Jahon banki Ukrainaga $1,5 mlrdlik yordam paketini tayyorlamoqda. U nimaga mo‘ljallangan?
Olam
−
12 aprel 2022
6920Jahon banki Ukrainaga 1,5 milliard dollarlik yordam paketini tayyorlamoqda. Mazkur yordam paketi aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan. Bu haqda TASS bugun, 12 aprel kuni Jahon banki prezidenti Devid Malpassning Varshava Iqtisodiyot maktabida so‘zlagan nutqiga tayanib, ma’lum qildi.
“Jahon banki Ukrainaga 1,5 milliard dollarlik yordam paketini tayyorlamoqda. Bank 1944 yilda Yevropaning Ikkinchi jahon urushidan keyin tiklanishiga yordam berish uchun tuzilgan. Biz o‘sha paytdagidek yordam berishga tayyormiz va Ukraina vaqti kelganda qayta tiklanadi. Moliyaviy yordam Ukrainaga davlat sektori maoshlari, pensiya va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni to‘lashda yordam beradi”, deydi Malpass.
Uning ta’kidlashicha, Jahon banki Ukraina hukumati bilan yaqin aloqada va u Ukrainani qo‘ldan kelgancha qo‘llab-quvvatlaydi.
Malpassning ta’kidlashicha, Ukrainadagi voqealar energiya va oziq-ovqat narxlarining oshishiga olib kelgan, bu esa qashshoqlik va ochlik atrofidagi vaziyatni yomonlashtirib, butun dunyo bo‘ylab qarz muammolarini yanada kuchaytiradi. Dunyo “kesishuvchi inqirozlar”ga duch kelayotgan bir paytda, rivojlangan davlatlar bozorlarni ochiq tutishi, savdo to‘siqlarini olib tashlashi va yirik kapitallarni bir qo‘lda jamlashga qaratilgan siyosatdan voz kechishi kerak.
“Hech qachon bunchalik ko‘p mamlakatlar bir vaqtning o‘zida kapital, ish o‘rinlari va tirikchilik vositalarini yo‘qotishdan jabr ko‘rgan retsessiyani boshdan kechirmagan. Shu bilan birga, inflyatsiya o‘sishda davom etmoqda, butun dunyo bo‘ylab uy xo‘jaliklarining, ayniqsa, kambag‘allarning real daromadlari kamaymoqda. Ukrainadagi voqealar ta’minotdagi cheklovlar va uzilishlarga, narxlar oshishiga va butun dunyo bo‘ylab tengsizlikni kuchayishiga olib keldi”, deydi Jahon banki prezidenti.
Jahon banki prognoziga ko‘ra, yil davomida Ukraina yalpi ichki mahsuloti o‘tgan yilga nisbatan 45,1 foizga kamayishi mumkin. Vaziyat Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushining davomiyligi va shiddatiga bog‘liq.
“Urush tufayli yuzaga kelgan gumanitar inqirozning miqyosi hayratlanarli. Ukraina zudlik bilan keng ko‘lamli moliyaviy yordamga muhtoj”, deydi Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Bjerde.
Ukraina Moliya vaziri Sergey Marchenkoga ko‘ra, mamlakat davlat byudjeti taqchilligi mart oyidagi 2,7 milliard dollardan aprel-may oylarida 5-7 milliard dollargacha oshishi mumkin.
LiveBarchasi