YPX inspektorini mashinasida sudragan haydovchiga nisbatan jinoyat ishi ochildi
Jamiyat
−
02 aprel 2020
7358Jizzax viloyatida karantin bilan bog‘liq qoidalarni buzib, IIB xodimiga qarshilik qilgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Kecha, 1 aprel kuni fuqaro S.U. (1988 .t., sudlangan, ishsiz) Lacetti rusumli avtomashinasini karantinli sharoitda ruxsat beruvchi maxsus ruxsatnomasiz (stiker) boshqarib, “Samarqand-Toshkent” yo‘nalishining G‘allaorol tumani hududiga yetganda shu yerdagi yo‘l-patrul xizmati maskani xizmat vaziflarini bajarayotgan Milliy gvardiya va sanitariya epidemiologiya xodimlari tomonidan to‘xtatilgan.
Ayni jarayonda Jizzax viloyati IIB YHXB YPX inspektori S.U.dan tegishli hujjatlarni so‘raganda, u inspektorning qonuniy talablarini bajarishdan bosh tortib, uning ko‘krak qismiga zarb bilan urib, qochish maqsadida avtoulovini Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan vaqtda, mashinaning chap tomon old eshigiga osilib qolgan YPX inspektorini 600 m. masofagacha sudrab ketgan.
Holat yuzasidan shu kunning o‘zida G‘allaorol tumani prokuraturasi tomonidan JKning 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Haydovchi S.U. protsessual tartibda ushlangan.
LiveBarchasi