Zelenskiy O‘zbekistonda tug‘ilgan siyosatchini Turkiyaga elchi etib tayinladi 

Olam

image

O‘zbekistonda tug‘ilgan Narimon Jalil Ukrainaning Turkiya Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi. Bu haqda bugun, 15 may kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy tomonidan imzolangan farmonda aytilgan.

Ma’lum qilinishicha, Narimon Jalil qrim-tatar millatiga mansub siyosatchi, jurnalist va inson huquqlari himoyachisi sanaladi. U 1980 yil 27 aprelda O‘zbekistonning Navoiy shahrida tug‘ilgan. 1989 yilda oilasi bilan Qrimga qaytgan. Odessa Milliy universitetida siyosatshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan, “Avdet” gazetasida jurnalist, ATR telekanalida boshlovchi bo‘lib ishlagan.

Narimon Jalil o‘z faoliyati davomida, shuningdek, Simferopoldagi Xalqaro maktabda tarix va huquq fanlaridan dars bergan. 2013 yildan boshlab Qrim tatar xalqining vakillik organi bo‘lgan Majlis raisining birinchi o‘rinbosari lavozimini egallagan. 2014 yilda Rossiya tomonidan Qrim bosib olingach, u yarimorolda qolib, qrim-tatarlar va ukrainaliklarning huquqlarini faol himoya qilgan, siyosiy ayblovlar sababli hibsga olingan shaxslarning sudlarini kuzatgan.

Shu bilan birga, u 2021 yil sentyabr oyida Qrim Platformasi sammitida qatnashganidan so‘ng Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan hibsga olinib, sabotaj ayblovi bilan 2022 yilda 17 yillik qattiq tartibli koloniyaga hukm qilingan. 2024 yil iyun oyida mahbuslar almashinuvi orqali ozod qilinib, Ukrainaga qaytgan.

“Zelenskiy tomonidan elchi etib tayinlanishi uning inson huquqlari borasidagi tajribasi va Qrim bilan bog‘liq masalalarda strategik rolini yana bir bor tasdiqlaydi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil sentyabrdan beri Ukraina Mudofaa vazirligini Samarqandda tug‘ilgan Rustam Umarov boshqarib kelmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya O'zbekiston Ukraina Vladimir Zelenskiy Narimon Jalil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing