Yo‘ldoshev saylovdagi qonun buzilishi holatlari haqida ma’lumot berdi
Jamiyat
−
25 Oktabr 2021
6683Saylov jarayonida qonun buzilishi holatlari haqida prokuratura organlariga 12 ta murojaat kelib tushgan. Bu haqda bugun, 25 oktyabr kuni O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev ma’lum qildi.
“Kuni kecha o‘tkazilgan matbuot anjumanidan so‘ng, saylov ishtirokchilaridan qonun buzulishi holatlari mavjudligini tekshirish uchun jami 12 ta murojaat kelib tushdi. Ularning 5 tasi Toshkent shahri, 3 tasi Qashqadaryo viloyati va 1 tadan Namangan, Farg‘ona, Xorazm va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi”, deydi bosh prokuror.
Aniqlanishicha, ushbu murojaatlarning bittasini Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi taqdim etgan. Bittasi bevosita internet tarmog‘idagi monitoring natijasida aniqlangan. Qolgan 10 tasini fuqarolarning prokuratura organlaridagi 1007 ishonch telefoniga qilingan murojaatlari tashkil etgan.
Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, Yunusobod tumanidagi 519-sonli saylov uchastkasida fuqaro 3 nafar oila a’zolari uchun ham ovoz berishga harakat qilgan. Bu harakat uchastka saylov komissiyasi tomindian zudlik bilan to‘xtatilib, ortiqcha byulleten saylov qutisiga tashlanishiga yo‘l qo‘yilmagan va bu haqda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Ta’kidlanishicha, fuqarolar tomonidan Bosh prokuraturaning 1007 ishonch telefoniga kelib tushgan 10 ta murojaati esa, asosan saylovga taklifnoma berilmaganligi, ko‘chma saylov qutisi kechikayotgani, ismi sharifi boshqa saylov uchastkasida qayd etilgani kabi texnik masalalarga doir bo‘lib, tezkor tarzda ko‘rib chiqilgan va to‘liq bartaraf etilgan.
“Fuqarolarimizning saylovda ishtirok etolmay qolishdan xavotirga tushib, murojaat etgani ham, ularning ushbu siyosiy jarayonga befarq emasligidan dalolat beradi. Shu o‘rinda, ushbu fuqarolarimizga faolligi uchun minnatdorchilik bildiramiz”, deydi Nig‘matilla Yo‘ldoshev.
O‘rganishlarga qaraganda, saylov jarayonida jiddiy qonun buzilish holatlari aniqlanmagan.
LiveBarchasi