Zelenskiy Shavkat Mirziyoyevdan Ukraina hududiy yaxlitligini qo‘llagani uchun minnatdor
Tahlil
−
25 avgust 6426 3 daqiqa
24 avgust – Ukrainaning mustaqillik bayrami. Ukraina 1991 yil 23 avgustda rus bosqinchiligi va kolonializmning eng so‘ngi unsuri bo‘lgan KPSS (Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi) o‘z faoliyatini yakunlaganidan bir kun o‘tib, qolganlardan farqli ravishda Moskvaga ko‘z tikmasdan tezroq siyosiy iroda ko‘rsatib, o‘z mustaqilligini e’lon qilgan edi. 2025 yil 24 avgustda Boltiqbo‘yi mamlakatlari va boshqa postsovet davlatlari qatorida mazkur davlat ham 34 yoshga to‘ldi. 3 yarim yildan buyon Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan o‘zini himoya qilib kelayotgan Ukrainaning mustaqillik kuni munosabati bilan Kiyevga dunyoning turli nuqtalaridan davlat rahbarlari tomonidan bayram tabriklari yo‘llandi.
Kecha, 24 avgust kuni Zelenskiy butun kun davomida shunday tabriklarni o‘zining X’dagi sahifasida e’lon qilib qilib bordi. Markaziy Osiyo liderlari orasidan dastlab Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mustaqillik kuni munosabati bilan Ukraina Prezidenti Zelenskiyga telegramma yuborgani ma’lum bo‘ldi. Kun oxiriga kelib mazkur tabriklar orasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qutlovi ham paydo bo‘ldi. Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrigini X platformasidagi sahifasiga joylab, minnatdorlik bildirdi.
“Prezident Mirziyoyev, Ukraina Mustaqillik kuni bilan tabriklaganingiz uchun sizga samimiy minnatdorlik bildiraman. Ishonchim komilki, davlatlarimiz bundan buyon ham Ukraina va O‘zbekistonning do‘stligi, farovonligi yo‘lida samarali hamkorlikni rivojlantirib, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlab boraverdi. Ukrainaning hududiy yaxlitligi va ukrainalik bolalarning O‘zbekistonda hordiq chiqarishi bo‘yicha insonparvarlik tashabbuslari bo‘yicha pozitsiyangizni yuqori baholayman”, deb yozgan Zelenskiy.
Shavkat Mirziyoyevning Vladimir Zelenskiyga yo‘llagan bayram tabrigida unga mustaxkam sog‘liq, siyosiy faoliyatida muvaffaqiyat, ukrain xalqiga tinchlik va farovonlik tilagan. Ammo negadir Shavkat Mirziyoyev har safar qaysidir davlat rahbarini tabriklaganda yoki ta’ziya bildirganda darhol bu haqda xabar beradigan Prezident matbuot xizmati bu gal Zelenskiyga yo‘llangan qutlov haqida ma’lum qilmadi. Tarmoqlardagi o‘zbek segmenti buni Zelenskiyning X’dagi sahifasidan bildi.
“Ukrainaning milliy bayrami — Mustaqillik kuni munosabati bilan sizni va butun Ukraina xalqini samimiy muborakbod etaman. Ishonchim komilki, davlatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va uzoq muddatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan aloqalar kelgusida ham xalqlarimiz umumiy manfaatlari yo‘lida rivojlanib boraverdi. Fursatdan foydalanib, sizga mustaxkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, ukrain xalqiga esa tinchlik-omonlik va farovonlik tilab qolaman”, deyiladi tabrikda.
Zelenskiy To‘qayev va Mirziyoyev bilan turli darajada munosabatlarga ega. Ukraina rahbariga To‘qayev ancha yaqinroq deyish mumkin. Buning isboti sifatida yaqindagina, 10 avgust kuni ular o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon muloqotini keltirish mumkin. Zelenskiy To‘qayev bilan hatto shaxsiy uchrashuv ham o‘tkazgan. Muloqot 2019 yil sentyabr oyida Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasining 74-sessiyasida bo‘lib o‘tgan. Ular o‘shanda oliy davlat lavozimiga saylanishlari munosabati bilan bir-birlarini tabriklashgan.
Shavkat Mirziyoyevning joriy yilgi tabrigi esa 2022 yil Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan buyon jamoatchilik va tarmoq foydalanuvchilariga ma’lum bo‘lgan ikkinchi mustaqillik tabrigidir. 2023 hamda 2024 yillarda O‘zbekiston Prezidenti Ukrainaning mustaqillik bayrami bilan Vladimir Zelenskiyni tabriklagani ma’lum qilingan emas.
Ammo turli darajadagi aloqalar bo‘lganiga qaramay, O‘zbekiston ham xuddi Qozog‘iston singari Ukrainaning hududiy yaxlitligini 1991 yildagi chegaralar bo‘yicha tan oladi. Ostona va Toshkent Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni tan olmaydi. To‘qayev buni Putinning qarshisida ochiqlagan bo‘lsa, O‘zbekiston o‘zining bu boradagi pozitsiyasini 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan bir necha kun o‘tib, sobiq Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bayonoti orqali bildirib o‘tgandi.
Live
Barchasi