“Zapravka”da IIB xodimlari ostida qolgan fuqaroga ma’muriy bayonnoma tuzildi (video)

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda IIB xodimlari “zapravka”ga navbatsiz kirmoqchi bo‘lgan erkakning qo‘liga majburlab kishan taqayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Videodan ko‘rish mumkinki, 4 nafar IIB xodimi fuqaroni yotqizib, majburlab kishan taqishga uringan.
Holat yuzasidan Andijon viloyati IIB rasmiy munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, voqea yuzasidan Andijon viloyati IIB mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan.

“Aniqlanishicha, 2023 yil 25 yanvar kuni soat 17:30 larda Izboskan tumani IIB HPB profilaktika katta inspektori kapitan J.Jo‘rayev hamda Voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor psixolog xodimlari Izboskan tumani “Urganji” MFY, “Madaniyat yo‘li” ko‘chasida joylashgan “EKSKALIBUR OIL” nomli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida jamoat tartibini saqlab turgan vaqtlarida, Paxtaobod tumanida yashovchi fuqaro O.O benzin yoqilg‘isini navbatsiz olish maqsadida kirib borib, navbatda turganlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lgan va fuqarolar o‘rtasida norozilik keltirib chiqargan. Ushbu vaziyatda IIB xodimlari tomonidan fuqaro O.O bilan tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramasdan xizmat olib borayotgan xodimlarga qasddan bo‘ysunmasdan, faol qarshilik ko‘rsatib, jamoat tartibini buzgan”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi bu vaziyatda o‘z xodimlarining xatti-harakatiga baho berar ekan, ularning qonuniy ish qilganini da’vo qilmoqda:

“Mazkur holatda xodimlar O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasiga asosan ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablariga qarshilik ko‘rsatilishini bartaraf etish uchun jismoniy kuch ishlatishgan. O.O.ga hech qanday tan jarohati yetkazilmagan”.

Shuningdek, boshqarma tomonidan fuqaro O.O avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasiga muntazam ravishda navbatsiz kirmoqchi bo‘lishi, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan boshqa navbatda turganlarning ham haqli e’tiroziga sabab bo‘lib kelayoigani aniqlangan. Oqibatda esa fuqaroga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

“Mazkur holat bo‘yicha fuqaro O.O.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasi, 194-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar qonuniy ko‘rib chiqishlik uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Izboskan tuman sudiga yuborilgan” deyiladi Andijon viloyati IIBning munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) IIB xodimlariga fuqarolar bilan ishlashda ortiqcha xis-hayajonga berilmaslikni aytib, “dakki” bergan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing