Zelenskiy Rossiya bilan chegara yaqinidagi shaharga bordi
Olam
−
14 Sentabr 2022 7778 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Xarkov viloyatiga tashrifi chog‘ida rossiyalik bosqinchilardan ozod qilingan Izyum shahrida davlat bayrog‘ini ko‘tarish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Ukraina Prezidentining rasmiy saytida keltirilgan.
Marosim shaharning markaziy maydonida Ukraina himoyachilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan. Bayroqni ko‘tarish paytida Ukraina madhiyasi yangragan.
Prezident nutqida Ukraina yerlarini dushmandan ozod qilgan harbiy xizmatchilarga minnatdorlik bildirib o‘tgan.
“Xalqimiz, qalbimiz, farzandlarimiz va kelajagimiz haqida qayg‘urayotganingiz uchun sizga rahmat aytmoqchiman. So‘nggi bir necha oy siz uchun juda qiyin bo‘ldi. Shuning uchun men sizdan juda ko‘p so‘rayman: o‘zingizni ehtiyot qiling, chunki siz bizning eng qimmatli (insonimizsiz – tahr.)”, deydi Vladimir Zelenskiy.
Prezident nutqi davomida birorta ham bosqinchi ukrainaliklarning qalbini zabt eta olmasligini ta’kidlagan.
“Ehtimol, davlatimiz hududi vaqtincha bosib olinishi mumkindir. Lekin, albatta, bizning xalqimizni, Ukraina xalqini bosib olishning iloji yo‘q”, deydi davlat rahbari.
Marosimda yig‘ilganlar Ukraina uchun jon fido qilgan himoyachilar xotirasini bir daqiqalik sukut bilan yodga olgan.
“Avvallari biz yuqoriga qaraganimizda doim moviy osmonni, quyoshni qidirardik. Bugun esa biz, ayniqsa, vaqtincha ishg‘ol qilingan hududlardagi odamlar yuqoriga qarab, faqat bir narsani – davlatimiz bayrog‘ini qidirmoqda. Bu degani, qahramonlar shu yerda. Demak, dushman yo‘q, u qochib ketdi”, deydi Zelenskiy
Shuningdek, Prezident Izyum shahri hokimi Valeriy Marchenko bilan hududdagi vaziyatni qisqacha muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, tan olinmagan DXR axborot vaziri o‘rinbosari Daniil Bezsonov Rossiya qo‘shinlari Kupyanskdan 70 kilometr janubi-g‘arbda joylashgan Izyum shahrini ham tark etganini ma’lum qilgan edi.
Farangiz Salimova
Live
Barchasi