O‘zbekistonda “Madaniyat to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda “Madaniyat to‘g‘risida” Qonun qabul qilinishi kutilmoqda. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalar muhokamasi portaliga mazkur qonun loyihasi joylashtirildi. 

Taqdim etilayotgan qonun loyihasi 8 bob 55 moddadan iborat. Qonun loyihasining to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin. 

“Madaniyat to‘g‘risida”gi
O‘zbekiston Respublikasi Qonuni

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasida madaniyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.

2-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

madaniy boyliklar — moddiy dunyoning milliy, tarixiy, badiiy, ilmiy bilish, ma’naviy-axloqiy va boshqa madaniy qimmatga ega bo‘lgan  ko‘char ashyolar;

madaniy meros ob’ektlari — moddiy va nomoddiy madaniy meros ob’ektlari;

moddiy madaniy meros ob’ektlari — tarixiy, ilmiy, badiiy yoki o‘zgacha madaniy qimmatga ega bo‘lgan ansambllar, diqqatga sazovor joylar va yodgorliklar;

nomoddiy madaniy meros ob’ektlari — tarixiy, ilmiy, badiiy yoki o‘zgacha madaniy qimmatga ega bo‘lgan urf-odatlar an’analar, xalq ijodiyoti (so‘z, raqs, musiqa, tomosha san’ati), shuningdek ular hamda xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’ati bilan bog‘liq bilimlar, ko‘nikmalar, asbob-anjomlar, artefaktlar, madaniy makonlar»;

muzey — mulkdor tomonidan muzey ashyolarini va muzey kolleksiyalarini saqlash, o‘rganish va ommaga taqdim qilish uchun yaratilgan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan madaniyat muassasasi;

bosma mahsulot — davriy bosma nashrlar, kitoblar, risolalar, albomlar, plakatlar, bukletlar va boshqa matbaa mahsuloti;

nashrning majburiy bepul nusxasi —  tahririy nashr ishlovi  berilgan, chiqish ma’lumotlariga ega va ushbu Qonunda belgilanadigan madaniyat tashkilotlariga haq to‘lamaslik asosida topshirilishi lozim bo‘lgan nashrning majburiy nusxasi (matnga oid, notali, elektron, kartografik, tasviriy bezakli nashrlar);

kinematografiya tashkiloti — yuridik shaxs bo‘lib, uning asosiy faoliyat turlari quyidagilardan iborat:

film va (yoki) kinosolnoma ishlab chiqarish, film ijarasi, film tiklanishi, kinozalga xizmat ko‘rsatish, kinomahsulot chiqarish, film ishlab chiqarish bo‘yicha ishlar bajarish va xizmatlar ko‘rsatish, kinematografiya sohasidagi ta’limga oid, ilmiy, tadqiqot, noshirlik, reklama-targ‘ibot faoliyati, film, film va (yoki) kinosolnomaning birlamchi materiallarini saqlash;

kinosolnoma — vaqt, joy, holatlarning o‘ziga xos (ko‘pincha o‘tkinchi) xususiyatlarini aks etuvchi va istiqbolda film ishlab chiqarishga mo‘ljallangan dokumental syujetlarning suratga olinishi;

elektron kutubxona — kutubxonalar, muzey va arxivlar fondlarini saqlash, shuningdek foydalanuvchilarning O‘zbekiston tarixiy, ilmiy va madaniy merosidan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositasida erkin foydalanishini ta’minlash uchun mo‘ljallangan davlat axborot tizimi;

nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish — nomoddiy madaniy meros yashovchanligini, shu jumladan uning identifikatsiyalanishi, hujjatlashtirilishi, o‘rganilishi, saqlanishi, himoya qilinishi, ommalashtirilishi, rolini oshirish hamda uning tiklanishini ta’minlash maqsadida choralar ko‘rilishi;

madaniyat — barkamol shaxs rivojlanishiga, fuqarolarining vatanparvarligini tarbiyalashga hamda estetik ehtiyojlari va manfaatlarini qondirishga qaratilgan madaniy boyliklar yig‘indisi;

madaniyatga oid asarlarni yaratish — kasbiy faoliyati madaniy boyliklarni yaratish, rivojlantirish, tarqatish, ulardan foydalanish va ularni fuqarolarga tanishtirish bilan bog‘liq bo‘lgan jismoniy shaxs;

madaniyat sohasidagi faoliyat — madaniy faoliyat sub’ektlarining madaniy boyliklarni yaratish, tiklash, saqlash, muhofaza qilish, rivojlantirish, tarqatish va ulardan foydalanish, shuningdek ularni fuqarolarga tanishtirish bilan bog‘liq faoliyati;

madaniyat sohasida — davlat organlari tomonidan qabul qilinadigan, madaniy va ma’naviy boyliklarni yaratish, tiklash, saqlash, muhofaza qilish, rivojlantirish, tarqatish va ulardan foydalanishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar;

madaniyat sohasidagi (bundan buyon – vakolatli organ) — madaniyat sohasida rahbarlikni va tarmoqlararo muvofiqlashtirishni amalga oshiradigan organ;

madaniyat muassasalari — O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tuzilgan, faoliyatining asosiy faoliyat predmeti madaniyat hisoblangan yuridik shaxslar;

madaniy ommabop tomosha tadbirlarini o‘tkazish uchun joylar — madaniy ommabop tomosha tadbirlari o‘tkazish uchun mo‘ljallangan ob’ekt va inshootlar, shuningdek ushbu maqsadlar uchun maxsus mo‘ljallanmagan joylar (stadionlar, sport saroylari, ippodromlar, dam olish zonalari, bog‘lar, hiyobonlar, maydonlar, ko‘chalar);

madaniy ommabop tomosha tadbirlari o‘tkazish vaqti —  madaniy ommabop tomosha tadbirlari o‘tkazish uchun joylarga birinchi tomoshabin kirishi (kelishi) paytidan boshlab tadbirlar tugagunga va ushbu joylardan so‘nggi tomoshabin chiqishi (ketishi)ga qadar vaqt;

film — ijodiy g‘oya asosida har qanday shaklda va turli janrlarda yaratilgan, kinoplyonkada, magnit plyonkasida yoki boshqa turdagi axborot tashuvchida aks etgan va mavzu bo‘yicha izchil, o‘zaro bog‘liq kadrlar, tasvir, ovoz yozuvidan iborat va tegishli texnik vositalar yordamida qabul qilish uchun mo‘ljallangan audiovizual asar;

film ijarasi — ommaviy namoyish etish (ko‘rsatish), telekanallarda tarqatish (xorijiy telekanallar bundan mustasno), ijaraga berish, shuningdek realizatsiya qilish maqsadlarida O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida taqiqlanmagan usullarda filmning tarqatilishi;

ijodkor xodim — kasbiy yoki havaskorlik ijodiy faoliyati badiiy asarlar, adabiyot va san’at asarini yaratishga yoki talqin qilishga (tarjima qilish) qaratilgan jismoniy shaxs;

ijodiy uyushma — madaniyatning bir yoki bir necha yo‘nalishlari kasbiy ijodkor xodimlarining individual a’zolik asosida tuziladigan jamoat birlashmasi.

3-modda. Madaniyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Madaniyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining madaniyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

2-bob. Madaniyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy tamoyillari va yo‘nalishlari, ularni amalga oshirishda ishtirok etuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning vakolatlari

 

4-modda. Madaniyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy tamoyillari

Madaniyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy tamoyillari quyidagilardan iborat:

millati, irqidan qatiy nazar fuqarolarning huquqiy tengligini ta’minlash.

ijod erkinligi, madaniyatlararo munosabatlarda teng huquqlilik, inson huquqlari, milliy va umumbashariy qadriyatlarni hurmat qilish va madaniyatlar xilma-xilligini saqlash;

madaniyatsohasidata’lim-tarbiyaningtizimliligi, ilmiyligivauzliksizligi;

madaniyat sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarning ommaviyligi va ochiqligi;

shaxs ruhiyati va kamolotiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi g‘oyalarga murosasizlik bo‘lish;

madaniyatning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, o‘zbek xalqining madaniy merosini asrash va rivojlantirish;

tarixiy va madaniy merosning muhofaza qilinishi va ularning rivojlanishida uzviylikni ta’minlash;

o‘zbek xalqi va etnik elatlar tarixiy merosini asrash, jamiyatning ilmiy salohiyatini rivojlantirish va qayta ishlab chiqarish uchun huquqiy kafolatlar yaratish;

madaniy faoliyat sub’ektlari o‘rtasida raqobat muhitini yaratish;

iqtisodiy, ijtimoiy va madaniyat sohasiga oid qabul qilinayotgan qarorlarning madaniyat sohadagi yagona davlat siyosatiga mosligini ta’minlash;

milliy madaniyatimizga oid qadriyatlarni asrab avaylash va rivojlantirish muxofazasini ta’minlash;

 

zamonaviy media makonda milliy madaniyatimiz munosib o‘rin egallashiga, sohani xalqaro madaniy jarayonlarga talab darajasida integratsiya qilishga erishish;

madaniyat sohasiga zamonaviy innovatsiya va axborot texnologiyalarini joriy etish;

madaniyat sohasida jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish.

