Yumshoq kuchlar. Xitoyga kimlar rafiqasi bilan bordi?

Bu qiziq

Jahon siyosatida, dunyo boshqaruvida yumshoq kuchlarning o‘rni beqiyos. Xalqaro tadbirlar, aytaylik, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining sammitlarida davlat va hukumat rahbarlarining rafiqalari bilan ishtirok etishlari an’ana tusiga kirgan. Ammo bu hamma davlatlar rahbarlari bilan ham kuzatilmaydigan holat. Masalan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon turmush o‘rtog‘i bilan ko‘rinish bermaydi. 

Picture background

Tarixdan ma’lumki, davlat rahbarlari siyosat, iqtisod, xalqaro maydondagi hodisalarni muhokama qilayotgan bir vaqtda, yumshoq kuch sanalmish birinchi xonimlar madaniyat va san’at namunalari, ikki xalqni bog‘lovchi vositalar, ta’lim, sog‘liqni saqlash, urf-odatlarni bir-birlari bilan o‘rtoqlashadilar. Ayni vaqtda Xitoyning Tyanszin shahrida o‘tayotgan SHHT sammiti ham bundan mustasno emas. Biroq unga sanoqli davlat rahbarlarigina rafiqalarini olib bordi. 

Picture background

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi, “Zamin” xalqaro fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroatxon Mirziyoyevani ham o‘zi bilan Xitoyga olib bordi. Va bu birinchi xonim Mirziyoyevaning ilk bor Xitoyga borishi emas. Ziroatxon Mirziyoyeva bundan avvalgi tashriflarda ham turmush o‘rtog‘iga hamrohlik qilgan. 

Picture background

Go‘zalligi bilan tillarga tushgan Ozarbayjon birinchi xonimi, mamlakat birinchi vitse-prezidenti Mehribon Aliyeva ham ayni vaqtda turmush o‘rtog‘i Ilhom Aliyevga Xitoy safarida hamrohlik qilmoqda. Odatda qora rangdagi liboslarda ko‘rinish beradigan Aliyeva bu safar do‘stlik, poklik va tinchlik ramzi bo‘lgan oq ko‘ylakda birinchi xonimlar qatoridan joy oldi. 

Turkiya birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘anni esa davlat tashriflari va xalqaro sammitlarda turmush o‘rtog‘i– Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning oldida ko‘rmaslik mumkin emas. U doim Erdo‘g‘anga hamroh va Ozarbayjon birinchi xonimi Mehribon Aliyeva hamda O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva bilan ham iliq munosabatlarga ega. U Xitoyda ko‘zni qamashtiruvchi, tarixiy saroy xonimlariga xos qizil ko‘ylagi bilan e’tibor qozonmoqda. 

undefined

Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux ham SHHTning joriy sammitida ishtirok etish uchun Xitoyga raqifasi L.Bolorsetseg bilan bordi. 

Odatda ko‘ra, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi, YeOII sammitlari, umuman, Rossiya bosh bo‘ladigan tadbirlarga turmush o‘rtog‘ini olib bormaydigan Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Xitoyga turmush o‘rtog‘i, jurnalist Anna Akopyanni yetakladi. Xitoydagi uchrashuv esa Anna Akopyan Turkiya birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘an va Ozarbayjon birinchi xonimi Mehribon Aliyeva tomonidan eski ginalarni unutgan holda, iliq qarshilangani bilan yodda qoldi. 

Picture background

2022 yildan buyon Malayziyani boshqarib kelayotgan Bosh vazir Anvar Ibrohim ham sammitga rafiqasi Van Aziza Van Ismoil bilan keldi. Gap shundaki, Van Aziza nafaqat mamlakat Bosh vazirining rafiqasi, balki siyosatchi, “Milliy adolat” partiyasi prezidenti sanaladi. 

Picture background

Nepal Bosh vaziri Kxadga Prasad Sharma Olining rafiqasi Radhika Shakya ham turmush o‘rtog‘iga Xitoy safarida hamrohlik qilmoqda. Radhika Shakya haqida ma’lumotlar juda kam. Internet nashrlar u oxirgi bor 2025 yilning avgust oyida turmush o‘rtog‘ining Turkmanistonga tashrifida hamrohlik qilganini yozgan. 

2018 yildan buyon Misr Bosh vaziri lavozimini egallab kelayotgan Mustafo Madbulining rafiqasi Imon Saloh Hasaballoh ham jamoat ishlarida faol. U Xitoy safarida ham turmush o‘rtog‘ini yolg‘iz qoldirmayapti. 

Barcha davlatlar rahbarlarining rafiqalariga Xitoy birinchi xonimi, qo‘shiqchi va aktrisa, 63 yashar Pen Liyuan mezbonlik qildi. 

Odatda xalqaro tashriflarga turmush o‘rtog‘i bilan boradigan Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov ham bu safar raqifasi Oygul Japarovani Xitoyga olib kelmadi. To‘qayev va Berdimuhamedov esa hech qachon rafiqalarini xalqaro safarlarga olib bormaydi, bu gal ham an’ana buzilmadi. 

Xitoyga borgan birinchi xonimlar qanday madaniy tadbirlarda ishtirok etayotgani, ular o‘rtasida rasmiy va norasmiy uchrashuvlar o‘tkazilgan yo yo‘qligi haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Faqat ular SHHT davlat va hukumat rahbarlari tashrifi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali qabul marosimida ishtirok etib, bir dasturxon atrofidan o‘rin oldilar, xolos. 

Qolaversa, O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva, Turkiya birinchi xonimi Emina Erdo‘g‘an va Ozarbayjon birinchi xonimi Mehribon Aliyeva o‘rtasida ham an’anaga aylangan samimiy uchrashuvlar hali o‘tkazilmagan. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing