Zamon zo‘rnikimi yo “ber-ber”niki? “Yolg‘iz ona” maqomi fohishalar orasida trendga kirdi

Tahlil

image

Karantin davri hammada ham og‘ir kechayotgani to‘g‘ri. Yoshu keksa birday aziyat chekmoqda. Kimdir sevimli ishidan, kimdir o‘qishi, savdosi, tadbirkorligidan ayri. Karantin cheklovlari sabab aholining ayrim qatlamlari nochor ahvolda yashayotgani ham sir emas. Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ijtimoiy ko‘mak sifatida muhtoj oilalarga ajratilgan pul mablag‘lari kimlarga berilmoqda, degan savol ko‘pchilikni qiziqtirmoqda. 

Yurtimizda COVID-19 virusi aniqlangan kundan boshlab Respublika miqyosida qat’iy karantin choralari yuritildi. Keyinchalik ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga 1197 qisqa raqami orqali birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Har bir mahalla fuqarolar yig‘ini huzurida Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash komissiyasi ishchi guruhi tashkil etilib, hududda mavjud nogironlar, boquvchisini yo‘qotganlar, chin yetimlar, mehribonlik uyidan chiqqan sobiq taribiyalanuvchilar, JIEM jazo muddatini o‘tab chiqqanlar, ishsiz qolgan fuqarolar, nikohi bekor qilingan farzandli ayollar, yakka-yolg‘iz qariyalar, yotoqli bemorlar ro‘yxati shakllantirildi. Mazkur ro‘yxat asosida joriy yilning 29 aprelidan boshlab "Sahovat va ko‘mak" harakati doirasida ijtimoiy yordam tariqasida tijorat banklar orqali ehtiyojmand oilalarga plastik kartalar tarqatilib, har 15 kunda 500 000 so‘mdan pul mablag‘i tushirib berilmoqda. Bundan tashqari, har bir mahallada sharoiti o‘ta og‘ir bo‘lgan 10 ta oila saralab olinib, har bir oilaga Alisher Usmonov tomonidan ehson qilingan pul mablag‘i 2 500 000 so‘m miqdori tushirilgan bir martalik plastik kartalar chiroyli konvertlarda O‘zbekiston Milliy banki xodimlari tomonidan taqdim etildi. Bundan tashqari, qiynalgan oilalarga homiylar va savobtalab fuqarolar tomonidan birlamchi oziq-ovqat maxsulotlari bir necha bor mahalla kesimida tarqatilmoqda. 

Xo‘sh muammo nimada?

Mahallamizning ba’zi fuqarolari o‘zlarining noroziliklarini namoyon etib, mahalla idorasiga chiqib, janjal uyushtirishdi. Achinarlisi shunda-ki, ularning barchasi “Saxovat va ko‘mak” harakati doirasida ijtimoiy yordam kartochkasini olgan, bundan tashqari, 1197 orqali ularning uyiga bir necha bor oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan. Hayit ayyomi munosabati bilan “Ehson” ulashish niyatida bo‘lgan homiylar tomonidan bir marotabadan 100 AQSH dollari berilgan fuqarolar ham bor edi. 

Shikoyatchilarning aksariyati Alisher Usmanov tomonidan taqdim etilgan 2 500 000 so‘mlik plastik kartochkani talab qilmoqda. Yuqorida aytib o‘tilganidek, bu mablag‘ Milliy bank tomonidan belgilangan tartibda may oyining oxirida tarqatib bo‘lindi. Lekin shunga qaramay, o‘rinsiz ta’nayu-dashnomlar mahalla idorasi xodimlari boshiga xanuzgacha yog‘ilmoqda. 

Mana, ba’zi shikoyatlarning mazmun-mohiyati bilan tanishing:

Fuqaro: — Men yolg‘iz onaman. 3 nafar farzandim bor. Onam qarilik nafaqasida. Nafaqasi bor-yo‘g‘i 700 000 so‘m. Turmush o‘rtog‘imning o‘z oilasi va 4 nafar farzandi bor. Kelsa faqat 3 farzandimga taglik va kasha olib keladi. Berilgan Saxovat kartochkasidagi arzimagan 500 000 so‘m bir martalik bozorga yetdi. Endi bolalarimni nima bilan boqaman?

Mahalla raisi: — Siz 2 yoshgacha bola parvarishi nafaqasini olasiz, to‘g‘rimi? Bundan tashqari, kamida 5 marotaba 1197 orqali ham oziq-ovqat mahsulotlarini ham onangiz, ham o‘z nomingizga ikki baravar oldingiz. Har oyda sizga 486 000 so‘m bola puli va “saxovat va ko‘mak” kartasiga kamida 500 000 so‘m pul tushurib berilmoqda. 

Shikoyatchi ayol raisni eshitishni ham istamay “portalga yozaman ustingizdan” deb shang‘illaganicha mahalla idorasini tark etdi.

Ayol bo‘lganim uchun odamlarning gapirishi, o‘zini tutishidan boshqa, tashqi ko‘rinishiga ham e’tibor beraman. Haligi shikoyatchi ayol mahalla idorasiga, otasi tengi rais qabuliga tungi ko‘ylakdek yarim ochiq kiyimda kelgani meni sira ajablantirmadi (mahalla idorasida bundaylarni ko‘raverib ko‘zingiz “pishib” ketadi). Bunisi ham mayli, o‘zi aytgandek “nochor” ahvolda yashayotgan bu ayolning tirnoqlari hozirda go‘zallik salonlarida “shlak” nomi bilan mashhur (juda qimmat) va olifta ayollar orasida urf bo‘lgan manikyuridan tortib, ulangan sun’iy kipriklari, sun’iy chizdirilgan qoshlar, rangsizlantirilgan sochlari va zamonaviy turmagining o‘ziga “muhtoj oilalarga tarqatilayotgan mablag‘”ning butun summasi ketadi. 

Qabulda yana bir ayol shikoyat bilan so‘zini boshladi: — Men yolg‘iz onaman, ikkita o‘g‘lim bor. Yeyishga nonim yo‘q uyimda. Bergan plastiginglarga bor yo‘g‘i 500 000 so‘m pul tushdi. Nima bo‘ladi u?! Ustimizdan kulyapsizlarmi?! Qani qolgan pullar?! Senlar hammang yeb o‘tirasanlar. Yetimman, yetimning haqqini yeyish senlarga harom bo‘lsin, – deb baqira ketdi. 

Raisning mahalla ko‘magidan tashqari 1197 orqali deyarli har hafta oziq-ovqat mahsulotlari oldingizmi, degan savoliga “Oldim ichidan quyultirilgan sut, choko-krem, kolbasasini sizlar olib qo‘yibsizlar”, deya javob qaytardi. Ha, buvim “o‘t balosi, suv balosi, TUHMAT BALOSIdan asra” deb yaratganga iltijo qilishlarida hikmat bor ekan, deb o‘yladim shu damda. 

Kuni kecha mahalla raisi ehson tariqasida nogironligi bo‘lgan ayolga 200 AQSH dollari taqdim etgan, “Saxovat va ko‘mak” plastik kartasidan shu kungacha 1 000 000 so‘m mablag‘ini muntazam olib turgan, bundan tashqari qarilik va nogironlik nafaqasi umumiy qiymati 2 348 614 so‘mni tashkil etgan fuqaro ne ko‘z bilan ko‘ringki, shikoyatchilar orasida o‘tiribdi. Bu xolni ko‘rgan mahalla raisimizning xayratli holatini ta’riflash mushkul “Opa, siz... opajon, siz nega bu yerdasiz, axir sizdan kuni kecha xabar olindi-ku?!”, dedi rais. “Bilmadim, hamma chiqqaniga men ham chiqay dedim-da”, deb javob berdi. 

Rais: — Keling nima muammo? 
Onaxon: — Men 2 oy avval kreditga kir yuvish mashinasini sotib olgan edim. Shunga hozir kredit pulini to‘lash uchun mablag‘im yo‘q. Nima qilishga ham xayronman. 

Mahalla raisining “kuni kecha sizga mablag‘ berildi-ku?!” degan savoliga ayol “a-a-a, umi? U “ EHSON-KU!” deya qisqa javob qaytardi. Turishidan tuppa-tuzuk ayol. Toshkentga kelganidan beri yana 8 yildirki, umumiy yotoqxonada yashaydi. Kichik qizi 2-guruh nogironi, doimiy xabar olib turiladi. Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, katta qizi Turkiya davlatiga turmushga chiqib ketgan. Xonadonida Wi-Fi o‘rnatilgan. Ya’ni, ayol u darajada qoloq va uquvsiz emas, demoqchimanki, yangiliklardan doimiy xabardor. 

Yuqorida kabi holatlar shu qadar ko‘pki, bularning barchasini jamlab, boqimandalik avjiga chiqqanligini yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Mahalla idorasida ish boshlaganimga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Besh yil. Lekin shu davr mobaynida har xil oilalarni, turfa taqdirlarni ko‘rdim. Hatto, bu yerda ishlash biroz xatarli deb aytsam ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, fuqarolar mahalla idorasiga yaxshi yashayotgani uchun emas, muammosi borligi uchun har xil masalalarda, sog‘ yoki nosog‘ holatda kelishadi. Shuni ham aytib o‘tishim kerakki, haqiqiy nochor oilalar kamdan-kam shikoyat qiladilar. Ularda oriyat kuchli. Shunday oilalarga ularning dilini og‘ritmay, moddiy ko‘mak ko‘rsatish juda nozik masala. 

