Jahon avtomobil sanoatidagi inqiroz va uning ta’siri: “UzAuto Motors”da holat qanday?
Biznes
−
11 yanvar 2022
27021O‘tgan 2021 yil avtomobil sanoati uchun yo‘qotishlarga to‘la eng og‘ir yil bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. COVID-19 barcha ishlab chiqarish sohalari bilan bir qatorda avtomobil ishlab chiqarish sanoatiga ham o‘zining kuchli ta’sirini o‘tkazdi. Avtomobil ishlab chiqaruvchilar global mikrochiplar yetishmovchiligi va pandemiya natijasida yuzaga kelgan yarimo‘tkazgichlardan tayyorlangan butlovchi qismlarni portlar va temir yo‘l orqali yetkazib berish bilan bog‘liq global logistika muammolari (6 oygacha konteynerlar kechikishi)ga duch kelishdi. Va bu butun dunyo avtomobil sanoatining davomli inqiroziga olib keldi.
Internet nashrlari deyarli har hafta davomida yarimo‘tkazgichlarning global tanqisligi sababli dunyo bo‘ylab avtomobil zavodlari yopilishi haqidagi xabarlar bilan to‘ldi.
Muammolar bilan Nissan, Honda, Ford, Fiat Chrysler, Volkswagen, Suzuki, Subaru, Mercedez-Benz, BMW, Jagura Land Rover kompaniyalari yuzma-yuz kelishgandi. Xo‘sh, “UzAuto Motors”da holat qanday?
“Tabiiyki, butun dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan global inqiroz ‘UzAuto Motors’ AJga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Mikrochiplar yetishmasligi ishlab chiqarish quvvatini keskin tushirdi.
“UzAuto Motors”ning 2020 yilda ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini hisobga holgan holda (rekord 280 080 dona avtomobil) 2021 yil uchun ham talabning ortishini inobatga olib ishlab chiqarish rejasi 320 000 dona belgilangandi. Ushbu prognozlarni muvaffaqiyatli amalga oshishi uchun ishlab chiqarish quvvati, amalda mavjud shartnomalar va xodimlar soni imkon berdi. Biroq, global muhitning keskin o‘zgarishi yarimo‘tkazgichlar yetishmasligi birinchi chorakning o‘zidayoq avtomobil ishlab chiqaruvchilarga ta’sir qila boshladi.
2020 yilda tuzilgan shartnoma bo‘yicha 280 ming dona avtomobilga mikrochip yetkazib berish o‘rniga faqatgina 150 ming dona avtomobil uchun mikrochiplar yetkazib berildi.
Qolaversa, yarimo‘tkazgichlarni yetkazib berish bo‘yicha muammolar bitta avtomobil ishlab chiqarilishida kerak bo‘ladigan 7-8 tipdagi (dvigatelni boshqarish bloki, multimedia tizimi, ABC, Ero-Glonass va boshqalar) mikrochiplar bilan yuzaga keldi.
Kompaniyada mikrochiplar zaxirasining mavjudligi ishlab chiqarish konveyerlarining to‘xtab qolishini oldini oldi. Bundan tashqari vaziyatni barqarorlashtirish uchun favqulodda choralar ko‘rildi: GM rahbariyati va bir qator mikrochip ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida qo‘shimcha ravishda yarimo‘tkazgichlar yetkazib berildi. Bu esa 2021 yil inqiroz davrida kutilgan 150 000 emas, 235 600 ta avtomobil ishlab chiqarish imkonini berdi.
Bundan tashqari, kompaniya avtomobil ehtiyot qismlarini yetkazib berishda logistika muammolariga duch keldi. Hozirgi kunda Janubiy Koreya, Xitoy va Rossiyadagi portlarda yuklarning turib qolishi, butlovchi qismlarni yetkazib berish muddatini 6 oygacha cho‘zilib ketishiga va konteynerlar narxining oshishiga olib keldi. 2020 yilda bitta konteynerni Koreyadan O‘zbekistonga yetkazib berish 4.5 dollar bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib, logistika narxi 14 ming dollarga ko‘tarildi. Tabiiyki, kutish muddatining ortishi natijasida yangi avtomobillarga nisbatan talab keskin ortdi» —deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Mijozlarning yangi avtomobillarga bo‘lgan talabining kun sayin ortib borishi navbatlarni yuzaga keltirdi. Kompaniya kecha-yu kunduz ishlab chiqarishga qaramay, talabning keskin ortishidan vaqtinchalik kontraktatsiya shartnomalarini tuzishni to‘xtatib turishga majbur bo‘lganini ma’lum qildi.
Bildirishicha, “UzAuto Motors”AJ zavodda ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini ta’minlash, ish o‘rinlarini saqlab qolish maqsadida butlovchi qismlarni imkon qadar ko‘proq yetkazib berilishi uchun kerakli bo‘lgan barcha choralarni ko‘rib, muzokaralar o‘tkazib, bor imkoniyatlarini ishga solmoqda.
LiveBarchasi