Zangiotaning bir qismi nega Sergeliga qo‘shib berilayotgani ma’lum qilindi
Jamiyat
−
17 aprel 2019
6371Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qaroriga muvofiq, Toshkent viloyatining Zangiota tumani va Toshkent shahrining Sergeli tumani hududlari qisman o‘zgartirilishi, Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan O‘zgarish qishlog‘i Toshkent shahri Sergeli tumani tarkibiga o‘tkazilishi haqida xabar bergan edik. Xo‘sh, buning sababi nima? Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboev mazkur holatni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida izohlab berdi.
Deputatning qayd etishicha, Qonunchilik palatasining yalpi majlisida “Toshkent viloyatining Zangiota tumani va Toshkent shahrining Sergeli tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi masala ko‘rib chiqilgan.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Zangiota tumanidan Toshkent shahrining Sergeli tumaniga 428 gektar er maydoni o‘tkazib berilmoqda. Toshkent shahriga o‘tkazilayotgan hududda 3 ta mahalla fuqarolar yig‘ini joylashgan bo‘lib, ularda 5824 nafar aholi, 893 ta xonadon (hovli, uchastka)lar mavjud. 1 ta oilaviy poliklinika, 1 ta umumta’lim maktabi, 1 ta maktabgacha ta’lim muassasasi joylashgan.
“Ma’lumki, Toshkent shahri Sergeli tumanida ko‘p qavatli uylar qurilayotgan er maydonlari Toshkent viloyati ma’muriy chegarasi hududida joylashgan bo‘lib, hujjatlarni rasmiylashtirishda bir qator muammolarni vujudga keltirmoqda. Shu jumladan, yangi qurib bitkazilgan uylarga ko‘chib kelayotgan shahar aholisini doimiy ro‘yxatga qo‘yishda va kvartira hujjatlarini rasmiylashtirishda duch kelinayotgan muammolar aholining e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Ushbu hududlarning Toshkent shahar tasarrufiga o‘tkazilishi Toshkent shahri Sergeli tumani ma’muriy hududida yashaydigan aholiga qulay sharoitlar yaratish, yangi qurib bitkazilgan uylarga ko‘chib kelayotgan shahar aholisining doimiy ro‘yxatga qo‘yish va kvartira hujjatlarining rasmiylashtirish, avtomobil yo‘llardan foydalanish, uy-joy komplekslari, ijtimoiy va madaniy, maishiy maqsaddagi obyektlar, muhandislik kommunikatsiyalarini kompleks qurishni yanada rivojlantirish mavjud resurslardan oqilona foydalanish va boshqaruv xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi”, deydi Kusherboev.
Ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasiga hamda “O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy-hududiy tuzilish masalalarini hal etish tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi “Toshkent viloyatining Zangiota tumani va Toshkent shahrining Sergeli tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida” qaror qabul qilgan.
Shuningdek, Qaror bilan Toshkent shahrining Sergeli tumani tarkibiga o‘tkazilayotgan Toshkent viloyatining Zangiota tumani “23-O‘zgarish” saylov okrugidan saylangan xalq deputatlari Zangiota tuman Kengashining deputati Toshkent shahar xalq deputatlari Sergeli tuman Kengashining deputati hisoblaninishi belgilanib, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Qarorning ijrosi bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.
Qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga yuborilgan.
Rasul Kusherboev so‘zlarini yakunlar ekan, kuni kecha Sergelida ro‘y bergan voqealar, xususan, aholining noroziligiga to‘xtalib o‘tdi:
“Ko‘rib turganingizdek, Sergelidagi masalalar bosqichma-bosqich hal etilmoqda, Toshkent esa tabiiyki aholi ehtiyoji asosida kengayib bormoqda. Buyog‘i urbanizatsiya endi”.
LiveBarchasi