5-modda. Madaniyat sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari

Madaniyat sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

madaniyat sohasidagi munosabatlar, ijodiy uyushma va birlashmalarning huquqiy maqomini belgilash, ijodkorlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan huquqiy bazani yaratish;

yosh ijodkorlarga ta’lim-tarbiya berish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, aholining o‘sib borayotgan madaniy ehtiyojlarini qondirish va madaniy xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish;

milliy madaniyat va san’at muassasalarini to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishi uchun ularning moddiy-texnik bazasini xalqaro standartlarga moslashtirish;

madaniyat sohasiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni joriy etish, sohani keng tadqiq va targ‘ib etish hamda xalqaro madaniy jarayonlarga integratsiya qilish;

milliy madaniyat va san’at sohasidagi milliy xalqaro festival va tanlovlar o‘tkazish hamda ularda ijodkorlarning ishtirokini ta’minlash;

ijodkorlarning sara asarlarini namoyishini targ‘ib etish;

milliy ijodiy mahsulotlarni eksport qilishning samarali tizimini yaratish;

xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

6-modda. Davlatning madaniyat sohasidagi asosiy vazifalari

Quyidagilar davlatning madaniyat sohasidagi asosiy vazifalari hisoblanadi:

madaniyat sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash;

madaniyat sohasiga oid normativ-huquqiy bazani, ushbu sohadagi institutsional tizimni va madaniyat muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish;

tarixiy va madaniy merosimizni saqlash hamda uni yosh avlod tarbiyasida keng qo‘llash;

milliy va umuminsoniy qadriyatlarni yoshlar ongiga singdirish, etnik madaniy an’analarni asrab-avaylash va xalq ijodiyotini qo‘llab-quvvatlash;

aholi, jumladan, yoshlarning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish va kengaytirish;

madaniyat sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, madaniyatni yanada keng tadqiq va targ‘ib etish;

fuqarolarning, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning madaniy hayotda faol ishtirok etishi va ularning madaniy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish;

madaniyat sohasida o‘zaro samarali xalqaro munosabatlarni tashkil etish va rivojlantirish, milliy madaniyatga jahon madaniyatining ajralmas qismi sifatida qarash;

madaniyat va san’at muassasalarining to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash, ijodiy uyushmalarning moddiy resurs bazasini yanada mustahkamlash.

7-modda. Madaniyat sohasida davlat boshqaruvi

 

Madaniyat sohasida davlat boshqaruvi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat organlari o‘z vakolat doirasida nodavlat notijorat tashkilotlar vafuqarolik jamiyatining boshqa institutlari madaniyat sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi.

8-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining madaniyat sohasidagi vakolatlari 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

madaniyat sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini amalga oshiradi;

madaniyat sohasidagi davlat dasturlari, “yo‘l xaritalar” va boshqa chora-tadbirlar dasturlarini tasdiqlaydi;

Moddiy madaniy meros ob’ektlarining davlat kadastrini va Nomoddiy madaniy meros ob’ektlarining ro‘yxatini yuritish tartibini belgilaydi;

madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, asrash va ulardan foydalanish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi;

respublika ahamiyatidagi hududlardan va moddiy madaniy meros, shu jumladan Umumjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan ob’ektlarning muhofaza tegralaridan foydalanish tartibotini tasdiqlaydi;

tarixiy-madaniy qo‘riqxonalar, muzey-qo‘riqxonalarni va tarixiy manzilgohlarni tuzish tartibini va ularni saqlash tartibotini belgilaydi;

madaniy meros ob’ektlarini madaniy-tarixiy ekspertizadan o‘tkazish tartibini belgilaydi;

muzeylarni tuzish, qayta tashkil qilish va tugatish tartibini belgilaydi;

davlat muzeylarining toifalarini belgilash tartibini belgilaydi;

Milliy muzey fondi va Milliy muzey fondi davlat katalogi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlaydi;

muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini Milliy muzey fondi tarkibiga kiritish va tarkibidan chiqarish tartibini belgilaydi;

Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini hisobga olish va saqlash tartibini belgilaydi;

Milliy muzey fondi davlat qismi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini boshqarish tartibini belgilaydi;

Milliy muzey fondi holati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi;

muzey mutaxassislarini tayyorlashva muzey xodimlarining malakasini oshirish  hamda ularni qayta tayyorlash tartibini belgilaydi;

9-modda. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining madaniyat sohasidagi vakolatlari

 

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi madaniyat sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:

yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;

madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, saqlash, ommalashtirish va ulardan foydalanish davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni ta’minlash;

moddiy madaniy meros ob’ektlarini ilmiy va ilmiy-texnik tadqiq etish, konservatsiyalash, ta’mirlash va ulardan hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirish bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshiradi;

O‘zbekiston Respublikasi xalqi madaniyati rivoji uchun shart-sharoit yaratadi;

mahalliy ijroiya organlarining madaniyat sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi va ularga uslubiy  rahbarlik qiladi;

madaniyat sohasida ilmiy dasturlar ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshiradi;

o‘z vakolat doirasida madaniyat masalalari bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqadi, tasdiqlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi hududida madaniy boyliklarni hisobga olish, muhofaza qilish, konservatsiyalash, ta’mirlash va ulardan foydalanish, shuningdek mamlakat madaniyati taniqli arboblari xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshiradi;

Nomoddiy madaniy meros ob’ektlarining milliy ro‘yxatini yuritadi;

teatr, musiqa san’ati, kinematografiya, kutubxona va muzey ishi bo‘yicha respublika ahamiyatidagi davlat tashkilotlari faoliyatini  muvofiqlashtiradi  va qo‘llab-quvvatlaydi;

davlat madaniyat tashkilotlarini tuzish, qayta tashkil qilish va tugatish bo‘yicha takliflar kiritadi;

madaniyat sohasida ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirlar o‘tkazilishini amalga oshiradi;

ijtimoiy ahamiyatli adabiyotlar sotib olinishi, nashr qilinishi va tarqatilishi, shuningdek respublika darajasida milliy filmlar yaratilishi bo‘yicha ishlarni tashkil qiladi;

madaniyat va san’at namoyandalariga O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlari berish va ularni davlat mukofotlari bilan taqdirlash, ijodiy jamoalarni O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqdirlash to‘g‘risida takliflar kiritadi;

ijodiy faoliyatning turli sohalarida milliy (respublika) va xalqaro tanlovlar va festivallar, sovrin va mukofotlar ta’sis etadi;

respublika tanlovlari va festivallari o‘tkazish namunaviy nizomlar ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

madaniyat tashkilotlari xodimlari toifalariga nisbatan malakaviy talablar ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

madaniyat, davlat madaniyat tashkilotlari xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish va muddatidan ilgari attestatsiyadan o‘tkazish qoidalarini tasdiqlaydi;

davlat kutubxonalari, davlat muzeylari va muzey-qo‘riqxonalarning tovarlar, ishlar, xizmatlar realizatsiya qilish bo‘yicha haq to‘lash evaziga faoliyat ko‘rsatishi hamda tovarlar, ishlar, xizmatlar realizatsiyasidan pullarni sarflashi qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

respublika madaniyat tashkilotlarini attestatsiyadan o‘tkazadi;

barcha toifadagi madaniyat xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil qiladi;

madaniyat sohasida ilmiy tadqiqotlar tashkil qiladi;

xalqaro madaniy hamkorlik sohasidagi faoliyatni amalga oshiradi va muvofiqlashtiradi;

davlat organlari, mahalliy ijroiya organlari, jismoniy va yuridik shaxslarning taklifi bo‘yicha O‘zbekiston xalqi nomoddiy madaniy merosi qismlarini Insoniyat nomoddiy madaniy merosi taqdimot ro‘yxatiga va YUNESKOning shoshilinch muhofazasiga muhtoj nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida buyurtmalar yuboradi;

O‘zbekiston Respublikasi muzey fondini shakllantirish va saqlash tartibini tasdiqlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi muzey fondi davlat katalogini yuritish qoidalarini va muzey ma’lumotlar bazasini yuritish qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

tarmoqlar badiiy kengashlarini tuzadi va ular to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlaydi;

Nomoddiy madaniy meros ob’ektlari milliy ro‘yxatini shakllantirish va yuritish qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

madaniy boyliklarni vaqtincha olib chiqish bo‘yicha ekspert komissiyasi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlaydi;

madaniy boyliklarni vaqtincha olib chiqish huquqini beradigan sertifikat topshirish qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

madaniyat tashkilotlari tarmog‘i minimal davlat normativlarini hamda viloyat, respublika davlat madaniyat tashkilotlari ahamiyatidagi shahar, tuman, viloyat ahamiyatidagi shaharlar, qishloq darajasidagi davlat madaniyat tashkilotlarining namunaviy shtatlarini tasdiqlaydi;

ta’lim sohasidagi vakolatli organ bilan kelishilgan holda madaniyat sohasida ta’lim tashkilotlari faoliyati qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

ta’lim sohasidagi vakolatli organ bilan madaniyat sohasida barcha darajadagi ta’limning namunaviy o‘quv rejalari va o‘quv dasturlarini  kelishib oladi;

respublika byudjetidan moliyalashtiriladigan madaniyat sohasidagi ta’lim tashkilotlarida oliy ta’lim va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limga, shuningdek texnik va kasbiy o‘rta ta’limga ega bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlashga davlat ta’lim buyurtmasini shakllantirishda ishtirok etadi;

respublika byudjetidan moliyalashtiriladigan madaniyat sohasidagi ta’lim tashkilotlarida oliy ta’lim va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limga, shuningdek texnik va kasbiy o‘rta ta’limga ega bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlashga davlat ta’lim buyurtmasining taqsimlanishi va joylashtirilishini tasdiqlaydi;

ta’lim sohasidagi vakolatli organ bilan kelishilgan holda madaniyat sohasidagi ta’lim tashkilotlarida o‘quv − uslubiy va ilmiy − uslubiy ishlarni tashkil qilish va amalga oshirish qoidalarini tasdiqlaydi;

o‘z vakolat doirasida madaniyat sohasidagi ta’lim tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;

o‘z vakolat doirasida respublika (qishloq, posyolka, tuman, shahar, viloyat, respublika) madaniyat tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtiradi, ijodiy uyushmalar va mulk shaklidan qat’i nazar boshqa tashkilotlar bilan madaniyat masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qiladi;

iqtidorli yoshlarni va istiqbolli ijodiy jamoalarni izlash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

musiqa va teatr san’ati sohasidagi repertuar siyosatini muvofiqlashtiradi;

milliy madaniy boylik ob’ektlarining alohida tartiboti bo‘yicha ekspert komissiyasini tuzadi;

vatandoshlarimizning madaniy aloqalarini rivojlantirishga ko‘maklashadi;

tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari, tovarlar kelib chiqishi joylari nomlanishini muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organining so‘rovnomasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi tarixi va madaniyati boyligi hisoblangan belgilardan tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi, tovarlar kelib chiqishi joyi nomlanishi sifatida foydalanish uchun kelishadi yoki kelishishni rad qiladi;

davlat muzeylarida fond-sotib olish (fond-tanlash) komissiyasini tuzish qoidalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

davlat teatr va konsert-tomosha tashkilotlarining sahnalashtirish mablag‘larini hisobga olish, topshirish va hisobdan chiqarish bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi muzey fondi muzey ashyolarini hisobga olish, saqlash, ulardan foydalanish va hisobdan chiqarish bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;

10-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘zlariga berilgan vakolat doirasida o‘z hududidagi madaniy meros ob’ektlarini aniqlaydi va ularning hisobga olinishi, muhofaza qilinishi, saqlanishi va ulardan foydalanishni amalga oshiradi, madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijrosini ta’minlaydi, ularni muhofaza qilish, saqlash, ommalashtirish va ulardan foydalanish tadbirlari o‘tkazilishiga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoat birlashmalarini jalb qiladi, Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan va hududidagi muzeylarda saqlanayotgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari but saqlanishini ta’minlaydi, o‘z vakolat doirasida o‘z hududidagi davlat muzeylarini  moliyalashtirish miqdorini belgilaydi, qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

 

11-modda. Madaniy ommaviy tadbirlar o‘tkazish tartibi

Madaniy ommaviy tadbirlar o‘tkazish uchun joylar sanitariya-epidemiologiya talablariga va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.

Madaniy ommaviy tadbirlar tashkil qilish va o‘tkazish uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tuzilgan tashkiliy qo‘mitalar, ushbu tadbirlar tayyorlash va o‘tkazishga jalb qilingan tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.

Sport va ommaviy sport, madaniy ommaviy tomosha tadbirlar o‘tkazishning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ichki ishlar organlari va Madaniyat vazirligi hududiy organlarining qo‘shma buyrug‘i bilan  tasdiqlanadi.

Madaniy ommaviy tadbirlarning tashkilotchilari:

jismoniy shaxslarning xavfsizligi, madaniy ommaviy tadbirlar o‘tkazish uchun joylar, shu jumladan ulardagi mol-mulk but saqlanishi uchun shart − sharoitlar yaratishi, shuningdek ichki ishlar organlariga jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashishlari;

madaniy ommaviy tadbirlar o‘tkazish joylariga chegaradosh hududlar obodonchiligi buzilgan taqdirda uning tiklanishini ta’minlashlari;

tadbir o‘tkazilishidan kamida o‘n kalendar kuni oldin tomoshabinlarning taxminiy soni haqida, bir kalendar kuni oldin sotilgan chiptalar, kirish uchun, shu jumladan transport vositalariga berilgan ruxsatnomalar soni haqida, shuningdek ichki ishlar va sog‘liqni saqlash organlarining maxsus texnikasi, nogironlarning transport vositalari uchun tutash joylari haqida mahalliy davlat hokimiyati organlarini xabardor qilishlari;

madaniy ommaviy tadbirlar o‘tkazish joylarida tomoshabinlarning odob qoidalarini joylashtirishlari shart.

3-bob. Madaniyat sohasidagi fuqarolarning huquq  va majburiyatlari

 

12-modda. Fuqarolarning madaniyat sohasidagi ijodiy faoliyat ko‘rsatish huquqlari

Fuqarolar o‘z qobiliyatlariga ko‘ra ularni qo‘llash sohasini, tatbiq etish shakllarini mustaqil tanlash va kasbiy ta’lim olish yo‘li bilan ijodiy faoliyat ko‘rsatish huquqiga ega.

Ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanish ham professional, ham noprofessional (havaskorlik) asosda amalga oshirilishi mumkin.

Fuqarolarga madaniy qimmatliklar bilan tanishish huquqi ta’minlanadi. Ushbu huquqning cheklanishi milliy madaniy boylik ob’ektlarining alohida tartiboti bilangina belgilanishi mumkin.

Professional va havaskor ijodkor xodimlar intellektual mulkka, o‘z mehnati natijalarini tasarruf etish erkinligiga, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishga doir huquqlar sohasida tengdirlar.

Fuqarolarning professional va havaskor ijodiy faoliyati jamoa yoki individual asosda amalga oshiriladi.

Har bir fuqaro madaniy boyliklarning mulkdori bo‘lish huquqiga ega.Xususiy mulkni qo‘lga kiritish, undan foydalanish va uni tasarruf etish O‘zbekiston Respublikasining qonunlari bilan tartibga solinadi.

13-modda. Jismoniy shaxslarning madaniyat sohasidagi huquqlari va majburiyatlari

Jismoniy shaxslar madaniy ommaviy tomosha tadbirlari o‘tkazilganida O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida taqiqlanmagan turli ramzlardan va o‘z fikrini oshkora ifoda etish boshqa vositalaridan foydalanishi mumkin.

