Yo‘l harakati xavfsizligining vazifasi jarimakashlikmi?

Tahlil

Avvalroq 2022 yilning 1 dekabridan boshlab Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan “Chinor” yo‘l-patrul xizmati (Qamchiq dovoni) statsionar postida “Yashil” va “Qizil” yo‘lak tamoyili joriy etilgani haqida xabar bergan edik.

QALAMPIR.UZ jamoasi ushbu postda bo‘lib, “Yashil” va “Qizil” yo‘lak tamoyilining ishlash jarayoni bilan tanishdi. 

Kuzatuvlarimizga ko‘ra, bu postda haydovchilarning qarzdorligini undirish, qoidani buzganlardan pul “shilishning” barcha “imkoniyatlari” yaratilgan.

Bunda statsionar postdan 700 metr oldin transport vositalarining davlat raqam belgisini qayd etuvchi va maxsus diodli ekran joylashtirilgan bo‘lib, haydovchilar ekranda qayd etilgan ma’lumotga asosan “Yashil” yoki “Qizil” yo‘lak orqali harakatlanishi haqida axborot oladi. Ana shunda qarzdorligi bor avtomashina “qo‘lga tushadi” va belgilangan joyga kelib to‘xtaydi. 

Shundan so‘ng ma’muriy amaliyot xonasiga keladi. Agar uning qarzdorligi mavjud bo‘lsa, uni to‘laydi. Aniqlangan kamchilik bartaraf etilganidan so‘nggina qizil yo‘lak oxiridagi kameralar davlat raqam belgilarini qayd etadi va kamchiliklar yo‘qligi tasdiqlangach shlakbaumlar avtomatik tarzda ko‘tarilib, avtomobilning harakatini davom ettirishiga ruhsat beriladi.

Biroq tasavvur qiling, haydovchining yonida qarzdorligini to‘lash uchun mablag‘i yo‘q. Bunday vaziyatda haydovchi nima qilishi kerak?

IIV Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Olim Saidovning ma’lum qilishicha, shunga o‘xshash holatlarda haydovchiga yetarli darajada sharoit yaratiladi. Saidov aytayotgan “sharoit” esa mana bunday: “qarindosh-urug‘iga qo‘ng‘iroq qilish, kimdandir iltimos qilib pul topishi uchun kutish va to‘lovni onlayn amalga oshirish”dan iborat.

“Fuqaroga qarindosh-urug‘i yoki boshqalarga xabar berish va onlayn to‘lovlarni amalga oshirishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Ya’ni naqd pul yonida bo‘lmagan taqdirda ham onlayn ravishda to‘lovlarni amalga oshirish uchun barcha sharoit yaratilgan”, deydi YHXX boshlig‘i.

Shuningdek, u jurnalistning “demak, har qanaqa sharoitda ham qarzdorligini to‘lashi shartmi”, degan savoliga “Albatta, agar to‘lamasa, avtomashinasi jarima maydoniga qo‘yiladi”, deya javob qaytardi.

Xo‘sh, bu tizimdan haydovchilarning o‘zi qay darajada rozi? Ayni shu savol bilan qarzdorligini to‘lash uchun Ma’muriy amaliyot xonasiga kelgan fuqarolarga mikrofon tutdik.

Haydovchilardan biri qarzdorlikni “Chinor” YPXda to‘lash yaxshi yo‘lga qo‘yilganini aytgan bo‘lsa, bir nechta haydovchi “qizil” va “yashil” yo‘lakning noqulayliklarini sanab o‘tdi.

“Biz jarimamiz borligini bilmagandik. Lekin bor ekan, mana to‘lab chiqib ketyapmiz. Yaxshiyamki, plastik kartamda pulim bor ekan. Bo‘lmasa nima qilardim bilmayman. Puli yo‘qlar ko‘chada qolib ketmasmikan?” dedi haydovchilardan biri.

Boshqa bir haydovchi esa bu tamoyil avtomashinadagi yo‘lovchilar uchun katta qiyinchilik tug‘dirishini aytib o‘tdi.

“Rostdan ham mana, pulim yetmayapti. Qarzdorligim 1 mln 800 ming so‘m ekan. Yonimda 1 mln 200 ming pulim bor edi. Mashinamda nabiralarim, oilam bor. Agar birovdan pul topolmasam, yosh bolalar bilan ko‘chada qolamiz, sovuqda”, dedi otaxon.

“Davlat yo‘l harakati xavfsizligining asosiy maqsadi nomidan ma’lumki, jarima undirish, jazolash emas, harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining profilaktikasini amalga oshirishdan iborat. Ammo ushbu davlat organining vazifasi bugungi kunda aynan jarimalarni undirish va jazolash bo‘lib qolayotgandek go‘yo. Modomiki shunday ekan, balki uning nomini o‘zgartirish kerakdir” – “Yo‘l harakati jarimalarini undirish xizmati”.

O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, IIV Jamoat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Bekmurod Abdullayev jarimalarni undirish, haydovchilarni jarimaga tortish bu muammoning yechimi emasligini tan olar ekan, Ichki ishlar vazirligi va YHXXning boshqa ishlarini ham sanab o‘tdi.

“To‘g‘ri, jarimalar bilan yo‘l harakati xavfsizligini to‘liq ta’minlab bo‘lmaydi. Lekin jarimalarni undirish yo‘l harakati xavfsizligiga umuman ta’sir qilmaydi, deyish ham noto‘g‘ri. Biz ko‘plab xorijiy mamlakatlar tajribasini o‘rganganimizda, aynan shu jarimalardan qo‘rqqan haydovchilar birinchi o‘rinda yo‘l harakati qoidalariga amal qilishini ko‘rdik. Shuningdek, faqat jarima undirishdan tashqari, profilaktik tadbirlar ham to‘laqonli ishga tushirilgan. Hozir bizda kvadrat tizimi joriy etilgan. Unga ko‘ra, har bir yo‘l harakati xavfsizligi xodimiga biriktirilgan maktab va hududlar mavjud. Biz farzandlarimiz bilan maktablarga borib yo‘l harakati qoidalariga amal qilish bo‘yicha darslar o‘tyapmiz, mahallalarga borib tadbirlar tashkil etyapmiz. Hatto qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilar bilan ham muhokamalar o‘tkazyapmiz.  Bularning barchasi profilaktikaga kiradi”, deydi vazir o‘rinbosari.

Xullas, endilikda haydovchilar qarzdorlikni vaqtida to‘lab yurishingizga to‘g‘ri keladi. Yoki Toshkentdan vodiyga, vodiydan Toshkentga otlanganda yonlarida har ehtimolga qarshi ko‘proq pul olib yurishi kerak. Undan ham yaxshi variant esa, qoidalarni buzmaslik, ularga to‘liq amal qilishdir. Ana shunda jarima to‘lashga ham, “jarimakash” postda to‘xtab o‘tishga ham hojat qolmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

158

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing