Jahon banki O‘zbekistonga soliq sohasidagi islohotlar uchun 60 mln dollar kredit ajratadi 

Jamiyat

image

Jahon bankining Ijrochi direktorlar kengashi bugun, 17 iyun kuni Davlat soliq qo‘mitasining operatsion samaradorligini oshirishga va mahalliy soliq to‘lovchilarga yanada sifatli xizmat ko‘rsatishga qaratilgan “O‘zbekiston soliq ma’muriyatini isloh qilish” loyihasini ma’qulladi. Bu haqda Jahon banki sayti xabar bermoqda.

Loyiha 60 million AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli kredit hisobiga amalga oshiriladi. Jahon banki guruhining tarkibiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi ushbu mablag‘ni O‘zbekiston hukumatiga juda past foizda va 30 yilgacha bo‘lgan muddatga imtiyozli kredit shaklida taqdim etadi. 

“O‘zbekiston hukumati biznes va investitsiya muhitini yaxshilash maqsadida soliq ma’muriyati tizimidagi islohotlarga ustuvor ahamiyat bermoqda. Yangi loyiha Davlat soliq qo‘mitasining faoliyatini soliq to‘lovchilar manfaatlari nuqtai nazaridan takomillashtirishga yordam beradi”, degan Jahon bankining O‘zbekistondagi menejeri Marko Mantovanelli. 

Unga ko‘ra, loyiha soliq solinadigan bazani kengaytiradi, bu esa hozirgi kunda YAIMning taxminan 50 foizini tashkil etadigan iqtisodiyotning norasmiy sektori qisqarishiga olib keladi, shuningdek, soliq tushumlarini ko‘paytirish va yanada samarali soliq ma’muriyati tizimidan foydalangan holda firmalar va kompaniyalarga yangi ish o‘rinlarini yaratishda yordam beradi.

Loyiha Davlat soliq qo‘mitasining operatsion, institutsional, texnologik va inson salohiyatini rivojlantirishga yordam beruvchi, shuningdek, O‘zbekistonda soliq qonunchiligi talablariga ixtiyoriy rioya qilishni rag‘batlantiruvchi uchta asosiy komponentni o‘z ichiga oladi. 

Loyihaning birinchi komponenti Davlat soliq qo‘mitasiga soliq ma’muriyatchiligining asosiy ish jarayonlarini avtomatlashtirishga sarmoya kiritishga imkon beradi. Bunga quyidagilar kiradi: 

•  hujjatlarni rasmiylashtirishni qisqartirish va butun mamlakat bo‘ylab tadbirkorlik sub’ektlari va jismoniy shaxslar tomonidan soliqlarni to‘lash jarayonini soddalashtirish uchun yangi axborot tizimini ishlab chiqish; apparat va texnologik infratuzilmani modernizatsiya qilish;

•  DSQ uchun yangi ma’lumotlar markazini yaratish; AKT uchun mas’ul bo‘lgan DSQ bo‘linmalarining o‘z faoliyatini boshqarish va rejalashtirishdagi imkoniyatlarini takomillashtirish.

Ikkinchi komponent iqtisodiyotning norasmiy sektorini qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda va amalga oshirishda yordam beradi. Bunga quyidagi choralar kiradi: 

•  soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlarini aniqlash va oldini olish bo‘yicha DSQning ijro etuvchi salohiyatini yaxshilash;

•  biznesni soliq qonunchiligiga rioya qilishga undash, shu jumladan soliqqa oid bo‘lmagan imtiyozlardan foydalanish orqali rag‘batlantirish;

•  shuningdek xususiy sektor bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, shu jumladan soliq to‘lovchilarning xatti-harakatlarini o‘zgartirish va soliq qonunchiligiga rioya qilinishini ta’minlashga qaratilgan yangi yoki soddalashtirilgan soliq siyosati va protseduralarini ishlab chiqish orqali.

Uchinchi komponent DSQning kadrlar salohiyatini va malakali hamda bilimdon soliq xodimlarini jalb qilish, rivojlantirish va saqlab qolish uchun institutsional imkoniyatlarini kuchaytirishga qaratilgan. Bunga doimiy ravishda malaka oshirish va kasbiy tayyorgarlikni takomillashtirish orqali DSQ xodimlarini boshqarish siyosatini takomillashtirish va ularning salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha bir qator tadbirlar kiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

25

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing