib chiqish tavsiya etiladi
Loyihaning 24-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra, “Muassis tahririyatdan o‘z nomidan xabar yoki material bepul va belgilangan muddatda tarqatishni buyurtma qilishga haqlidir. Muassis buyurtmasining maksimal miqdori, xarajatlarni qoplash tartibi tahririyat ustavida, uning shartnomasida yoki muassis bilan tuzilgan boshqa shartnomada belgilanadi”, - deb belgilangan.
Ammo, mazkur mazmundagi norma ushbu moddaning birinchi qismi beshinchi xatboshida keltirilgan bo‘lib, uni qayta takrorlash zarurati mavjud emas.
Shu sababli, loyihaning 24-moddasidan ikkinchi qismni chiqarib tashlash tavsiya etiladi.
Loyihaning 26-moddasi beshinchi qismi to‘rtinchi xatboshiga ko‘ra, “chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar” bosh muharrir bo‘lishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi norma belgilangan.
Biroq, loyihaning 6-bobida chet davlatlar ommaviy axborot vositalarining O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritishi mumkinligi belgilangan bo‘lib, ushbu ommaviy axborot vositalarining bosh muharriri esa o‘z-o‘zidan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lishi mumkin.
Shu bois, loyihadagi mazkur nomuvofiqlikni bartaraf etish tavsiya etiladi.
Loyihaning 46-moddasi ikkinchi va uchinchi qismlariga ko‘ra, “To‘g‘ridan-to‘g‘ri televideniye dasturlarini qabul qilishni cheklashga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi. Chet el telekanalini yoki chet el radiokanalining O‘zbekiston Respublikasi hududida tarqatilishiga ushbu Qonunning talablariga muvofiq ro‘yxatdan o‘tganidan keyin yo‘l qo‘yiladi.
Xorijiy davriy bosma nashrning mahsulotlarini, ya’ni O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tmagan va ta’sischisi yoki tahririyati doimiy ravishda uning chegaralaridan tashqarida joylashgan, shuningdek xorijiy davlatlar, yuridik shaxslar yoki fuqarolar tomonidan moliyalashtiriladigan nashrni tarqatish uchun O‘zbekiston Respublikasi vakolatli organi tomonidan qat’iy hisobi yuritiladigan, vakolatli organ tomonidan belgilangan shakldagi ruxsatnoma olish talab etiladi”, - deb belgilangan.
Bunda, ortiqcha talablarni belgilash nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, ikkinchi qismda nazarda tutilgan norma shaxslarning axborot olish erkinligini cheklashga olib kelishi mumkin. Chunki, chet el telekanali yoki chet el radiokanalining O‘zbekiston Respublikasi hududida tarqatilishidan va uni ro‘yxatdan o‘tkazilishidan ushbu ommaviy axborot vositalarining egalari har doim ham manfaatdor bo‘lmasligi mumkin.
Bundan tashqari, xorijiy davriy bosma nashrning mahsulotlarini, ya’ni O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tmagan va ta’sischisi yoki tahririyati doimiy ravishda uning chegaralaridan tashqarida joylashgan, shuningdek xorijiy davlatlar, yuridik shaxslar yoki fuqarolar tomonidan moliyalashtiriladigan nashrni tarqatish uchun ruxsatnoma aynan shu davriy bosma nashrning o‘ziga berilishi yoki uni tarqatuvchi sub’ektlarning barchasi ushbu ruxsatnomani olishi shartligi lozimligi aniqlashtirilmagan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, mazkur normalarni qayta ko‘rib chiqish tavsiya etiladi.
Loyihaning 7-bobi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik”, deb nomlangan bo‘lib, unda qanday harakat (harakatsizlik)lar qonunbuzilishi sifatida tan olinishi belgilangan.
Lekin, bunday harakatlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksida jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik deb e’tirof etilgan. Shuningdek, bunday harakatlar sodir etilganda, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan.
Shu bois, loyihaning 48, 50-51-moddalarini chiqarib tashlash, shuningdek loyihada quyidagi mazmundagi normani nazarda tutish tavsiya etiladi:
“Mazkur qonun talablarini buzgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar”.
Bu boradagi faoliyat davom etmoqda.
Shahnoza To‘ramurotova
LiveBarchasi