“Zamonaviy o‘yinchoqlar” bola uchun xavflimi?
Texnologiya
−
06 noyabr 2020
60672020 yilgi pandemiya insonlar hayotida katta o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Turli xil elektron qurilmalar, xususan gadjetlar yanada yaqin hamrohimizga aylandi. Avvalari, o‘quvchilarga dars vaqti telefon ishlatishga ruxsat berilmagan bo‘lsa, endilikda telefoni yo‘q o‘quvchi darslarga qatnasha olmay qoldi.
Hozirgi kunda turmush tarzimizni qo‘l telefonlari yoki kompyuter vositalarisiz tasavvur etish qiyin. Lekin har narsada me’yor bo‘lgani yaxshi. Bugungi zamonaviy gadjetlar ham inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi allaqachon isbotini topgan.
Gadjet nima?
Gadjet – bu kichik, qo‘lda olib yursa bo‘ladigan texnologik qurilma. U odatda bir yoki bir necha funksiyalarni bajarishga mo‘ljallangan bo‘ladi. Bunday ajoyib qurilmalarning yana bir o‘ziga xos hususiyati shuki, ularning har biri o‘zining original dizayni va foydaliligi bilan boshqalaridan ajralib turadi. Zamonaviy gadjetlar turli sohalarda insonlarga yordam berib kelmoqda. Sport, san’at, tibbiyot, ta’lim kabilar shular jumlasidandir.
Gadjetlar zararlimi?
Uzoq vaqt davomida mobil qurilmalardan foydalanish muskullar gipotrofiyasi, ko‘zning qurib qolishi va uzoqni ko‘rolmaslik kabi bir qancha jiddiy muammolarga sabab bo‘ladi. Gap shundaki, telefon yoki kompyuter ekraniga uzoq va davomiy tikilib turish oqibatida odamlar ko‘zini odatdagidan besh barobar kamroq pirpiratadi. Bu esa ko‘zning old yuqori qismi quruqlashishiga olib keladi. Mutahasislarning fikricha, gadjetlardan uzoq vaqt davomida foydalanish shapko‘rlik muammosini keltirib chiqaradi.
Hozirgi zamonaviy kasblarning asosiy qismi ofislarda bajariladi va, albatta, kompyuter vositalari yordamida. Buning nimasi muammo deysizmi?
Inson qurilma ishlatish vaqtida noto‘g‘ri holatda o‘tirsa, uning tana tuzilishida muammolar paydo bo‘ladi. Bu esa zamonamizning yana bir og‘riqli muammolaridan gipodinamiyaning rivojlanishiga olib keladi. Kifoza, skolioz va oddiy bukchayish ham shu muammolar sirasiga kiradi. Muammoning yosh bolalarda kuchliroq ta’sir qilishi yanayam achinarli. Chunki, yosh niholni qaysi tarafga egib qo‘ysang, o‘sha tarafga qarab o‘sadi. Bundan tashqari, gadjetlardan haddan tashqari ko‘p foydalanish kishida nevrologik ko‘rinishdagi muammolarni, bo‘yin va qo‘l-oyoqlarda muammolarni keltirib chiqaradi. Kompyuter klaviaturasidan ko‘p foydalanish esa, tirsak bo‘g‘inlaridagi muskullar og‘rig‘iga sabab bo‘ladi.
Gadjetlarning bola salomatligiga ta’siri
UNESCO ma’lumotlariga ko‘ra, 3 yoshdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 93 foizi haftada 28 soat yoki kuniga taxminan 4 soat vaqtini ekran qarshisida o‘tkazadi. Ota-onalar uchun farzandini multifilm, video o‘yinlar, smartfonlar bilan chalg‘itish ancha qulay. Ammo, bola bu vaqtda tashqi dunyodan uzilib qoladi. Bu esa uning ruhiy salomatligiga putur yetkazishi mumkin. Bolaning nutqiy rivojlanish davrida gadjetlarga qaram bo‘lib qolishi oqibatida nutq faoliyatida nuqsonlar vujudga keladi. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, bugungi kunda dunyo bo‘yicha 4 yoshli bolalarning 25 foizida nutqiy nuqsonlar kuzatilmoqda. Bundan 40 yil avval bu ko‘rsatkich to‘rt foizni tashkil qilgan.
Bolaning to‘liq rivojlanishi uchun tashqi muhit bilan doim aloqada bo‘lishi kerak. Eshitish, ko‘rish, fikrlash, o‘rganish davomida bola o‘zini anglay boradi. To‘g‘ri, gadjetlarda bu ishlarni bajarsa bo‘ladi. Lekin eng muhim jihati – qayta aloqa. Bola oila a’zolari bilan qayta aloqaga kirish asnosidan nutqini o‘stiradi. Muloqotni o‘rganadi.
Yoshligidan gadjetlarga mukkasidan ketgan insonlarda “konsentratsiya yetishmasligi” deb nomlanadigan kasallik paydo bo‘ladi va ruhiy salomatlikning buzilishiga olib keladi.
Konsentratsiya yetishmasligi oqibatida bola diqqatini bir joyga jamlay olmaydi, bir sohaga doimiy qiziqish yo‘qoladi, fikrlar chalg‘ishi kuchayadi.
Doimiy ravishda ekran oldida bo‘lish bolalar va o‘smirlarning jismoniy holatiga ta’sir etadi: ko‘rish, harakatchanlik, tananing kuchi va chidamliligi yomonlashadi.
Gadjetlardan foydalanish tartibi bormi?
Chumchuqdan qo‘rqqan tariq ekmaydi. Gadjetlar zararli ekan deb bolalarni zamondan ortda qoldirish ham xato. Texnologik taraqqiyotning o‘ziga xos afzalliklari bor, albatta. Mobil qurilmalar bolalarga ta’lim olish, til o‘rganish borasida yaxshigina “ustoz” bo‘lishi mumkin. Faqat ota-onalar farzandini mobil qurilmalar bilan birga o‘tkazayotgan vaqtini nazorat qilsa bas. Shifokorlar bu borada ham o‘z tavsiyalarini bergan:
Uch yoshdan kichik bolalarga ekran qarshisida o‘tirish tavsiya qilinmaydi. 3-5 yoshdagi bolalar uchun esa, 15 daqiqa kifoya. Olti yoshli bolalar ekran oldida 20 daqiqadan ko‘p turishi ularning sog‘lig‘iga ta’sir qiladi. Yetti yoshdan sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalar 30 daqiqa, 10-12 yoshda 40 daqiqa, 13-14 yoshli o‘spirinlar 50 daqiqadan ortiq ekran qarshisida o‘tirmasligi lozim.
Gadjetlarning o‘ziga xos foydali jihatlari ham bor, albatta. Uzoq yo‘lda yurganingizda, kutish vaqtida vaqtingizni mazmunli o‘tkazasiz. Stressli vaziyatlarda telefondagi sevimli o‘yin, multfilmlar bolaga yaxshi kayfiyat berish mumkin.
Qolaversa, zamonaviy gadjetlarda bola ongini o‘stirishga yordam beradigan turli xil o‘yinlar, boshqotirmalar joy olgan. Ulardan samarali foydalanishda ota-onalar farzandlariga hamfikr bo‘lsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.
Karim Zaripov
LiveBarchasi