Zangiota shifoxonasiga kuniga 25 nafar bola yotqizilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonda bolalar orasida koronavirusga chalinish holatlari ortib bormoqda. Bu haqda Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ayni kunda Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga kuniga o‘rtacha 25 nafar o‘g‘il-qiz yotqizilyapti. Ular asosan keng tarqalgan delta shtammi bilan kasallanyapti.

Anvar Husanovning ta’kidlashicha, hozirgi kunda poytaxt va Toshkent viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar faqat Zangiota 1-son va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonalarida qabul qilinyapti.

“Markazimiz 2 ming o‘ringa mo‘ljallangan. Hozir bu yerda 1 ming 600 nafar bemor muolaja olyapti. Ularning 26 foizi oltmish yoshdan oshgan fuqarolar bo‘lsa, 160 nafarga yaqini bolalardan iborat”, deydi Husanov.

Qayd etilishicha, jami bemorlarning 77 foizi o‘rta og‘ir, 20 foizi og‘ir, 3 foizi esa o‘ta og‘ir holatda. Ayni paytda 153 nafar bemor jonlantirish bo‘limida davolanyapti. Kuniga o‘rta hisobda 100-150 nafar bemorni qabul qilinib, ularni 7-10 kun davomida salomatligini tiklash choralari ko‘rilyapti.

Markaz shifokorlarining qayd etishicha, kasallanish ko‘rsatkichlarini bundan ham pasaytirish mumkin. Buning eng samarali va oqilona yo‘li — o‘z vaqtida emlanish! Qolaversa, ko‘cha-ko‘yda, jamoat joylarida fuqarolarning karantin qoidalariga yetarli darajada e’tibor qaratmayotgani ham epidemiologik vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Statistik ko‘rsatkichlardan ham ayonki, og‘ir va o‘ta og‘ir holatdagi bemorlarning katta qismi keksa yoshdagi insonlar. Ularda kasallik asoratlari og‘ir kechishi va tuzalish muddati uzayib ketishi kuzatilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

496

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing