Yurish uchun pul to‘laydigan dasturning masofani haqiqatda bosib o‘tganini tasdiqlovchi mexanizmi tekshiriladi
Jamiyat
−
09 noyabr 2021
7815O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6099-son Farmoni ijrosini ta’minlash hamda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosini ta’minlash, shuningdek, aholining keng qatlamlarini jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish maqsadida:
1. Quyidagilar:
• O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6099-son Farmoniga muvofiq respublikada aholi o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda – yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, “Workout” (mahalla va ko‘cha fitnesi) sportning ustuvor turlari (keyingi o‘rinlarda – sportning ustuvor turlari) etib belgilanganligi;
• O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 25 dekabrdagi O‘RQ–657-son Qonuni bilan tasdiqlangan 2021 yil uchun respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlariga asosan Turizm va sport vazirligiga sportning ustuvor turlarini ommaviylashtirish va rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun 104 milliard so‘m ajratilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2021–2022 yillarda yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi (keyingi o‘rinlarda – dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
• sportning ustuvor turlarini boshqarish tizimini takomillashtirish;
• aholi o‘rtasida sportning ustuvor turlari ommaviyligini oshirish, iqtidorli yoshlarni saralash (seleksiya);
• sportning ustuvor turlari bilan shug‘ullanish uchun shart-sharoitlar yaratish, ularni ommalashtirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy sport anjomlari bilan ta’minlash;
• hududlarda sportning ustuvor turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirishga qaratilgan sport tadbirlarini tashkil etish;
• sog‘lom turmush tarzining eng muhim tarkibiy qismi sifatida jismoniy tarbiya va sportni targ‘ib qilish hamda bu jarayonda yuqori darajali axborotlashtirishni va multimedia mahsulotlaridan foydalanishni ta’minlash.
3. Quyidagi sport musobaqalari har yili o‘tkazilsin:
• yurish va yugurish bo‘yicha – “Tashkent Marathon”, “Samarkand Half Marathon” va “Zaamin Ultra” xalqaro marafonlari, “Sky Camp Bostanliq” triatlon va yoga marafonlari, “Barcha rekordlar bizniki!”
• (5 va 10 ming qadamga), turli masofalarga yugurish bo‘yicha “Yangi rekordlar sari!”;
• mini-futbol bo‘yicha – “Yangi O‘zbekiston yoshlarimiz”, “Sog‘lom oila – Yangi O‘zbekiston tayanchi” (oilaviy jamoalar o‘rtasida) “Rahbar kubogi” (davlat organlari va tashkilotlari xodimlari o‘rtasida);
• badminton bo‘yicha – “Bahor malikalari”, “Badminton ligasi” (umumiy o‘rta va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida), “Rahbar kubogi” (davlat va nodavlat tashkilotlarining xodimlari o‘rtasida) va “Imkoniyatingizdan ko‘prog‘ini bajaring!” (aholining keng qatlamlari o‘rtasida);
• stritbol va “Workout” bo‘yicha – “Rekorddan – yangi rekordga!” va “Giyohvand moddalarga qarshi!” (ta’lim muassasalari o‘quvchi va talabalari o‘rtasida), “Muhimi g‘alaba qozonish emas, balki qatnashish!” (mahalla jamoalari o‘rtasida), “Qishlog‘ing uchun g‘alaba qozon!” (qishloq jamoalari o‘rtasida), “Sog‘lom tanda – sog‘lom fikr!” (davlat va nodavlat tashkilotlarining xodimlari o‘rtasida).
Turizm va sport vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda tegishli sport federatsiya (assotsiatsiya)lari bilan birgalikda yuqoridagi sport musobaqalarini tizimli ravishda tashkillashtirib borsin, ularga aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, yoshlarni keng jalb qilsin.
4. 2022 yil 1 yanvardan boshlab sportning ustuvor turlari bo‘yicha hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralashning (seleksiya) 3 bosqichli tizimi joriy etilsin:
• birinchi bosqichda – sportchilar o‘rtasida tuman (shahar) musobaqalari (tuman/shahar hokimi kubogi);
• ikkinchi bosqichda – tuman (shahar) musobaqalari g‘oliblari o‘rtasida viloyat musobaqalari (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari kubogi);
• uchinchi bosqichda – viloyat musobaqalari g‘oliblari o‘rtasida respublika musobaqalari.
Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, O‘zbekiston badminton federatsiyasi, O‘zbekiston basketbol federatsiyasi rahbarlariga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya)ning 3 bosqichli tizimini tegishli hududlarda to‘liq joriy qilish va musobaqalar natijalari asosida sport-ta’lim muassasalarini iqtidorli sportchilar bilan to‘ldirib borish yuzasidan shaxsan mas’ul etib belgilansin.
5. Belgilansinki, mazkur qaror bilan belgilangan sport musobaqalarini o‘tkazish, g‘olib va sovrindorlarni rag‘batlantirish bilan bog‘liq har yilgi xarajatlar Davlat byudjeti parametrlarida Turizm va sport vazirligi uchun ko‘zda tutib boriladigan mablag‘lar hisobidan qoplanadi. Bunda:
a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
• har yili sportning ustuvor turlari bo‘yicha musobaqalarning muntazam ravishda o‘tkazib borilishida aholining barcha qatlamlari xohishlariga qarab ularning faol ishtirokini ta’minlash choralarini ko‘rsin;
• sportning ustuvor turlari bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazish, g‘oliblar va sovrindorlarni rag‘batlantirish bilan bog‘liq xarajatlarni nazarda tutsin;
b) Turizm va sport vazirligi:
• har yili mart oyi yakuniga qadar hududlar kesimida sportning ustuvor turlari bo‘yicha musobaqalarni o‘tkazish vaqti, joyi va manzillari, trenerlar, hakamlar va boshqa batafsil ma’lumotlarni www.jtdss.uz platformasida joylashtirib borsin va ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib etilishini ta’minlasin;
• har yil yakuni bilan sportning ustuvor turlari bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan fuqarolarning eng yuqori natijalari va rekord o‘rnatganlar to‘g‘risidagi tahliliy ma’lumotlarni platformada joylashtirib borish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin.
6. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi orqali amalga oshiriladigan to‘lovlarni 2022 yil uchun Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini hamda 2022 yil 1 yanvardan boshlab Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ularni to‘liq hajmda to‘lab berilishini ta’minlasin.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda aholi o‘rtasida yurish va yugurishga qiziqish tobora ortib borilayotganligini, sog‘lom turmush tarzini olib borish fuqarolarning kundalik hayotiga faol aylanayotganligini inobatga olib, 2022 yil 1 yanvarga qadar “Sog‘lom turmush tarzi” platformasini takomillashtirsin, shu jumladan, axborot dasturida fuqarolar tomonidan belgilangan masofani haqiqatda bosib o‘tganligini tasdiqlovchi mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqsin.
7. 2021–2025 yillarda hududlarda badminton, stritbol va “Workout” sport turlari uchun 1 164 ta sport maydonchalarini tashkil etish parametrlari (keyingi o‘rinlarda – parametrlar) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda:
a) Turizm va sport vazirligi Qurilish vazirligi, O‘zbekiston badminton federatsiyasi, O‘zbekiston basketbol federatsiyasi bilan birgalikda:
• ikki oy muddatda sport maydonchalariga qo‘yiladigan talablar asosida hamda hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishi va xohish-istaklari, aholi soni va infratuzilmani inobatga olgan holda, sport maydonchalarining namunaviy loyihalarini (keyingi o‘rinlarda – namunaviy loyiha) ishlab chiqsin;
• sport maydonchalarining aholi yashash joylariga qulay va xalqaro talablarga mos ravishda tashkil etilishi, sport maydonchalari qoplamasi tartan-sintetik qoplamadan bo‘lishi, aholi barcha qatlamlarining yoshi va qiziqishlariga mos bo‘lishiga e’tibor qaratsin;
b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
• sport maydonchalarini foydalanish xususiyatini yo‘qotmagan holda va tegishli joylashuviga ko‘ra mahalla fuqarolar yig‘ini yoki uy-joy mulkdorlari shirkatlariga tekin foydalanish huquqi asosida bersin;
• Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda sport maydonchalaridan aholining samarali foydalanishini tashkil etish, o‘rnatilgan uskunalarni saqlash va ta’mirlash bilan bog‘liq xarajatlarni nazarda tutsin;
• bir oy muddatda tumanlar va shaharlar bo‘yicha namunaviy loyiha asosida har bir mahallada badminton, stritbol va “Workout” sport maydonchalarini tashkil etishni nazarda tutuvchi 2021–2025 yillarda amalga oshirilishi mo‘ljallangan hududiy manzilli dasturlarni tasdiqlash hamda ushbu ishlarni davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etishga tashabbuskor mahalliy tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb etish choralarini ko‘rsin.
8. Belgilansinki, Davlat byudjetidan 2021 yildan boshlab dastur va parametrlar to‘liq bajarilgunga qadar har yili 104 milliard so‘mdan mablag‘lar ajratiladi.
Moliya vazirligi mazkur qarorga asosan joriy yilda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni va kelgusi yillarda amalga oshirilishi belgilangan vazifalar uchun zarur mablag‘larni Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutishni ta’minlasin.
9. Turizm va sport vazirligining “Sport ob’ektlari infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha injiniring kompaniyasi” DUK Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan sport maydonchalarini qurish va jihozlash bo‘yicha buyurtmachi etib belgilansin.
Bunda bosh loyiha va bosh pudrat tashkilotlari belgilangan tartibda tanlov (tender) savdolari orqali aniqlanadi.
10. Sportning ustuvor turlari bo‘yicha sport maydonchalarini tashkil etish va jihozlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha chetdan olib kiriladigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan maxsus sport anjomlari va jihozlari, inventar, qurilish materiallari va moddiy-texnika resurslari 2024 yil 1 sentyabrga qadar bojxona bojidan ozod etilsin.
11. Mazkur qarorning ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:
Bosh vazir o‘rinbosari A.A. Abduhakimov – mazkur qaror ijrosini sifatli, to‘liq va o‘z vaqtida ta’minlasin, belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil qilsin hamda muvofiqlashtirsin, har oyda ular rahbarlarining bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini qabul qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etsin;
Turizm va sport vazirligi – dasturni ijro etish yuzasidan barcha zarur choralar ko‘rilishini ta’minlasin, mazkur qarorda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishda mas’ul tashkilotlarga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatsin hamda uning ijrosi bo‘yicha har oyda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari – sport maydonchalarini tashkil etish parametrlarini o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq bajarishni ta’minlash yuzasidan barcha choralarni ko‘rsinlar;
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K. Ko‘chimov hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi A.D. Xadjayev – mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid brifinglar, tematik teleko‘rsatuvlar tashkil etsinlar.
12. Turizm va sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib turizm va sport vazirining tegishli o‘rinbosarlari, sport federatsiya (assotsiatsiya)lari rahbarlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduxakimov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har yili 1 yanvargacha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2021 yil 5 noyabr
LiveBarchasi