YTHda bosh sohasi lat yegan 5 yoshli bolakayning ahvoli haqida ma’lumot berildi

Jamiyat

image

Kecha, 8 mart kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanida avtobus ikki nafar piyodani urib yuborgani, oqibatda 70 yoshli ayol vafot etgan, 5 yashar bolakay tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib ketilgani haqida xabar bergan edik. Og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan R.Ya.ning hayoti murakkab operatsiyadan so‘ng saqlab qolindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lum bo‘lishicha, hodisa soat taxminan 11:30 da yuz bergan. 1996 yilda tug‘ilgan haydovchi S.M. MAN rusumli avtobusni boshqarib ketayotib, piyodalar o‘tish joyida ikki kishini urib yuborgan. Oqibatda 1952 yilda tug‘ilgan R.Z. tan jarohatlari sabab vafot etgan. 2017 yilda tug‘ilgan R.Ya. esa Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib kelingan.

Shundan so‘ng, bemor zudlik bilan bosh miya, bo‘yin, ko‘krak va bel umurtqa pog‘onasi, ko‘krak qafasi, qorin bo‘shlig‘i a’zolari MSKT hamda qorin bo‘shlig‘i va ko‘krak qafasi a’zolari ultratovush tekshiruvlaridan o‘tkazilgan. 

Unga avtotravma, qo‘shma jarohat, bosh miya yopiq jarohati va chayqalishi, qorin bo‘shlig‘ining yopiq jarohati, qora taloq yorilishi, ko‘krak qafasi yopiq jarohati, o‘ng o‘pkaning lat yeyishi, bosh ensa sohasining ezilib yirtilishi kabi dastlabki tashxis qo‘yilgan. Tibbiy ko‘rsatma va standartlarga muvofiq bemorda zudlik bilan bir necha turdagi murakkab jarrohlik amaliyotlari bajarilgan. 

“Shifokorlarning sa’y-harakatlari natijasida operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ko‘rilgan tezkor davo choralari sababli ayni paytda bemorning umumiy ahvoli yaxshilanib, unda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

81

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing