Zelenskiy Parijda. U Makron va Merkel bilan nimalarni muhokama qildi?
Olam
−
17 aprel 2021
4743Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Parijda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Angela Merkel bilan uchrashuvdan so‘ng matbuot anjumani o‘tkazdi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar Donbassdagi xavfsizlik holati va 2020 yil iyulidan beri amalda bo‘lgan o‘q uzishni to‘xtatish to‘g‘risidagi sulhni muhokama qilgan.
“2021 yil yanvar oyidan chegara harbiy liniyasida qiyinchiliklar boshlandi”, deya ta’kidladi Zelenskiy.
Uchrashuvda Ukraina rahbari Makron va Merkelga rus “bosqinchilari” tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish sulhi buzilishining barcha holatlari haqida batafsil aytib bergan.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, joriy yilning o‘zida 30 nafar ukrainalik askar chegara harbiy liniyasida halok bo‘lgan. Ularning aksariyati snayperlar tomonidan o‘ldirilgan. Bu boradagi barcha dalillar Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YeXHT)ga topshirilgan.
O‘z navbatida, Makron va Merkel Rossiyani Qrim va Ukraina chegarasidan harbiy kuchlarini olib ketishga chaqirgan.
“Makron bilan uchrashuvda Ukrainaning Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo bo‘lishi ehtimoli ham muhokama qilindi. Savollar qiyin... Ukraina qudratli va tirishqoq davlat, u nafaqat savollar berishni, balki javob olishni ham xohlaydi. Ammo hayotda hamma narsa shunchalik tez sodir bo‘lmaydi, shuning uchun uchrashuv uzoqqa cho‘zilib ketdi”, deydi Prezident.
Zelenskiyga ko‘ra, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi borasida Fransiyaning qo‘llovi sezilarli darajada.
“Fransiya va Prezident Makron umuman olganda, Ukrainaning NATOga kirish harakatlar rejasini qo‘lga kiritishini qo‘llab-quvvatlamoqda. Biz buni his etyapmiz. Bu qachon sodir bo‘lishi mumkinligini aniq eshitishni istardim. Garchi ushbu muammoni hal qilishda Fransiya katta rol o‘ynashiga ishonsamda, lekin bu faqat Fransiyaga bog‘liq bo‘lgan masala emas. Iyun oyida NATOning sammiti bo‘lib o‘tadi va u yerda biz aniq signalni eshitamiz”, deydi Zelenskiy.
Uchrashuvda Zelenskiy AQSH va Rossiya Prezidentlari Jo Bayden va Vladimir Putinning uchrashuvi g‘oyasini ham qo‘llab-quvvatlashini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday uchrashuv ba’zi masalalarni hal qilishi mumkin, shuning uchun bu mamlakatlar o‘rtasida dialog bo‘lishi kerak.
LiveBarchasi