Zelenskiy va Baydenning “gapi qochdi”mi?
Olam
−
29 yanvar 2022
13617Ismi ochiqlanmayotgan Ukraina rasmiysining CNN axborot agentligiga ma’lum qilishicha, kecha, 27 yanvar kuni AQSH Prezidenti Jozef Bayden va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasida o‘tkazilgan telefon muloqoti chog‘ida ikki rahbarning gapi bir joydan chiqmagan.
Ukraina rasmiysiga ko‘ra, Bayden Zelenskiyni Rossiyaning hujumi aniq ekani va u sovuq fevral oyida boshlanishi haqida ogohlantirgan.
Ammo, Ukraina rahbari Rossiya hujumi xavfli ekanini tan olgan holda, uning bo‘lishi noaniqligini ta’kidlagan. Zelenskiyga ko‘ra, Kreml hujum qilmaydi.
Oq uy esa bu xabarlar asossiz ekanligini aytmoqda.
Vaziyatga izoh berar ekan, AQSH Milliy xavfsizlik kengashi Matbuot kotibi Emili Xornga ko‘ra, anonim manba CNN’ga yolg‘on ma’lumot bergan.
"Prezident Bayden Rossiya fevralda hujumni boshlashi mumkinligi haqida ogohlantirgan. U, ushbu ochiq-oydin ma’lumot bir oydan beri aytib kelinayotgani haqida ma’lum qilgan. Ushbu shakldagi xabardan boshqa har qanday bayonotlar soxta ma’lumotdir”, deya bildirgan Xorn.
Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muloqot NATO va AQSH oxirgi paytlarda e’lon qilayotgan Rossiya hujumga tayyorlanayotgani haqidagi bayonotlar ortidan o‘tkazilgani aytilmoqda.
Bundan tashqari, Rossiya 100 minglab qo‘shinlarini Ukraina chegarasi yaqinida to‘plagani sababli Vashington va Kiyev o‘rtasidagi diplomatik aloqalar yanada mustahkamlanishi kerakligi bildirilgan.
AQSH Milliy xavfsizlik kengashining bildirishicha, davlat rahbarlari o‘rtasidagi 20 daqiqa davom etgan telefon muloqoti chog‘ida, asosiy masala Rossiyaning Ukraina chegarasi yaqinida qurollanishga zo‘r berayotgani haqida bo‘lgan.
Kengash rasmiysining qo‘shimcha qilishicha, muloqot “uzoq va jiddiy” ruhda o‘tgan, ammo, u Rossiya agressiyasiga qarshi birlashish borasida o‘ta samarali kelishuvlar bilan yakunlangan.
Behruz Saidov
LiveBarchasi