Jismoniy shaxslar:

O‘zbekiston Respublikasining madaniyat sohasidagi qonun hujjatlariga rioya qilishga;

madaniy boyliklar asralishi to‘g‘risida qayg‘urishga;

o‘zbek xalqi va etnik guruhlarning milliy madaniyatini, urf-odatlarini, an’analarini, davlat tili va boshqa tillarni hurmat qilishga;

madaniy ommaviy tomosha tadbirlari va madaniyat sohasidagi boshqa tadbirlar o‘tkazish joylarida jamoat tartibiga rioya qilishga;

madaniy ommaviy tomosha tadbirlari o‘tkazish joylarida jamoat tartibi buzilishini qo‘zg‘atuvchi xatti-harakatlarga, atrofdagilarga xavf tug‘diruvchi g‘ayrihuquqiy harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka majburdirlar.

Jismoniy shaxslarga:

madaniy ommaviy tomosha tadbirlari o‘tkazish joylariga foydalanishi odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi yoki jismoniy va yuridik shaxslarga maddiy zarar keltirishi mumkin bo‘lgan alkogol mahsuloti, metall, shisha idishida mahsulot, pirotexnika buyumlari va boshqa ashyolar olib kelish;

madaniy ommaviy tomosha tadbirlari o‘tkazish vaqtida odamlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan har qanday ashyolarni sahnalarga, maydonlarga, supalarga, orkestr o‘ralariga, shuningdek tomoshabinlar bo‘lgan joylarga tashlash;

madaniy ommaviy tomosha tadbirlari o‘tkazish vaqtida hech kimdan so‘ramay to‘silgan va o‘ralgan doiradan,  turniketdan tashqariga chiqish;

madaniy ommaviy tomosha tadbirlari o‘tkazish vaqtida ijtimoiy, irqiy, milliy, diniy, urug‘ va tabaqa bilan bog‘liq adovat chiqarishga qaratilgan, shuningdek jismoniy shaxslarning huquqlarini kamsitadigan plakatlar, emblemalar, tranparantlar va boshqa ko‘rinadigan ashyolardan foydalanish taqiqlanadi.

 

14-modda. Madaniyat sohasidagi mulk huquqi

Har bir fuqaro madaniyat sohasida mulk huquqiga ega. Mulk huquqi tarixiy-madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan ashyolar, kolleksiyalar va to‘plamlarga, bino va inshootlarga, tashkilotlar, muassasalar, korxonalar va boshqa ob’ektlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Madaniyat sohasidagi mol-mulk ob’ektlarini qo‘lga kiritish, ularga ega bo‘lish, ulardan foydalanish  va ularni tasarruf etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

 

15-modda. Madaniy boyliklarni olib kirish va olib chiqish huquqi

Har bir fuqaro O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq o‘zining ijodiy faoliyati ko‘rgazmalarini xorijga olib chiqish yoki mamlakatga olib kirish va tashkil qilish yoki boshqa yo‘l bilan amalga oshirish huquqiga ega. Madaniy boyliklarni olib chiqish ularning mulkdori yoki vakolatli shaxs tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi olib chiqish huquqiga doir bergan sertifikat asosida amalga oshiriladi.

16-modda. O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi xalqlar va etnik guruhlarning milliy-madaniy boyliklarini asrash va rivojlantirish huquqi

Xalqlar va etnik guruhlar o‘z milliy-madaniy boyliklarini asrash va rivojlantirish, madaniy-tarixiy yashash muhitini tiklash va saqlash huquqiga ega.

17-modda. Xorijiy fuqarolarning va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning madaniyat sohasidagi huquqlari

Xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan madaniy faoliyat sohasida teng huquqlarga ega. Xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasidagi madaniy faoliyatining alohida sharoitlari faqat qonun bilan belgilanadi.

4-bob. Madaniyat sohasidagi faoliyat, uning turlari,
sub’ektlari va ularning huquqiy maqomi

18-modda. Ijodiy buyurtma

Ijodiy buyurtma deganda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi xamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining maxsus buyurtmasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti (farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, rasmiy tashriflari, safarlari, matbuot anjumanlari, bayonotlari, ma’ruzalari, uchrashuvlari, so‘zga chiqishlari), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati haqida, shuningdek muhim rasmiy tadbirlar, xalqaro voqealar; mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar borishi haqida, O‘zbekiston Respublikasining siyosiy, huquqiy, ma’naviy − ma’rifiy, sport hayotidagi muhim voqealar va xorijda yuz berayotgan voqealar haqida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tomonidan yaratilgan madaniy faoliyat ob’ektlari deb tushuniladi.

19-modda. Madaniyat tashkilotlari

Madaniyat tashkilotlari madaniyat sohasidagi o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.

Madaniyat tashkilotlarini tuzish, qayta tashkil qilish va tugatish O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Madaniyat tashkilotlarining faoliyat turlari ularning muassislari tomonidan belgilanadi va tashkilotlarning ustavlarida aks etadi.

Madaniyat tashkilotlari davlat va nodavlat bo‘lishi mumkin.

Madaniyat sohasida xalqaro madaniyat tashkilotlari o‘z faoliyatini amalga oshirishi mumkin.

Madaniyat tashkilotlari sirasiga quyidagilar kiradi:

madaniyat markazlari;

teatrlar;

konsert tashkilotlari (filarmoniyalar);

sirklar;

kinematografiya tashkilotlari;

axborot kutubxonalari;

muzeylar;

madaniy-ko‘ngilochar tashkilotlar;

badiiy gallereyalar (salonlar);

studiyalar;

ustaxonalar;

madaniy-tarixiy markazlar;

madaniyat sohasidagi tadqiqot markazlari (tadqiqot institutlari);

ta’mirlash markazlari;

muzey-qo‘riqxonalar;

(badiiy. Ekspertiza. Taklif kiritish)

madaniyat sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa tashkilotlar.

O‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirayotgan madaniyatni rivojlantirish fondlari madaniyatni rivojlantirish uchun tuzilishi mumkin.

Madaniyat tashkilotlari fondlaridagi madaniy boyliklar haqida axborot, shuningdek joriy repertuardan olib tashlangan teatr sahna asarlari va (yoki) ijodiy dasturlarning audiovizual yozuvlari elektron axborot resurslarida joylashtirilishi uchun sharoitlar yaratadi.

20-modda. Tarmoq badiiy kengashlari

Madaniyat sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida Madaniyat vazirligi va uning organlari tomonidan maslahat-kengash organlari (vazirlik va idoralar) – teatr, musiqa va konsert faoliyati, sirk san’ati, kinoindustriya, muzey ishi va arxeologiya, tasviriy san’at, arxitektura va dizayn, adabiyot va kitob nashr etish bo‘yicha tarmoq badiiy kengashlari tuziladi.

Tarmoq badiiy kengashlari tarkibiga madaniyat sohasidagi taniqli arboblar, olimlar, mutaxassislar, ijodiy birlashmalar kiradi.

21-modda. Davlat madaniyat tashkilotlarining attestatsiyasi

Davlat madaniyat tashkilotlarining attestatsiyasi ularning asosiy faoliyati samaradorligini baholash hamda moddiy, mehnat va moliya manbalaridan oqilona foydalanish, shu asnoda ularning tarmog‘i va tuzilmasini tartibga solish uchun o‘tkaziladi.

Barcha davlat tashkilotlari uch yilda bir marta attestatsiyadan o‘tkazilishi lozim.

Davlat madaniyat tashkilotlarining attestatsiyasi Madaniyat vazirligi va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati belgilagan tartibda o‘tkaziladi.

 

22-modda. Madaniyat tashkilotlarining maqomi

Madaniyat sohasidagi faoliyati alohida davlat va jamiyat ahamiyatiga ega bo‘lgan davlat madaniyat tashkilotlariga, professional badiiy, ijodiy jamoalarga “Milliy” maqomi berilishi mumkin.

“Milliy” maqomi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimnomasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tasdiqlagan tartibda beriladi.

san’atni shakllantirish, rivojlantirish va targ‘ib qilishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Akademik” maqomi beriladi.

Universal hujjatlar to‘plamlarining shakllantirilishi, saqlanishini olib boradigan va kutubxonadan foydalanuvchilarga ularni taqdim etadigan, kutubxona resurslaridan o‘zaro foydalanishni tashkil qiladigan va boshqa kutubxonalarga uslubiy yordam ko‘rsatadigan viloyat, respublika ahamiyatidagi shahar, poytaxt, shahar va tuman kutubxonalariga tegishli ma’muriy hududiy birlikning mahalliy ijroiya organlari tomonidan Madaniyat vazirligi tasdiqlagan tartibda “Markaziy” maqomi beriladi.

Davlat madaniyat tashkilotlari boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirilmaydi.

23-modda. Madaniyat markazlari

Madaniyat markazlari — aholining madaniy ehtiyojlarini o‘rganish hamda ularga madaniy-ma’rifiy va ko‘ngilochar xizmatlar ko‘rsatish, havaskorlik, badiiy ijod va amaliy san’at bilan shug‘ullanadigan davlat muassasi shaklida yuridik shaxs.

Quyidagilar madaniyat markazlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:

aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, ularning madaniy ehtiyojlarini qondirish va bo‘sh vaqtlarining mazmunli o‘tishini ta’minlash, ijodiy jamoalarning milliy qadriyat, urf-odat va an’analarni o‘zida mujassam etgan namunali dasturlarini shakllantirish;

xalq ijodiyoti va badiiy havaskorlik san’atini saqlab qolish va rivojlantirish, badiiy va amaliy ijodiy jamoalar, havaskorlik guruhlarini tashkil etish va ularning faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoit yaratish hamda ijodiy jarayonni tizimli ravishda boyitib borish;

bolalarni to‘garaklarga jalb etish, xorijiy tillarni o‘rganish va «nutq madaniyati» bo‘yicha kurslarni tashkil etish, xalq ijodiyotining barcha janr va yo‘nalishlari, havaskorlik san’ati va nomoddiy madaniy merosni keng targ‘ib qilish hamda ularni asl holicha kelajak avlodga yetkazish;

adabiyot hamda san’at arboblari va professional ijodiy guruhlar bilan ma’naviy-ma’rifiy, madaniy-ommaviy tadbirlar tashkil etib, ular ishtirokida aholi, xususan, yoshlar bilan bevosita badiiy uchrashuvlar va davra suhbatlarini o‘tkazish;

tanlovlar, xalq ijodiyoti va tomosha san’atining tuman (shahar) miqyosidagi festivallarini o‘tkazish, iqtidorli yoshlarni aniqlash, ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash;

ommaviy bayram, tomosha va xalq sayillarini tashkillashtirish, ijtimoiy-madaniy sohada yuridik va jismoniy shaxslar bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha ularga pulli xizmatlar ko‘rsatish.

 

24-modda. Teatrlar

Teatrlar — teatr sahna asarlarini yaratish, ommaviy ijro kilish va (yoki) ommaviy namoyish etishni amalga oshiradigan  (drama, musiqa-drama, musiqa, xoreografiya, qo‘g‘irchoq, pantomima, satira va yumor, bolalar va o‘spirinlar uchun, yoshlar, eksperimental va boshqa) tomosha tashkilotlari.

Teatr faoliyatining asosiy vazifalari o‘zbek xalqining teatr madaniyatining o‘ziga xosligini, milliy o‘zligini anglash va tillarini asrash va rivojlantirish, shuningdek teatr postanovkalarini yaratish, ommaviy ijro kilish va (yoki) ommaviy namoyish etish, teatr faoliyatida innovatsiya loyihalarini amalga oshirishdan iboratdir.

Teatrlar badiiy yo‘nalishlar, repertuarni tanlashda, teatr postanovkalarini yaratish, ommaviy ijro kilish va (yoki) ommaviy namoyish etish, shuningdek samarali ijodiy va ishlab chiqarish rivojlanishi uchun boshqa, O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga zid bo‘lmagan faoliyatni amalga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilishda erkindir.

Fuqarolarni madaniy hayot sohasiga jalb qilish maqsadida byudjet mablag‘laridan davlat teatrlariga teatr tadbirlaridan aholi foydalanishini ta’minlash bilan bog‘liq zararni qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasining byudjet qonun hujjatlarida belgilangan tartibda byudjet subsidiyalari ajratiladi.

Teatrning butun faoliyatiga bevosita rahbarlikni teatr direktori amalga oshiradi.

Teatr postanovkalarini yaratish, ommaviy ijro qilish va (yoki) ommaviy namoyish etishuchun tashqaridan ijodkor xodimlar shartnoma asosida jalb qilinishi mumkin.

Har bir teatr postanovkasining sahnalashtiruvchi rejissyorning tavsiyalari asosida davlat teatri rahbari tomonidan sahnalashtirish guruhi tuziladi.

Har bir teatr postanovkasining sahnalashtirish guruhi davlat teatri va (yoki) tashqaridagi ijodkor xodimlar hisobiga shakllanadi.

Davlat teatrida har bir teatr postanovkasi ommaviy ijro qilinishi va (yoki) ommaviy namoyish etilishiga tayyorligi to‘g‘risidagi qaror teatr rahbari tomonidan teatr badiiy kengashining tavsiyasi bo‘yicha qabul qilinadi.

Davlat teatri badiiy kengashining tarkibi va u to‘g‘risidagi nizom teatr rahbari tomonidan tasdiqlanadi.

25-modda. Sirklar

Estrada-sirk janri asarlarining sahna tomoshalarini amalga oshiradigan teatr-tomosha tashkilotlari sirklar hisoblanadi.

Sirklar badiiy yo‘nalishlar, repertuar tanlashda, estrada-sirk janri asarlarini va ularning sahna tomoshalarini yaratish, shuningdek samarali ijodiy va ishlab chiqarish rivojlanishi uchun boshqa, O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga zid bo‘lmagan faoliyatni amalga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilishda erkindir.

Estrada-sirk janri asarlarini va ularning sahna tomoshalarini yaratish uchun tashqaridan ijodkor xodimlar shartnoma asosida jalb qilinishi mumkin.

Fuqarolarni madaniy hayot sohasiga jalb qilish maqsadida byudjet mablag‘laridan davlat sirklariga sirk tadbirlaridan aholi foydalanishini ta’minlash bilan bog‘liq zararni qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasining byudjet qonun hujjatlarida belgilangan tartibda byudjet subsidiyalari ajratiladi.

26-modda. Konsert tashkilotlari

Konsert tashkilotlari — adabiyot va san’at asarlarining ommaviy ijro etilishi hamda badiiy jamoalar va alohida ijrochilarni ommalashtirish sharoitlari yaratish uchun kompleks chora-tadbirlar amalga oshiradigan tomosha tashkilotlaridir.

Musiqa-estetik tarbiyalash, yuksak badiiy ijodiy dasturlar va nomerlar yaratish uchun sharoit ta’minlash, professional badiiy jamoalar va alohida ijrochilar konsertlarini tashkil qilish, musiqa-ma’rifiy faoliyat ko‘rsatish konsert tashkilotlarining asosiy vazifalari hisoblanadi.

Konsert tashkilotlari ijodiy dasturlar va nomerlar o‘tkazishda, repertuar tanlashda mustaqildir.

Ijodiy dasturlar va nomerlar yaratish uchun tashqaridan ijodkor xodimlar shartnoma asosida jalb qilinishi mumkin.

Respublika fuqarolarini madaniy hayot sohasiga jalb qilish maqsadida davlat byudjetidan davlat konsert tashkilotlariga respublika aholisining barcha qatlamlari uchun konsert dasturlaridan foydalanishni ta’minlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish, mumtoz, xalq, musiqa va xoreografiya san’atini targ‘ib qilish bilan bog‘liq zararni qoplashga O‘zbekiston Respublikasi byudjet qonun hujjatlarida belgilangan tartibda subsidiyalar ajratiladi.

27-modda. Axborot kutubxona ishi

Axborot Kutubxonasi — axborot, madaniy, ta’lim vazifalarini bajaradigan, bosma va qo‘lyozma hujjatlarining tashkil qilingan fondiga, shuningdek elektron tashuvchilarda grafik, audiovizual materiallar, hujjatlarga ega bo‘lgan va ularni jismoniy va yuridik shaxslarga vaqtinchalik foydalanish uchun taqdim etadigan madaniyat tashkilotidir.

Axborot Kutubxona ishi — madaniyat tarmog‘i bo‘lib, uning vazifalari kutubxonalar tarmog‘ini yaratish va rivojlantirish, ularning fondlarini shakllantirish va ularga ishlov berish, kutubxondan foydalanuvchilarga kutubxona, axborot va axborot-bibliografiya xizmatlari ko‘rsatilishini tashkil qilish, kutubxona kadrlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish, kutubxonalar rivojlanishining ilmiy va uslubiy ta’minlashdan iboratdir.

Fondi faqat  elektron tashuvchilardagi hujjatlardan iborat kutubxona (elektron kutubxona) axborot va telekommunikatsiya vositalarini qo‘llagan holda foydalanuvchilar bilan bilvosita (masofada) yoki to‘liq bo‘lmagan bilvosita o‘zaro xizmat ko‘rsatadi.

Kutubxonalarning kutubxona fondini shakllantirish kitoblarni sotib olish, kitob almashish, hadya qilish va davlat buyurtmasi bo‘yicha nashr qilingan kitoblarni haq to‘lamasdan olish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Milliy kutubxonalarning kutubxona fondi nashrning majburiy tekin nusxasini olish yo‘li bilan ham shakllanadi.

Davlat kutubxonalari asosiy faoliyatiga taalluqli bo‘lmagan, haqi to‘lanishi majburiy tusga ega bo‘lmagan hamda jismoniy yoki yuridik shaxs bilan kelishuvga binoan belgilanadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilishga haqli. Bunday tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasi pullaridan O‘zbekiston Respublikasi byudjet qonun hujjatlariga muvofiq foydalaniladi.

28-modda. Nashrning majburiy bepul nusxalari

O‘zbekiston xalqi madaniy merosini asrash maqsadida nashrning majburiy bepul nusxalari tayyorlangan kundan o‘ttiz kalendar kuni mobaynida ishlab chiqaruvchilarga yoki uning topshirig‘i bilan uchinchi shaxs tomonidan milliy kutubxonalarga va Madaniyat vazirligiga yuboriladi.

29-modda. Muzeylar

Muzey — mulkdor tomonidan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini saqlash, o‘rganish va ommaviy  namoyish etish uchun tuzilgan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan notijorat madaniyat muassasasidir.

Milliy muzey fondiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari O‘zbekiston xalqi madaniy merosining ajralmas qismi hisoblanadi.

Milliy muzey fondi milliy muzey fondining davlat qismi va nodavlat qismidan iboratdir.

Milliy muzey fondiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining fuqarolik muomalasiga O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlarga rioya qilgan holdagina yo‘l qo‘yiladi.

Muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini Milliy muzey fondi tarkibiga kiritish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Muzey ashyolari va muzey kolleksiyalari Milliy muzey fondi davlat katalogida ro‘yxatga olingan kundan e’tiboran Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan hisoblanadi.

Milliy muzey fondi tarkibiga kiritilgan muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarining mulkdoriga ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risida guvohnoma beriladi.

Mulk shakli bo‘yicha davlat va nodavlat muzeylar tuzilishi mumkin.

Muzeylar ixtisosligiga qarab quyidagilarga bo‘linadi:

muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini saqlash, o‘rganish va ommaviy namoyish etish asosiy faoliyati hisoblangan muzeylar;

tarixiy madaniy qo‘riqxona tarkibiga kiradigan madaniy meros ob’ektlari va ular bilan bog‘liq tabiiy landshaftni, shuningdek muzey ashyolari va muzey kolleksiyalarini saqlash, o‘rganish va ommaviy taqdim qilish asosiy faoliyati hisoblangan muzey-qo‘riqxonalar.

Ahamiyati bo‘yicha davlat muzeylari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan toifalarga bo‘linadi.

30-modda. Qishloq joylari madaniyati

O‘zbekiston Respublikasida qishloq joyida madaniyat rivojlanishi, davlat madaniyat tashkilotlari tarmog‘i shakllanishi, qishloq aholi punktlari madaniyat ob’ektlari bilan ta’minlanganligi normativi talablarida belgilangan darajada aholining estetik ta’limi va unga madaniy xizmat ko‘rsatilishi uchun sharoit yaratilishining ustuvorligi ta’minlanadi.

Qishloq joylaridagi davlat madaniyat tashkilotlari moddiy-texnik ta’minotiga doir ustuvor huquqidan foydalanadi.

Madaniyat tashkilotlarining qishloq aholi punktlarida istiqomat qiladigan xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari qo‘llaniladi.

31-modda. Madaniy-ko‘ngilochar tashkilotlar

Madaniy-ko‘ngilochar tashkilotlar — faoliyati vakolatli organ tomonidan belgilangan tartibda tartibga solinadigan kundalik muloqot, shaxsni rivojlantirish, havaskorlik badiiy xalq ijodiyoti markazlaridir.

Madaniy-ko‘ngilochar tashkilotlarning asosiy vazifasi aholining ma’naviy va estetik ehtiyojlarini qondirishdan iboratdir.

Madaniy-ko‘ngilochar tashkilotlarning faoliyati:

xalq ijodiyotini, etnik madaniy an’nalar va odatlarni asrash, targ‘ib qilish, ularning zamonaviy tarixiy va ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarga moslashtirishga;

O‘zbekiston Respublikasida nishonlanadigan bayramlar, konsertlar, ashula va raqs bayramlari, taqdimotlar, festivallar, tanlovlar, xalq amaliy va tasviriy san’ati ko‘rgazmalarini tashkil qilishga;

ilmiy-amaliy, axborot-uslubiy ishlarni tashkil qilishga;

madaniy ko‘ngilochar faoliyati va xalq ijodiyotidagi ilg‘or tajribani o‘rganish, umumlashtirish, ommalashtirish, uni tatbiq qilish va yoyishga;

viloyat, mintaqa, respublika, xalqaro bayramlarda, tanlovlarda, festivallarda ishtirok etish orqali xalq ijodiyotining eng yaxshi jamoalarini targ‘ib qilishga;

etnik madaniy birlashmalarni qo‘llab-quvvatlashga;

milliy madaniyatlarni asrash va rivojlantirishga yo‘naltirilgan madaniy-ko‘ngilochar faoliyat sohasidagi innovatsion loyihalarni, turli madaniy aksiyalarni, tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgandir.

Byudjet mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan madaniy- ko‘ngilochar tashkilotlarni tugatishga, agar bunday tugatish aholiga minimal madaniy xizmatlar ta’minlanmasligiga sabab bo‘lsa, yo‘l qo‘yilmaydi.

Fuqarolarni madaniy hayot sohasiga jalb qilish maqsadida byudjet mablag‘laridan davlat madaniy-ko‘ngilochar tashkilotlarga madaniy-ko‘ngilochar tadbirlardan aholi foydalanishini ta’minlash xizmatlari ko‘rsatish bilan bog‘liq zararni qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasining byudjet qonun hujjatlarida belgilangan tartibda byudjet subsidiyalari ajratiladi.

 

32-modda. Kinematografiya

Kinematografiya – film yaratish, saqlash va ijaraga berishga qaratilgan ijodiy, ilmiy, ishlab chiqarish, ta’limga oid faoliyat turlarini birlashtiruvchi madaniyat tarmog‘idir.

Quyidagilar kinematografiya sohasidagi davlat siyosatining ustuvorliklari hisoblanadi:

kinosolnoma va milliy filmlar, shu jumladan bolalar va o‘spirinlar uchun yaratish;

kinematografiya faoliyatini amalga oshirishda ma’naviyat va odobni saqlash;

kinematografiya moddiy-texnik bazasini asrash va rivojlantirish;

xorijiylarga qaraganda milliy filmlar ishlab chiqarish, ko‘paytirish va ijaraga berish uchun ustuvor sharoitlar yaratish;

kinofestivallar va boshqa tadbirlar o‘tkazish.

O‘zbekiston Respublikasida kinematografiya tashkilotlari kino ishlab chiqarish asosini tashkil qiladi.

 

33-modda. Milliy film

 

Film quyidagi asoslar yig‘indisi bo‘lganda:

agar film yuqori badiiy darajada yaratilgan, xalqning ma’naviy ehtiyojlarini qondirishga qodir bo‘lsa, davlat manfaatlariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi kino san’ati orqali xalqaro maydonda tanilishiga  xizmat qilsa;

filmlarni ishlab chiqarish, tarqatish va ijaraga berishda smeta bo‘yicha ishlarning umumiy hajmining kamida yetmish foizi O‘zbekiston Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tgan kinematografiya tashkilotlari ishtirok etayotgan bo‘lsa;

O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi va (yoki) O‘zbekiston Respublikasi hududida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxs film prodyuserlari bo‘lsa;

film tasvirga olish guruhi tarkibiga O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari bo‘lmagan shaxslarning ko‘pi bilan o‘ttiz foizi kirsa (rejissyorlar, operatorlar, ovoz operatorlari, kiyim bo‘yicha rassomlar, montajchilar, bosh rollarini ijro etuvchi aktyorlar);

film ishlab chiqarishga xorijiy investitsiyalar film smeta qiymatining o‘ttiz foizidan oshmasa;

film ishlab chiqarishi qisman yoki to‘liq respublika byudjeti mablag‘laridan amalga oshirilsa, milliy deb e’tirof etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi ratifikatsiya qilgan xalqaro shartnoma shartlariga muvofiq xorijiy kinematografiya tashkilotlari bilan birga tasvirga tushirilgan film milliy deb e’tirof etilishi mumkin.

Filmni milliy deb e’tirof etish tartibi vakolatli organ tomonidan belgilanadi.

34-modda. Filmga ijara guvohnomasi berilishi

O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasiga olib kirilgan (yubrilgan) filmlar ijaraga berish uchun filmga ijara guvohnomasini olish maqsadida Davlat filmlar reyestrida ro‘yxatdan o‘tadi.

Mazkur O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligiga qadar kinematografiya tashkilotlari tomonidan ishlab chiqarilgan filmlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Filmga ijara guvohnomasi – ijaraga berish uchun asos hisoblangan hujjat bo‘lib, unda film to‘g‘risidagi texnik ma’lumotlar, film yaratuvchilari, indeksi va janri ko‘rsatiladi.

Filmga ijara guvohnomasini berish vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan shakl bo‘yicha amalga oshiriladi.

Filmga ijara guvohnomasini olish uchun arizachi quyidagilarni taqdim qilishi lozim:

vakolatli organ rahbari nomiga ariza;

arizachining filmga yoki undan foydalanishga huquqini tasdiqlovchi hujjatlar; xorijiy tildagi hujjatlarga davlat va (yoki) rus tillarida notarial tasdiqlangan nusxa ilova qilinadi;

film annotatsiyasi;

filmlarda mamlakatda yoki birgalikda ishlab chiqarilgan asarlar foydalangani to‘g‘risidagi ma’lumotlar.

Filmga ijara guvohnomasi olish arizasi u kelib tushgan paytdan yetti ish kuni ichida ko‘rib chiqilishi lozim. Arizani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha vakolatli organ arizachiga filmga ijara guvohnomasini beradi.

Vakolatli organ quyidagi asoslarga ko‘ra:

arizachi tomonidan yolg‘on yoki buzib ko‘rsatilgan axborot berilgani;

arizachi tomonidan talablarga javob bermaydigan hujjatlar taqdim etilgani;

agar filmning mazmuni konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishni targ‘ib qilishga yoki tashviqot qilishga, respublikaning yaxlitligini buzishga, davlat xavfsizligiga putur yetkazishga, milliy adovat qo‘zg‘atishga qaratilgan bo‘lgan taqdirda arizachiga filmga ijara guvohnomasini berishni rad qilishi mumkin.

Ilgari ijara guvohnomasi berish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan film to‘g‘risidagi axborot yolg‘on va (yoki) buzib ko‘rsatilgani aniqlangan taqdirda vakolatli organ sud tartibida film ijara guvohnomasini chaqirib olishga haqlidir.

35-modda. Filmlar turlari

Filmlar turlari bo‘yicha quyidagilarga bo‘linadi:

animatsiya filmi – tasviriy san’at grafika usullari va uslublaridan, shuningdek kompyuter grafikasi imkoniyatlaridan foydalangan holda harakatlar va sahnalarni jonlashtirish bilan birga yaratilgan film;

hujjatli film – ssenariy syujeti asosida yaratiladigan film, unda dolzarb voqealar, voqelikning faktlar yig‘indisi aks ettirilib, rejissyor tomonidan operatorlik mahorati, montaj qurilishi va boshqa vositalarda talqin qilinadi;

badiiy film – ssenariy asosida yaratiladigan va aktyorlar o‘yini, rejissura, operatorlik san’ati, postanovkachi rassom, kompozitor va kinematografiya sohasidagi boshqa munosabatlar sub’ektlarining ijodi vositalarida tatbiq etiladigan film;

xronika filmi – dolzarb voqealar va voqelik faktlari aks etgan film.

Tasvirni qayd qilish usullari bo‘yicha filmlar kinofilmlar, telefilmlar va videofilmlarga bo‘linadi.

Davomiyligi kamida oltmish daqiqa bo‘lgan film to‘la metrajli, davomiyligi oltmish daqiqadan kam bo‘lgan film qisqa metrajli hisoblanadi.

 

36-modda. Filmlar va kinosolnoma birlamchi materiallarining saqlanishi

Davlat milliy filmlar, birgalikda ishlab chiqarilgan filmlar va kinosolnomani, shu jumladan milliy filmlar va kinosolnomaning birlamchi materiallarini milliy madaniy boylikning ajralmas qismi sifatida saqlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Milliy filmlarning birlamchi materiallari Davlat filmlar fondiga doimiy saqlash uchun topshiriladi.

Davlat filmlar fondiga doimiy saqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi hududiga nusxa ko‘chirish, ko‘paytirish va ijaraga berish uchun olib kiriladigan (yetkazilgan) birgalikda ishlab chiqarilgan filmlarning birlamchi materiallari ham topshiriladi.

Davlat filmlar fondi milliy filmlar, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan (yetkazilgan) birgalikda ishlab chiqarilgan filmlarning birlamchi materiallarini saqlashda ularning huquqiy egalari filmlarning birlamchi materiallaridan erkin va haq to‘lamasdan foydalanishini ta’minlaydi.

Kinosolnomaning birlamchi materiallari Kinofotohujjatlar va ovoz yozuvlarining markaziy davlat arxiviga doimiy saqlash uchun topshiriladi, u kinosolnomaning huquqiy egalari uning birlamchi materiallaridan erkin va haq to‘lamasdan foydalanishini ta’minlaydi.

Har qanday moddiy shaklda filmni ko‘paytirish uchun zarur bo‘lgan negativ, kontratip, tasvir negativi, fonogramma negativi, etalon nusxasi, o‘rnatuvchi roliklar, pasportlar va ularga oid yozuvlar, filmning nazorat nusxasi, qayta yozish, musiqa, shovqinlar magnit fonogrammalarining originali, videofonogramma-master, kompakt-disk va boshqa materiallar film va kinosolnomaning birlamchi materiallari sirasiga kiradi.

37-modda. Ijodiy jamoalar va ijrochilarning gastrol faoliyati

Ijodiy jamoalar va ijrochilarningO‘zbekiston Respublikasi hududida gastrol faoliyati shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Xorijiy gastrollar ijodiy jamoalar va alohida ijrochilar tomonidan mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga rioya etilishini ta’minlaydigan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.

38-modda. Xalq ijodiyoti

Xalq ijodiyoti —xalq san’ati an’analarini jamoa bo‘lib o‘zlashtirish va uzviy rivojlantirish asosida muay’an hududda xalq badiiy san’ati ustalarining ijodiy qo‘l va (yoki) mexanizatsiyalashgan mehnati jarayonida bezatish, badiiy buyumlarini yaratish bo‘yicha faoliyat.

Buyumlarni xalq badiiy ijodiyoti buyumlariga kiritish xalq badiiy ijodiyoti bo‘yicha badiiy ekspert kengashlarining xulosalari asosida amalga oshiriladi.

Xalq badiiy san’ati sohasida faoliyatini amalga oshiradigan jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda himoya qilinadi.

5-bob. Madaniy sub’ektlarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartiblari, ularni moliyalashtirish va boshqarishning o‘ziga xos xususiyatlari

39-modda. Madaniyat sub’ektlarini tashkil etish

Madaniyat sub’ektlari yuridik shaxs tashkil etgan holda yoki yuridik shaxs tashkil etmagan holda vujudga keladi.

Madaniyat sub’ektlari mulkdor yoki u vakil qilgan shaxs tomonidan yoxud vakolatli organning farmoyishi asosida, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tashkil etiladi.

40-modda. Madaniyat sub’ektlarini qayta tashkil etish

Madaniyat sub’ektlarini qayta tashkil etish (qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish, ajratib chiqarish, o‘zgartirish) uning muassislari (ishtirokchilari) yoki ta’sis hujjatlarida shunga vakil qilingan yuridik shaxs organi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.

41-modda. Madaniyat sub’ektlarini tugatish

Madaniyat sub’ektlarini tugatish uning huquq va burchlari huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga o‘tmasdan bekor qilinishiga olib keladi.

42-modda. Madaniyat tashkilotlarining  moliyaviy zaxiralari

Madaniyat tashkiloti o‘z xarajatlarini muassis (muassislar) mablag‘lari, o‘z faoliyatining daromadlari va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ruxsat etilgan boshqa daromadlar va tushumlar hisobiga qoplaydi.

Byudjet muassasasi shaklida tuzilgan madaniyat tashkilotining muassisi:

byudjet muassasasining iste’molchiga muassisning topshiriqlariga muvofiq beg‘araz yoki qisman haq evaziga ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyati moliyaviy ta’minotini amalga oshiradi;

O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Muzey fondining davlat qismi, axborot kutubxona, arxiv fondlari saqlanishi, asralishi va to‘ldirib borilishi xarajatlarining to‘la hajmda moliyalashtirilishini, shuningdek byudjet va mustaqil muassasa tasarrufiga topshirilgan madaniy meros ob’ektlari asralishi va ulardan foydalanishnita’minlaydi.

Madaniyat tashkilotining milliy va xorijiy yuridik va jismoniy shaxslardan, xalqaro tashkilotlardan beg‘araz xayriyalar (sovg‘alar, subsidiyalar) olish huquqiga ega.

Moliyaviy mablag‘lardan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

43-modda. Madaniyat sohasini moliyalashtirish

Quyidagilar madaniyat sohasini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturi doirasida markazlashtirilgan manbalar hamda respublika va mahalliy byudjeti mablag‘lari;

imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Davlat madaniyat muassasalarining moliyalashtirilishi byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Madaniyat tashkilotlarining moliyalashtirilishi xizmatlar realizatsiyasi, muassislarning mablag‘lari va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi, davlat madaniyat muassasalari bundan mustasno.

Madaniyatni rivojlantirish fondlari O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda nodavlat mablag‘larini jalb qilishi mumkin.

44-modda. Madaniyat sohasida mualliflik va turdosh huquqlar

Madaniyat sohasidagi muallif va ijrochi huquqlaridan foydalanish bilan bog‘liq huquqiy munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining mualliflik va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

 

6-bob. Ijodiy uyushma va birlashmalarning huquqiy maqomi, madaniyat sohasidagi xodimlarning ijtimoiy himoyasi

45-modda. Madaniyat sohasida ko‘krak nishoni

Madaniyat sohasida o‘rnak ko‘rsatgan jismoniy shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida ko‘krak nishoni ta’sis etiladi

46-modda. Ijodiy uyushma va birlashmalarning huquqiy maqomi

Madaniyat sub’ektlari o‘zlarining faoliyatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek umumiy manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish maqsadida notijorat tashkilotlar hisoblanuvchi uyushmalar (ittifoqlar) va boshqa birlashmalarga birlashishlari mumkin.

47-modda. Madaniyat sohasidagi xodimlarning ijtimoiy himoyasi

Madaniyat sohasi xodimlari qonun hujjatlarida belgilangan ijtimoiy himoya va kafolatlardan foydalanadi.

Mehnat faoliyatini hisobga olgan holda qo‘shimcha ustamalar belgilanadi.

Samarali faoliyat ko‘rsatgan madaniyat muassasalari xodimlari davlat mukofotlari bilan taqdirlanadi.

Madaniyat va san’at sohasini rivojlantirishdagi xizmatlarini inobatga olgan holda imtiyozli uy-joy va avtotransport ajratiladi.

Qo‘shimcha ijodiy faoliyatga jalb etilgan madaniyat sohasidagi xodimlar mehnat faoliyati va ish haqidan tashqari gonorarlar olish huquqiga ega bo‘ladi.

Madaniyat muassasalari xodimlarining hayoti va sog‘lig‘i davlat himoyasida bo‘ladi hamda respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan davlat tomonidan majburiy tartibda sug‘urtalanadi.

Madaniyat muassasasi xodimi ishlayotgan davrida yoki ijodiy xizmat safarlari faoliyatida halok bo‘lsa (vafot etsa), agar bu hol u o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan olgan tan jarohatlari yoki sog‘lig‘ining boshqacha shikastlanishi oqibatida ro‘y bergan bo‘lsa, uning merosxo‘rlariga — O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi 194-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan miqdorda to‘lanadi.

 

7-bob. Madaniy almashuv, xalqaro tashkilot va xorijiy davlatlar bilan hamkorlik, madaniyat ob’ektlari va san’at asarlarini ommalashtirish

48-modda. Madaniyat sohasidagi xalqaro hamkorlik

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat sohasida, shu jumladan ijodiy jamoalar, mutaxassislar, madaniy qadriyatlar va madaniyat sohasidagi faoliyat natijalari, shuningdek, madaniyat turli sohalaridagi tashkiliy faoliyat tajribasi bilan almashish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashadi.

49-modda. Xalqaro madaniy almashinuv

O‘zbekiston Respublikasi xalqaro madaniy almashinuvi rivojlanishiga ko‘maklashadi.

Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasining madaniyat sohasidagi xalqaro hamkorligining yo‘nalishlari hisoblanadi: gastrol va ko‘rgazma faoliyati, madaniyat sohasi uchun kardlar tayyorlanishi va qayta tayyorlash, amaliyot o‘tashi, madaniy qimmatliklar va madaniy boyliklarni birgalikda ishlab chiqarish, ular bilan almashish, tarix va madaniyatning noyob namunalarini ta’mirlash, yangi texnologiyalar, texnik vositalarni yaratish va joriy qilish va h.k.

Madaniyat muassasalari xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar bilan madaniyat sohasida har qanday shaklda hamkorlik qilish to‘g‘risida shartnomalarni (kontraktlar) mustaqil ravishda tuzish, tegishli xalqaro tashkilotlar va fondlar faoliyatida ishtirok etish huquqiga ega.

Madaniy almashinuvni amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida tartibga solinadi.

50-modda. Madaniyat sohasidagi xalqaro tashkilotlarda ishtirok etish

O‘zbekiston Respublikasi hududida xalqaro notijorat madaniy birlashma va ularning filiallari, vakolatxonalari O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik qonun hujjatlariga muvofiq tuzilishi mumkin.

Madaniyat muassasalari O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq va ularning ta’sis hujjatlarida belgilanadigan tartibda mazkur moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan birlashmalarga kirish, shuningdek, oladigan xayriya yordamini tasarruf etish huquqiga ega.

51-modda. Madaniyat ob’ektlari va san’at asarlarini ommalashtirish

Davlat madaniyat ob’ektlari va san’at asarlarini ommalashtirish chora-tadbirlarini ko‘radi.

Madaniyat vazirligi quyidagilarni amalga oshiradi:

Madaniyat va san’at sohasining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha xalqaro ko‘rik-tanlov, festival va ko‘rgazmalarni tashkil etish;

Xorijiy davlatlarda tashkil etiladigan xalqaro ko‘rik-tanlov,  festival va ko‘rgazmalarda ishtirok etish;

Xorijiy davlatlarda O‘zbekiston madaniyati kunlarini tashkil etish.

8-bob. Yakunlovchi qoidalar

52-modda. Madaniyat sohasidagi nizolarni hal qilish

Madaniyat sohasida vujudga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.

53-modda. Mazkur Qonunni buzganlik uchun javobgarlik

O‘zbekiston Respublikasining madaniyat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida belgilangan javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi.

54-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tegishli manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ushbu Qonunning ijrosini ta’minlaydi.

55-modda. Mazkur Qonunni kuchga kiritish tartibi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Madaniyat to'g'risidagi qonun

Baholaganlar

16

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar