Zamon muammmosi. Soch ekilishi muammo tug‘dirmaydimi?

Salomatlik

image

Hozirda soch ekish — eng talabgir va qimmat xizmat turi hisoblanadi. Avvallari soch to‘kilishi, asosan, qirq yoshdan keyin kuzatilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu hodisa yosh tanlamay qo‘ydi. Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tekshirish markazi dermatovenerolog-trixologi Hojiakbar Nurmatov bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda soch ekish amaliyotiga oid tavsiyalar haqida tanishamiz. 

“Yurtimizga ilk bor soch o‘tkazish operatsiyasi 2014 yilda amalga oshirilgan. Bizda soch o‘tkazish sohasida eng kuchli mutaxassislar bor. Bu shifokorlar Gruziyaning Tbilisi shahridagi “Soch maktabi”da ta’lim olib qaytgan. Soch ekish amaliyoti endi rivojlanib, kurtak ochayotgan vaqtda ayrimlar amaliyotga salbiy munosabatda bo‘lgan, ayrimlar esa ishonmagan. Hozirda mijozlarning soni asta-sekin ortib,  yaxshi natijalarga erishilgach,  ushbu muolajaga bo‘lgan munosabat o‘zgardi. Soch ekish jarayoni ikki xil bo‘ladi: jarrohlik va FUE usuli. Jarrohlik usulida  soch teri bilan kesib olinib, graftlar bitta-bitta soch ildizlariga ajratiladi va alohida joylashtiriladi. Soch olingan joy tikiladi.  Natijada chandiq izlari qoladi. Bu sochlar 5-10 yilgacha turadi. 

Yillar o‘tgandan keyin bu soha ham rivojlanib soch ekishning FUE usuli qo‘llanila boshlandi. FUE — bu choksiz transplantantlarni olish va kiritishning mikrojarrohlik usuli. 1-4 tukdan iborat soch follikullari bemorning ensa sohasidan yoki tananing boshqa qismlaridan  olinadi. Jarrohlik og‘riqsiz o‘tadi”.

Mutaxassis fikricha, FUE usulining o‘zi uch  bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda maxsus mikrojarrohlik asbobi bilan soch follikullarini qazib olish, chiqarish va ishlov berish jarayoni amalga oshiriladi. Ikkinchi bosqichda soch ko‘chirilayotgan soha maxsus asbob bilan teshiladi. Uchinchi bosqichda yaratilgan kanallarga transplantantlar donalab kiritiladi.

“Soch ekish amaliyotini o‘tkazgan bemor boshlang‘ich 7-10 kun davomida jismoniy va asabiy zo‘riqishdan tiyilishi kerak. Sport zallariga chiqish ta’qiqlanadi. Ortiqcha kimyoviy moddalar qo‘shilmagan bolalar shampunida yuvish tavsiya etiladi. Oradan bir oy o‘tgach, istagan shampundan foydalansa bo‘ladi”, deydi mutaxassis.

Shifokor aytishicha, murojaat qilgan mijozlarning donorlik qismida ham soch siyrak bo‘lsa, soqol va ko‘krak qafasi sohasidan tuk olib o‘tkaziladi. Bemorning eng yaqin insonlari ham donor bo‘lolmaydi. Chunki soch boshqaning organizmida rivojlana olmaydi. Ayni paytda Italiyadan “Biofibre”  deb nomlangan soch ekish apparati olib kelingan. U ayollarning  soch bilan bog‘liq muammolarini yechadi. 

“Biofibre” vositaning yaxshi tomoni shundaki, sun’iy sochlarni ham muvaffaqiyatli ekadi. Bu sochlar to‘kilib ketmaydi va unga istalgan ishlovni bersa bo‘ladi”, dedi mutaxassis shifokor fikri davomida.

Dinara Yusupova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

138

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing