Jahon banki vakili: “O‘zbekiston tarixi dunyoga mashhur bo‘lishi mumkin, ammo uning buyuk kelajagi hozircha noma’lum”
Jamiyat
−
18 fevral 2020
8025O‘zbekistonda 2020 yil “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilindi. Prezident o‘z chiqishlarida iqtisodiyotni rivojlantirishda raqamli iqtisodiyotning o‘ta muhimligi haqida gapirmoqda. Bugun, 18 yanvar kuni o‘tkazilgan xalqaro anjumanda Jahon bankining O‘zbekistondagi Vakolatxonasi vakili Vinayak Nagaraj raqamli iqtisodiyotga o‘tish O‘zbekiston uchun naqadar kerakligiga to‘xtaldi.
Unga ko‘ra, raqamli iqtisodiyotga o‘tish tabiiy boyliklar va mehnatkash aholisiga ega O‘zbekiston uchun iqtisodiyotda nafaqat Markaziy Osiyo yo‘lbarsi, balki Osiyo yo‘lbarsi bo‘lish uchun ham katta imkoniyat hisoblanadi. Iqtisodiy tarafdan “yo‘lbars”ga aylanish vaqt talab etadi va bir qancha murakkab islohotlarni amalga oshirgan holda kechadi. Ishbilarmonlik muhitida, ishchi kuchi va kapital bozori raqobatbardorligi yanada oshirilishi kerak.
Vinayak Nagaraj shuningdek, ko‘plab katta tarmoqlar davlat monopoliyasida qolayotgani haqida so‘zladi.
“Mustaqil bo‘lishi lozim bo‘lgan ko‘plab tarmoqlar hanuz davlat monopoliyasi ostida turibdi. Davlat xizmatlari ham bundanda yaxshilanishi mumkin. Davlat xizmatlaridan barcha fuqarolar erkin foydalana olishi kerak. O‘zbekiston hukumati bunday muammolarning deyarli barchasidan xabardor va ularni hal etishni kelgusi rejalariga kiritgan”, deydi mutaxassis.
Jahon banki vakilining fikricha, O‘zbekiston uchun oldinga “sakrash”ning eng samarali yo‘llaridan biri raqamli iqtisodiyotga erta sarmoya kiritish hisoblanadi. Bu global iqtisodiyotga qo‘shilish yo‘lidagi asosiy to‘siqlarni yengish imkoniyatini beradi.
“Raqamli texnologiyalar O‘zbekistonda iqtisodiy farovonlikni ko‘pgina jismoniy va texnik to‘siqlarni yengib o‘tish uchun sharoit yaratadi. Bunga yaqqol misol sifatida raqamli to‘lovlar va moliyaviy infratuzilmani aytish mumkin. Bugungi kunda qo‘l telefonlari bankning barcha vazifalarini amalga oshirishiga xizmat qila oladi. Bu uzoq hududdagi aholining moliyaviy integratsiyasida ham muhim rol o‘ynaydi. Bugun siz to‘qsoninchi yillardagidek har bir bankka qo‘ng‘iroq qilib chiqishingiz shart emas.
Raqamli iqtisodiyot dengizga chiqish uchun kamida ikkita davlatni bosib o‘tishi kerak bo‘lgan O‘zbekiston uchun ba’zi mavjud to‘siqlarni kamaytirish uchun ajoyib imkoniyat. O‘zbekiston tarixi dunyoga mashhur bo‘lishi mumkin. Ammo uning buyuk kelajagi hozircha to‘liq tushunarli emas. “Yo‘lbars” (iqtisodiy tarafdan – tah.) bo‘la olishi ham noma’lum. Biroq buni o‘zbek turizmida qo‘llanilgan raqamli texnologiyalar o‘zgartira olganini ko‘rib turibmiz”, deya raqamli iqtisodiyotning muhimligi haqida tushuntirdi Vinayak Nagaraj.
Ko‘pchilikda raqamli iqtisodiyot nima o‘zi, degan tabiiy savol tug‘iladi. Raqamli iqtisodiyot deganda, raqamli hisoblash texnologiyalariga asoslangan iqtisodiyot tushuniladi. Ammo XXI asrda buni internetga asoslangan bozorlar orqali biznes yuritish deb ham tushunilmoqda. Amazon, Alibaba Group kompaniyalari bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hozirgi kunda raqamli iqtisodiyot Yaponiya, AQSH, Xitoy kabi davlatlarda juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Raqamli iqtisodiyot vaqt va resurs tejashga katta imkon beradi.
LiveBarchasi