Yolg‘iz ona maqomi haqida biroz to‘xtalsam

Hujjatlarda qayd etilishicha, yolg‘iz ona maqomi ikkinchi jahon urushi yillarida keng tarqalgan va ijtimoiy qatlam sohasida bu maqomni belgilash majburiy bo‘lgan. Urush yillarida homilador ayolning turmush o‘rtog‘i to ko‘zi yoriguncha vafot etsa (nikohdan o‘tmagan holda, chunki o‘sha yillarda noqonuniy nikohga katta muammo sifatida qaralmagan), ayolning farzandi tug‘ilgach, unga “Yolg‘iz ona” maqomi berilgan.

Hozirgi kunda juda ko‘plab ayollar yolg‘iz ona maqomidan (F-16) foydalanishmoqda. Ammo yolg‘iz ona maqomiga kimlar ega bo‘lishi kerak? Turmush o‘rtog‘i vafot etgan ayollar voyaga yetmagan farzandi bilan yolg‘iz qolsa, boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasini oladi. O‘z nomusini orini va oilasini yolg‘iz o‘zi boshqarib bolalarini voyaga yetkazgan ayolga jamiyatning hurmati cheksiz va hukumat ham bu qatlamga juda katta imtiyozlar taqdim etgan.

Muammo nimada? Muammo shuki, eng avvalo bu maqomni paydo bo‘lish tarixi qanchalar ulug‘vorki, bugun kimlar bu maqomga erishgan degan savolga javob darkor. O‘ta batafsil va ochiq ta’riflarim uchun kechirasizlar-u, aytmasam bo‘lmaydi: har fohishaning 3 dan 2 tasi yolg‘iz ona maqomida o‘tiribdi. Ularga bu maqomni ravo ko‘rgan idora va tashkilotlar masalasi bu alohida mavzu. Lekin bir savol tug‘iladi: bu qanchalik o‘rinli!?

Turmushsiz yoki turmushidan ajralgan ayollarning “qariganimda boqadi” deb duch kelgan kishidan farzand orttirishlari, kamiga farzandining ko‘zi oldida noma’qul hayotini davom ettirishi qanchalik to‘g‘ri yo noto‘g‘ri?! Chunki, aksariyat ayollar o‘rtasida qonuniy nikohsiz farzand ko‘rish hollari ko‘paydi. Farzandini FHDYO bo‘limlaridan F-16 shakl hujjati bilan ya’ni yolg‘iz ona maqomida rasmiylashtiradilar. Aytish mumkinki, bu maqom yengil-yelpi hayot tarzini tanlagan ayollar o‘rtasida "TREND" bo‘lib qoldi. 

Yoki boshqa bir holatni misol keltirsam: mehribonlik uyi tarbiyalanuvchi qizi turmushga chiqmasidan avval homilador bo‘lib qolsa, belgilangan muddatidan oldin uy-joy bilan ta’minlanadi. Va, albatta, u qonuniy ravishda “yolg‘iz ona” maqomini oladi. O‘z uy-joyiga ega bo‘lgach,  bu ayol ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamining bir bo‘lagi sifatida mahalla fuqarolar yig‘ini idorasining vasiyligiga o‘tadi. Qarabsizki, kun kelib, u “o‘z haq-huquqini juda yaxshi bilgan, kerakli idoralarga arzi-dod qilish”ga qodir, (kechirasiz) shallaqi bir ayolga aylanadi.

To‘g‘ri o‘z ori va nomusini asrab, halol rizq bilan farzandini yolg‘iz voyaga yetkazayotgan ayollar ham bor, ammo... Ular barmoq bilan sanagulik. Ular bu tanqiddan mustasno.

Mana, mahalla fuqarolar yig‘ini idorasi olib borayotgan ishlarning mingdan birini sizlarga ta’rif etdim. Albatta, bu gaplarim kimlargadir yoqar, kimlargadir, aksincha. Men kimgadir yoqish yo yoqmaslik uchun, kimlarningdir tushunishini istaganim uchun emas, arzi-dod qilishdan avval o‘z haq-huquqlaringizni o‘rganishdan tashqari, tegishli idoralarning vakolatlarini ham bilib oling, deb ushbu maqolani yozdim. Bu muammolar har bir mahalla idorasida bor, bo‘lgan va to jamiyatimiz, siyosatimiz, iqtisodiyotimiz o‘zaro mutanosiblik yo‘lini tanlamas ekan, bu muammolar hamisha bo‘laveradi. 

To‘g‘ri, mahalla idoralari, hokimiyat xodimlarining qing‘ir va noqonuniy ishlari ham talaygina muammolarni keltirib chiqarmoqda. Lekin shuni unutmangki, besh qo‘l (barmoq) baravar emas.

Ziyodaxon Irgasheva,
Toshkent shahar Shayxontohur tumani
Olim Xo‘jayev mahalla fuqarolar yig‘ini
yurist-maslahatchisi.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

725

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing