“Yuventus” gegemonligini tugatgan “Inter”ning transfer rejalari oshkor bo‘ldi

Sport

image

A Seriyada “Yuventus”ning  uzoq yillik gegemonligiga o‘tgan mavsum chek qo‘ygan Milanning “Inter” klubi bundan buyog‘iga ham to‘xtab qolmoqchi emas, reja qilinayotgan transfer maqsadlari ham buni  isbotlab turibdi.

“Inter” qishki transfer oynasida o‘z safiga  “Atalanta” yarim himoyachisi Robin Gosensni qo‘shib oldi. Shubhasiz, qishning eng ajoyib xaridlaridan biri bo‘ldi. Gosens “Atalanta” ko‘rsatayotgan yoqimli futbolning asosiy o‘zaklaridan biri edi. Shuning uchun “Inter” Robinga 25 million yevroni tortinmasdan to‘ladi.

“Neradzurrilar” yozda ham bir qator jiddiy transferlarni amalga oshirish ustida ishlarni boshlagan. Fabritsio Romanoga ko‘ra, “Inter”ning asosiy transfer maqsadi “Torino” himoyachisi Gleyson Bremer hisoblanadi. “Torino” safiga 2017 yil “Atletiko Mineiro”dan kelib qo‘shilgan braziliyalik himoyachi shu kungacha, Turin klubida 84 ta uchrashuvda maydonga tushib, 10 ta gol urishga erishgan. Shuningdek, milanliklar short-listida “Sassuolo” futbolchilari Janluka Skamakka va Davide Frattezi ham bor.

Qolaversa, milanliklar Ivan Perishich va Samir Handanovich bilan yangi shartnoma imzolash to‘g‘risida muzokara o‘tkazmoqda. Marselo Brozovich bilan esa yangi bitim imzolash borasida kelishib olingan.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi A Seria g‘olibi “Inter” 2021-2022 yilgi mavsumda ham 53 ochko jamg‘argan holda, Italiya chempionatida yetakchilik qilmoqda.

 

Ma’ruf Abdumalikov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

14

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing